5 iyun kuni Tokioda Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekiston tashqi ishlar vazirlari yig’ilib, terrorga qarshi kurash hamda energetika sohasida yangi kelishuvlarni muhokama qildilar.
Markaziy Osiyo va Yaponiya nomi ostida o`tgan muloqotda mintaqa davlatlarining hamkorligini belgilovchi “Harakat Dasturi” qabul qilingan.
Tokiodagi uchrashuvdan avval, Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Taro Aso mintaqa davlatlarining ochiq tarzda hamkorlik o’tkazishlari uchun Yaponiya turtki berishga tayyorligi haqida bayonot qilgan edi.
Yaponiyaning O`zbekistondagi elchixonasi vakili janob Miyagavaga ko`ra, “Harakat dasturi” siyosiy muloqot, terrorizmga va giyoyohvandlikka qarshi kurash, iqtisodiy hamkorlik, chegaralarni minalardan tozalsh, qashshoqlikka qarshi kurash, sog`liqni saqlash, atrof-muhit muhofazasi, energetika zahiralari bo`yicha hamkorlik va boshqa sohalarni nazarda tutadi.
Uchrashuvda asosiy masalalar, Yaponiya tomonidan taklif etilayotgan Markaziy Osiyo energetika zahiralarini Afg`oniston orqali Hind okeaniga chiqarish loyihasi.
Yaponiya matbuoti, hukumatning mintaqa hamkorligiga yo`naltirilgan “Harakat dasturi”ni, Rossiya va Xitoyning Markaziy Osiyodagi manfaatlariga qarshi deya ta’riflamoqda.
Jumladan Yaponiya Tashqi ishlar vazirining, “biz Markaziy Osyo mintaqasini yana boshqa bir kuchli davlatlar ta`siriga tushib qolishiga yo`l berolmaymiz”, degan fikrlari keltirib o`tiladi.
Yaponiyaning O`zbekistondagi elchixonasi vakiliga ko`ra, Yaponiyani mintaqada geosiyosiy ustunlikka intilayapti deb ko`rish noto`gridir. Yaponiya tomonidan amalga oshirilayotgan harakatlar faqat iqtisodiy hamkorlikni nazarda tutadi.
Elchixonadan olingan ma'lumotga ko`ra, hozircha Yaponiya tomoni qiziqish bildirayotgan va Afg`oniston orqali transport yo`lini barpo etish loyihalari haqida gapirishga erta.
Tokioda o`tgan muloqotda Afg`oniston tashqi ishlar vaziri kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi.
Kuzatuvchilarga ko`ra, geosiyosiy manfaatlar asosan bir mintaqadagi energetika zahiralari uchun kurashni nazarda tutmoqda.
Siyosatshunos Farxod Tolipov Yaponiyaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategiyasini ifoda etuvchi “6+1” loyihasi hammaga ayonligini aytadi.
Unga ko`ra, agar Yaponiya mintaqadagi hamkorlikka iqtisodiy rivojlanishga Afg`oniston orqali quvurlar yotqizish bilan hissa qo`shsa, buning uchun Markaziy Osiyo davlatlari barcha sharoitlarni yaratib berishlari zarur.
Farxod Tolipov ayni paytda mintaqadagi geosiyosiy manfaatlarning kuchli qarama-qarshiligi yuzaga kelayotganini aytadi.
“Bir tomondan Xitoy, Rossiya manfaati, Shanxay Hamkorligi Tashkilotining kengayib borayotgani, Yevrosiyo Iqtisodiy Hamkorligi faoliyati bo’lsa, ikkinchi tomondan AQSh nazarda tutayotgan Katta Markaziy Osiyo loyihasi, qolaversa Yaponiya tomonidan boshlanayotgan harakatlar turibdi. Bularning hammasi kuchil davlatlar manfaatlarining tobora keskinlashayotganligidan dalolat”, - deydi siyosatshunos Farxod Tolipov.
Yaqin o`n yillikda Yaponiya tomonidan mintaqaga kiritilgan sarmoyalar miqdori 2,5 milliard dollarni tashkil etadi.
Kuzatuvchilarga ko`ra, Markaziy Osiyo mintaqasida geosiyosiy ustunlik uchun borayotgan kurash aniq mablag`lardan tashqari, mintaqaga qiziqish bildirayotgan kuchli davlatlarning murosasidan, mintaqa davlatlarining o`z milliy manfaatlarini qanchalik himoya eta olishlaridan iborat.