Andijon voqealaridan so’ng chetga, shu jumladan AQShga kelgan o’zbekistonlik qochqinlardan bir bo’lagi vataniga ixtiyoriy ravishda qaytgan. Bu 12 nafar qochqinga nisbatan jinoiy ish ochilmasligi haqida ma`lumot tarqatilmoqda. Ularning Andijonda ekanligi haqida ma`lumotlar bor.
Huquq himoyachilariga ko`ra qochqinlarni ortga qaytarishga majbur qilgan narsa bu Andijonda ularning yosh farzandlari qolganligi bilan bog`liq bo`lishi mumkin. Bu haqda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyatining Andijondagi vakillaridan biri Shokirjon Mo`minov, “Ba`zida endi bor-e nima bo`lsam bo`ldim, bir marta ularni ko`rib o`lsam ham mayli degan fikrga borishi mumkinda ular",- deydi.
"Bu yerdan ketganlarni oila a`zolari qolgan. Masalan, men ikkitasini aniq bilaman, ularni to`rttadan bola-chaqalari qolgan. Yosh bolalari hammasi qolgan. Ayniqsa farzand nihoyatda ko`zdan o'tib ketadi ”, - deydi Shokirjon Mo`minov.
Shokirjon Mo`minovga ko`ra hozircha qochqinlarga nisbatan biron bosim o`tkazilgani haqidagi ma`lumot yo`q, lekin kelajakda ulardan Andijon fojialarini hukumat xohlagan tarzda tasvirlashda targ`ibot vositasi sifatida foydalanilishi ehtimolga yaqin.
“Ularni “obrabotka” qilib sayratma qilishlari mumkin. Targ`ibot yo`lida ularni ishlatishlari turgan gap”, deb hisoblaydi andijonlik huquq himoyachisi.
Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra AQShdan O`zbekistonga qaytarilgan 12 nafar qochqinning Andijondagi terrorchilik hodisalariga aloqasi yoq. Bu haqda press-uz.info axborot agentligi O`zbekiston Ichki ishlar vazirligidagi manbaga asoslanib xabar tarqatmoqda. Bu xabarga ko`ra qochqinlar O`zbekistondan aldov yo`li bilan olib ketilgan.
BMT tomonidan qochqinlik maqomiga ega va AQShdan boshpana berilgan 12 fuqaro Andijon fojialaridan keyin yuzlab qochqinlar qatorida mamalakatni tark etgan edi.