O'zbekistonda AQShning Urban instituti vakolatxonasi yopildi

O`zbekistonda AQShda asoslangan Urban instituti vakolatxonasi yopilgan.

Adliya vazirligi tomonidan nishonga olinayotgan yana bir xalqaro nohukumat tashkiloti qisqacha CAFE, Markaziy Osiyoga Beg’araz Yordam, tashkilotining apellyatsiya shikoyati ham inobatsiz qoldirilgan.

Toshkent shahar fuqarolik sudi Urban institutiga bildirilayotgan ayblovlar nizomga xilof ravishda faoliyat yuritish, xususan aholi orasida ijtimoiy-siyosiy vaziyatga oid suhbatlar o`tkazish kabi holatlarni tasdiqlagan va vakolatxona faoliyatini O`zbekistonda tugatish haqida qaror chiqargan.

Urban instituti O`zbekistonda fuqarolik jamiyatini shakllantirish, jumladan xususiy yu-joy mulkdorlari shirkatlarini tashkil etish maqsadida faoliyat yuritgan. Bundan tashqari, institut mahalliy hokimyatlar bilan xususiy uy-joy shirkatlari faoliyatini tashkillashtirish uchun yaqindan hamkorlik olib borgan.

Sudda bunday hamkorlik evaziga mahalliy hokimyatlar tomonidan berilgan minnatdorchilik xatlari keltirib o`tilgan. Biroq sud tomonidan bular inobatga olinmagan.

O`zbekiston Tadbirkor ayollar uyushmasi raisi Dildor Alimbekova Urban instituti tomonidan hokimyat vakillari va shirkat xo`jaliklari uchun o`tkazilgan mashg`ulotlarning samarali tasirini e’tirof etadi.

Mamlakatdagi nodavlat tashkilot vakillari xalqaro nohukumat tashkilotlar faoliyati tugatilayotganiga nisbatan munosabat bildirishni istashmaydi. Kuzatuvchilar buning sababini ayni paytda nodavlat tashkilotlarning keskin nazorat ostida ekanligi bilan izohlashadi.

Bundan bir kun avval missionerlikda ayblanib, faoliyati tugatilgan AQShning CAFÉ tashkiloti shikoyat arizasi apellyatsiya sudida ko`rib chiqildi va avvalgi sud qarori o`z kuchida qoldirildi.

CAFÉ asosan ta’lim va sog`liqni saqlash sohasida faoliyat yuritgan. Rasmiy ayblovga ko`ra, bundan tashqari tashkilot vakillari missionerlik bilan ham shug’ullangan, jumladan mahalliy aholiga turli moddiy ko`maklar evaziga o`z dinlarni o`zgartirishni tavsiya qilishgan.

CAFEning jamoatchi himoyachisi Marat Zohidovga ko`ra, ayblov soxtalashtirilgan. Isbot-dalillar yo’q. Sud siyosiy qaror chiqarishga majbur bo`lgan.

Demokratik tashabbuslar markazi direktori Iskandar Xudoyberganov hukumatning nohukumat tashkilotlarga nisbatan bo`layotgan siyosatini O`zbekistonda fuqaro jamiyatini qurishdan voz kechilganligi, aksincha aholi ustidan nazoratini kuchaytirish harakati bilan bog’liq deb hisoblaydi.

Unga ko`ra O`zbekistonda BMTning qochqinlar bo`yicha bo`limi tugatildi; hukumat ilojini topganda G`arb elchixonalari faoliyatini ham ta`qiqlab qo`ygan bo`lardi. Ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekiston Adliya vazirligi yana bir qator xalqaro nohukumat tashkilotlarni nishonga olmoqda.