Shanxay Hamkorlik Tashkilotining (ShHT) 2007 yildagi sammiti Qirg’izistonda o’tadi. Bu haqda Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakyiev tashkilotning Shanxay shahrida o’tgan besh yillik yubiley yig’ilishida ma’lum qildi. Tashkilotga raislik qilish navbati Qirg’izistonga o’tdi.
“Qirg’iziston Shanxay Hamkorlik Tashkilotini mintaqa davlatlarini chegaralararo tahdidlar xavfsizlik masalalari bo’yicha birlashtirishda, shuningdek, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-ijtimoiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda samarador vositalarga ega ko’pqirrali tashkilot sifatida qabul qiladi”, – dedi Bakiyev.
“Amerika Ovozi” radiosi Qirg’iziston prezidenti qoshidagi xalqaro strategik tadqiqotlar instituti tahlilchisi, siyosatshunos Iqbol Mirsaitovga ShHT istiqboli va Qirg’izistonning bu tashkilot raisligi doirasida yuritajak faoliyati borasida savollar bilan murojaat qildi.
Iqbol Mirsaitov: Qirg’iziston ShHT raisligi davomida Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, xalqaro sahnada faollikka erishishi mumkin. Mamlakatimiz tashkilotga raislik qilarkan, Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi g’oyalarini olg’a surishi, mintaqa davlatlari o’rtasida mavjud raqobatchilik kayfiyati va sovuq munosabatlarning yaxshilanishiga xizmat qiladi, degan umid bor.
Shuningdek, terrorizmga qarshi kurash doirasida Bishkekda joylashgan “Gansi” aviabazasi bo’yicha ziddiyatlar kuchayishi mumkin. Menimcha, Qirg’iziston AQShdan baza uchun ijara haqqini oshirish bo’yicha qo’yayotgan talabi amerika harbiylarining Qirg’izistondan chiqib ketish vaqti kelganiga sha’ma, aslida.
“Amerika Ovozi”: Sizningcha, Qirg’iziston ham O’zbekiston kabi ShHT hamkorligi doirasida Amerika bilan aloqalarini birato’la uzishi mumkinmi?
Iqbol Mirsaitov: Bu haqda bashorat qilishga, menimcha, hali erta bo’lsa kerak. Chunki, Shanxayda o’tgan yig’ilish davomida imzolangan hujjatlar Qirg’izistonning AQSh bilan aloqalariga ta’sir qilmaydi. Qo’shma Shtatlar Qirg’izistonning diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi faoliyatini olqishlaydi. ShHT raislik qilar ekan, Qirg’iziston AQSh bilan munosabatlarda umuman boshqacha yo’nalishni tanlashi mumkin.
Sobiq prezident Asqar Akayev davrida ko’pqirrali munosabatlar haqida ko’p gapirilgan. U davrda Markaziy Osiyo davlatlari bilan, buyuk davlatlar bilan o’zgacha munosabatlar mavjud edi. Hozirgi hukumat, tashqi ishlar vazirligi tashqi siyosatda asosiy yo’nalishni tanlash bilan ovora bo’lmoqda. O’zingiz bilasiz, Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarimiz inqilobdan keyin sovuqlashib qoldi. Menimcha, eng avvalo qo’shnilar bilan iqtisodiy, ijtimoiy munosabatlarni yaxshilashimiz, Rossiya va Xitoy bilan munosabatlarga alohida e’tibor qaratish zarur. Bundan tashqari Qirg’izistonda musulmon mamlakatlari bilan ham hamkorlik aloqalari o’rnatish to’g’risida o’ylanadigan vaqt keldi. Chunki Qirg’izistonda aholining 80 foizi Islomga e’tiqod qiladi. Musulmon mamlakatlari bilan aloqalar esa doimiy, mustahkam va foydali bo’lishi kerak.