O’zbekiston shu yilning yanvar oyida Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati tashkilotiga qo’shilgan edi. Rossiya, Belarus, Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikistonni o’z ichiga olgan hamjamiyat, yagona umumiy chegaralar va bojxona ittifoqini nazarda tutadi.
Bugungi kunga qadar O’zbekiston Hamjamiyat doirasidagi 21 hujjatga qo’shilgan. Ammo mustaqillikka erishgandan so’ng abadiy do’stlik haqidagi shartnomalarga imzo chekkan Markaziy Osiyo davlatlari orasida haligacha viza va qat’iy bojxona rejimi davom etmoqda.
Hukumat mulozimlari, aholi intiqlik bilan kutayotgan ushbu o’zgarishlar shu yilning oxirigacha hal etilishi kutilayotganini ta’kidlashmoqda. Biroq ba’zi fuqarolar ushbu mo’ljal ham avvalgi yillari yuksak minbarlarda va yuqori darajadagi uchrashuvlarda berilgan va’dalar singari, amalda tadbiq etilmay qolishidan xavotirda.
“Mamlakatimizning qo’shni respublikalar bilan aloqalarini qoniqarli deb bilmayman. Ayniqsa chegaralar masalasida insonlarda norozilik kayfiyatini uyg’otmoqda. Menimcha, Markaziy Osiyo respublikalari bir qancha masalalar bo’yicha ma’lum bir kelishuvga kelisholmayaptilar, shekilli. Buning natijasida oddiy fuqarolar aziyat chekmoqda. Oddiy bir misol, Farg’ona vodiysining bu borada anklav darajasiga chiqib qolganligini keltirish mumkin. Deyarli O’zbekistonning 30 foiz aholisi istiqomat qiladigan vodiydan Toshkentga haftasiga sanoqli poyezdlar, bir-ikkitagina poyezd qatnashi oddiy fuqarolarda nihoyatda katta qiyinchilik tug’dirmoqda. Fuqarolar faqatgina dovon yo’lidan qatnashga majbur bo’lmoqda. U yerdan esa faqat yengil avtomobillarga ruxsat berilgan. Tojikiston bilan bu borada biron bir kelishuvga kelishish lozim bo’lsa kerak, deb o’ylayman. Chunki O’zbekiston mana shu poyezd yo’li uchun to’lanadigan to’lovlarni to’lashga qodir bo’lsa kerak. Chunki O’zbekiston har holda aytishlariga qaraganda, nihoyatda boy davlat, bunga qurbi yetadi deb o’ylayman”, - deydi G’ofurjon.
Toshkentlik Sunnatillaga ko’ra esa, Markaziy Osiyo davlatlari va xalqlarining hamkorligi qadimiylikda Misr bilan bellasha oladigan Turon zaminida ikki omilga suyanib rivojlangan. Birinchisi bozor bo’lsa, ikkinchi omil dushmanlarga qarshi birgalikda kurashish ekanini aytadi u.
“Bozorlarimizga to’rt tomondan qo’shnilar yopirilib kelib, mol ayirboshlashgan. Ming-bir hunar egasi bo’lgan ajdodlarimizning buyumlari qo’ldan-qo’lga o’tgan. Bozorlar-u maydonlarda shoir-u baxshilarning aytishuvlari bo’lgan. O’zbek dorbozlari tomosha ko’rsatsa, hojimuqomdek qozoq polvonlari bellashgan. Qirg’iz oqinlari, tojik, turkman hofizlari bahslashgan. Shu tariqa, Markaziy Osiyo xalqlarining madaniy hamkorligini rivojlantiradigan makon ham bozor bo’lgan. Ikkinchi omil: umumiy bozor yaratgan xalqlar tashqi bosqinchi dushmanlarga qarshi birgalikda kurashgan. Yovga birgalikda kurashgan qardosh, qondoshga aylangan xalqlar bir-birlariga qiz berib, qiz olishgan”, - deydi toshkentlik Sunnatilla.
Markaziy Osiyo mamlakatlari o’rtasidagi ayni paytdagi munosabatlarni qardoshlik aloqalari deb atab bo’lmaydi. Hozirgi kunda O’zbekiston bilan qo’shni davlatlar orasidagi munosabatlarning sovuqlashuvi Markaziy Osiyoda yashayotgan xalqlar uchun katta fojea ekaninini urg’ulaydi Turg’unboy Otayev.
“Nimaga fojea deb ataladigan bo’lsa, men yaxshi eslayman-ki o’sha Sovet ittifoqining eng yxshi bir, insonlarning xotirasida qoladigan narsa bo’lgan-ki, o’rtada ittifoqlik, ahillik, baynalminalchilik deyilardi millatlar o’rtasida. Men yaxshi eslayman, qo’shni Qirg’izistondagi O’sh viloyatlariga, Qozoqistonning Chimkent viloyatlariga shunday borib kelardik-ki, hech qanaqa to’siqsiz. Bu bir yaxshi ish edi. Bir vaqtlar bu o’ris, bu qozoq, tojik degan narsa bo’lmasdi. Lekin mustaqil bo’ldik, mustaqilligimiz hukumat rahbarlariga juda yaxshi bo’ldi-yu, lekin oddiy xalqqa uning ko’p yomon tomonlaridan bittasi mana shu qo’shni jumhuriyatlar bilan, qo’shni xalqlar bilan munosabatlarimiz yomonlashgani bo’ldi. Shuning uchun ham, hali ham bo’lsa hukumat rahbarlari faqat O’zbekistonniki emas, qo’shnilar ham, o’zaro kelishib o’rtadagi bordi-keldi munosabatlarni tiklab, bojxonadagi qiyin muammolarni hal qilib, o’tish borish-kelishlarni yaxshilashsa, xalqning hozirgi og’ir hayoti birmuncha yaxshilangan bo’lardi, deb umid qilamiz”, - deb aytadi Turg’unboy Otayev.
O’zbekiston xalq artisti, professor Ra’no Nizomova esa mustaqillikdan so’ng Markaziy Osiyo mamlakatlari orasidagi munosabatlarning qoniqarli darajada emasligi bu yerdagi xalqlar san’atiga ham salbiy ta’sir etayotganini aytadi.
“Endi u vaqtlarni olsak, ko’pincha hamma do’st respublikalarga necha martalab gastrollarga chiqqanmiz, har besh yilda dekadalar bo’lardi 10 kunlik. Shu konsertlar bilan hamma respublikalarga chiqib kelganmiz. Yomg’irlar bo’lsa ham xalq ketmasdan, ochiq joyda konsertlar berardik, o’tirishardi. Endi hozirga kelsak, bir-birimizga konsertlar bilan borishlar qiyin bo’lib qoldi-da. Shuning uchun oldingi vaqtlarni eslasak, ichim shunaqangi qizib eslayman gastrollarimizni. Hozir ayniqsa mana shu yonimizdagi qo’shni mamlakatlarga gastrollar bo’lmay qolgan. Artistlarga sal qiyinroq bo’lib qoldi-da. Hech qanaqangi uchrashuvlar hozir bo’lmay qolgan. Raqslar faqat o’zimizniki bo’lib qoldi-da. Bir yerga olib chiqib katta kollektivlarni ko’rsatishga qiyinchilik ko’p”, - deydi Ra’no Nizomova.
Markaziy Osiyoda azaldan tarixiy ildizlari bir, san’ati, madaniyati, ma’naviyati bir-biriga yaqin bo’lgan xalqlar istiqomat qilib kelishgan. Sho’ro davrida majburiy ravishda alohida respublikalarga ajratilgan bu davlatlar o’tgan asrning 90-yillarida ixtiyoriy tarzda yana mustaqil davlatlarga ajralishdi. Bu mustaqillik bir xalqning ikkinchi xalqdan aloqasini uzish, ayirish hisobiga bo’lmasligi lozimligini aytadi yana bir tinglovchimiz.
“Tasavvur qilib ko’ring, O’zbekiston maktablarini lotin alifbosida o’qiyotgan bolalar bitirishadi. Afsuski, qo’shni Qozoqiston, Qirgiziston, Tojikiston respublikalaridagi o’zbek maktablarida o’qiyotgan bolalar hali ham kiril alifbosida o’qishmoqda. Endi bu millatdoshlarimiz ertaga o’zbek adabiyotini, o’zbek matbuotini o’qiganda albatta lotin grafikasidan xabarsizligi tufayli juda katta muammolarga duch kelishi mumkin. Ayni paytda bugungi kunda qo’shni respublikalarda bir-birining matbuotidan bexabarlik, bir-birinig adabiyotidan bexabarlik juda kuchayib ketmoqda. Eski paytlaridek erkin obunalar yo’q, kitoblar bir-biriga olib borilmayapti. Hattoki bir respublikaning ikkinchi respublikadagi madaniyat, adabiyot, san’at kunlari ham deyarli yoddan chiqib ketdi”.
Respublikalar-aro bojxona cheklovlarini olib tashlash, axborot almashuvini rivojlantirish, xalqlar o’rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ayni paytdagi kechiktirilmaydigan vazifasi ekanini aytishadi mana bu kuzatuvchilarimiz.
“Shu darajada tashqi siyosatimiz noto’g’ri bo’lib ketgan. Bu narsa xalqlar do’stligiga juda yomon putur yetkazayapti. Mana men sizlarga oddiy misol keltiraman, agar hozir men Qozoqistonga o’tadigan bo’lsam, qozoq xalqi meni yaxshi qabul qilmaydi. Nimaga? Chunki ular bu yoqqa kelib qiynalayapti. Ular bu yoqqa kelsa, militsiya ushlab ularni pasportlarini olib qolib, pullarini olib qolib qiynayapti. Yoki olaylik, Tojikistonga kirish uchun viza, ruxsat olish. Bu ham noto’g’ri narsa. Axir o’zbek-tojik xalqi azaldan quda-andachilik qilgan. Su siyosat o’zgarmas ekan xalq battar qiynalib, bu narsa shu narsaga olib boradi-ki, ruschasiga aytganda “mina zamedlennogo deystviya”. Oqibatida qarang, xalqlar bir-biriga yovlashib, dushmanlashib qolyapti. Shuning uchun rahbarlar, militsiyada ishlayotganlar, postda, chegarada ishlayotganlar hammasi buni yaxshilab o’ylab ko’rishi kerak. Faqat o’zining nafsini, jig’ildonini o’ylab, xalqning hayotini og’irlashtirmasdan, o’zaro bordi-keldi aloqalarni yaxshilash kerak”, - deb fikr bildirishadi ba’zi o’zbekistonlik fuqarolar.