27 iyun ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan uyushtirilgan tantana ishtirokchilari matbuot rivojlanayotgani haqida gapirsa, mustaqil jurnalistlar bosim ortayotgani, gazetalar yopilishda davom etayotganini bildirmoqda.
O`zbekiston ommaviy axborot vositalari kuniga bag`ishlangan rasmiy tantana O`zbekiston milliy teatri binosida o`tkazilgan. Rasmiy tadbirda takilifnoma tarqatilgan jurnalistlargina ishtirok etishgan.
Norasmiy tarzda jurnalistlar sayli Gafur G`ulom nomidagi bog`da tashkil etilgan.
Rasmiy tadbirda O`zbekiston prezidenti devonidan vakillar ishtrok etishgan, mamlakatda jurnalistlarga nisbatan e`tibor va imtiyoz oshayotgani, matbuot tobora rivojlanib borayotgani haqida rasmiylar nutqi tinglangan. Mamlakatda mingga yaqin turli axborot vositalarining ro`yxatdan o`tkazilgani rivojlanishi ko`rsatkichi sifatida qayd etilgan.
Tadbir davomida matbuotda faollik ko`rsatgan bir guruh jurnalistlar, tahririyatlar mukofot bilan taqdirlangan.
Tadbir ishtirokchilaridan biri jurnalist To`lqin Eshbek o`zbek matbuotining bugungi kuni haqida mulohaza bildirar ekan matbuot erkinligi yuksak darajada, so`z erkinligi qonun tomonidan kafolatlangan, ayrimlar demokratiya yo`q deb o`zlarini demokrat qilib ko`rsatmoqchi bo`ladilar, deydi.
To`qin Eshbek tanqidiy maqolalar bosayotgan gazetalarning faoliyati to`xtatilayotganligi haqidagi ma`lumotlarni inkor etadi va buning sabablarini gazetaning iqtisodiy ahvoli bilan bo`gliq bo`lishi mumkinligini bildiradi. Jurnalistga ko`ra O`zbekistonda so`z erkinligi va mustaqil matbuot rivojlanishi uchun sharoitlar yaratilgan.
O`zbekistonda tanqidiy maqola uchun gazeta faoliyatining to`xtatilishi yangi hodisa emas, bir muncha avval “Advokat Press” gazetasi aynan hukumat tanqidi uchun faoliyatdan to`xtagan edi.
Yaqinda esa respublikadagi markaziy nashrlardan biri “Savdogar” gazetasining faoliyati to`xtatilgan. Bunga gazetada jurnalist Bahodir Meliboyevning “Iymon nadir” maqolasining chop etilishi sabab bo`lganligi aytilmoqda.
Bahodir Meliboyevga ko`ra maqola chiqqandan so`ng hukumat idoralari uni suhbatga chaqirishgan. Maqolada diniy erkinlik, jumladan qamoqxonada o`tirgan mahbuslarning ko`pchiligi dindor odamlar ekanligi haqida so`z borgan.
“Ular burgaga acchiq qilib ko`rpani yoqishdi. Meni ishdan chetlatish, qattiq hayfsan e`lon qilish mumkin edi, lekin gazeta faoliyatini to`xtatishni ma`qul topishdi”, - deydi Bahodir Meliboyev.
Jurnalist Dilmurod Sayyidga ko`ra ba`zan tanqidiy maqolalar uchun gazeta faoliyati to`xtatilmasligi mumkin, faqat gazeta jamoasi tarqatilgan yoki boshqa o`tkir tanqidlar bildirmaslik shartini qabul qilgan taqdirdagina.
Dilmurod Sayid o`z fikriga “Hurriyat” gazetasining faoliyatini misol keltiradi:
“Hurriyat” jurnalistlar huquqini himoyalovchi soha gazetasi, bundan avval Karim Bahriye bosh muharrirligidagi “Hurriyat” gazetasi bilan uning hozirgi matbuot jamg'armasi tashkil etilgandan keyingi ahvolini solishtiraylik, zarur xulosa chiqarish o`zingizga havola. Bundan to`rt yil avval ahvol nisbatan yaxshiroq edi, biroq ayniqsa, Andijon voqealaridan keyin matbuotga bosim yanada ortmoqda”, - deydi Dilmurod Sayid.
Mustaqil jurnalistlar o`zbek matbuotining xalqdan tobora uzoqlashiub borayotganligini ta'kidlashadi.
Jurnalist Bahodir Meliboyev nazarida matbuotda Andijon fojiasining bir yilligi munosabati bilan biron bir fikr bildirilmagani achinarlidir.
Kuzatuvchilarga ko`ra o`zbek matbuotiga bo`lgan ehtiyoj tobora so`nmoqda. Bunga rasmiy nashrlarning sotuvdan qaytayotganligi, majburiy obunalar davom etayotganligi, rasmiy matbuotga nisbatan ishonch yo`qolaganligi kabi sabablar keltirib o`tiladi.
Poytaxtdagi gazeta do`konlaridan birining sotuvchisi rasmiy matbuotga nisbatan ehtiyoj pasayayotgani haqida gapirarkan, “Haqiqatni yozishi kerak, jurnalistlar. Hozir ko`proq bo`rttirish bilan shug`ullanishayapti. Bu o`quvchilarga kerak emas. Haqiqatni yozishgandagina o`qishda davom etishadi”, – deydi.