Mustaqillik yillarida O’zbekistonda hukumat e’tiboridan qator ijodkoru-ziyolilar chetlashtirilgan. Ularni bilgan insonlar fikricha, bu ziyolilar o’zlarining hur fikrliliklari, hamdu-sanoga toqatsizliklari, xalqning o’g’ir hayotiga bee’tibor emasliklari bilan hurmatga sazovordirlar. Mustaqillik uchun kurashgan, muxolifatda bo’lgan bu ijodkor ziyolilar hukumat “qora ro’yxati”dan joy olishgan. Ulardan biri yozuvchi Zohir A’lam.
“Yozyapman, yozganman, lekin u narsalarimni hozirgi ahvolda chiqarsam, mening boshimga balolar tushadi deb hisoblaganim uchun, hech qayerga olib bormayman, bermayman. Berganimda ham O’zbekiston matbuotida hech shubhasiz chiqmaydi. Endi bir-ikkita do’stlar aytishdi, chet-elda chiqaraylik deb. O’zimning analizim bo’yicha, agar shu narsani chet-elda chiqaradigan bo’lsam ham u balolar baribir yog’ilishi mumkin, qattiq, shuning uchun chiqmaydi”.
Bu 1970 yillar adabiyotga o’zining nasriy asarlari bilan kirib kelgan yozuvchi Zohir A’lam fikrlari edi.
“Zohir A’lamning ijodida ko’ngil erki masalasi birinchi o’rinda turadi. Zohir A’lam asarlarida tarixiy mavzu juda chuqur ishlangan. “Buxorodagi birinchi namoz” hikoyasining o’zi katta bir qissa hajmidagi juda jiddiy asar. Zamonaviy mavzuda bo’ladimi, tarixiy mavzuda bo’ladimi insonning ma’naviy, ruhiy komilligisiz, ko’ngil ma’rifatisizjamiyatni poklab bo’lmaydi, degan katta bir falsafiy konsepsiya yotadi asarlarida”, - deydi adabiyotshunos olim No’mon Rahimjonov.
“Bilasizmi, o’zbek xalqining yashash ahvoli juda yomon. Men o’zim qishloqqa ko’p chiqqanman, chiqaman, bunday yashash mumkin emas. Mening oldimga tog’ qishlog’idan bir eski tanishim keldi. Bir oz yordam so’radi. Yanvar oylari edi, bizning qishloqda, dedi, 70 foiz odam lavlagi bilan sabzi qaynatib yeyapti, yeyishga non yo’q, deb aytdi. Men nima uchun shunaqa bo;lyapti deb, ularni o’rganganman. Chunki normal mamlakatda, har yili hosil yetishtirib turilgan O’zbekistondek boy qazilmalarga ega bo’lgan mamlakatda, hukumat normal ishlasa xalqning bunday och yashashi mumkin emas. O’zbek xalqining 80 foizi ishsiz. Mana shu nohaqliklarni hammasini, sabablarini tushuntirib yozganman, va bu narsalarni ochiq gapirib bo’lmaydi deb hisoblayman. Kitob holatida chop etishga kelsak, yo yaxshi kunlar kelib qolar, yoki o’rtoqlarimga, tanishlarimga, uydagilarga: men o’lgandan keyin chiqararsizlar, deb aytib qo’yganman”, - deydi yozuvchi Zohir A’lam.
Qayta qurish yillari Zohir A’lamni bir guruh yozuvchilar qatori siyosat sahnasiga olib chiqdi. Biroq orzu qilingan istiqlolga erishilgach, uning o’zi adabiyotdan ham, siyosatdan ham yiroqlashdi. Buning boisi nimada?
“Birinchidan, bu istiqlol men orzu qilgan istiqlol bo’lmadi. Men orzu qilgan istiqlolga faqat uchta Boltiqbo’yi respublikasi erishdi, deb hisobladim. Qolgan respublikalar Rossiyaning ta’sir doirasida qoldirildi to’lig’icha. Ozarbayjonning xalq saylagan prezidenti Elchibek bilan Gruziyaning xalq saylagan prezidenti Gamsaxurdiyaning siyosat maydonidan chetlashtirilishi, Gamsaxurdiyaning o’ldirilishi, bu narsalarni ko’rgach men siyosatdan uzoqlashdim. Bu bir sababi. Ikkinchi sababi, “Birlik” tuzildi, “Erk” partiyasi tuzildi, mening nazarimda “Erk” partiyasining rahbariyati shu partiyaning ustav-programmasida (u programmalarning yozilishida men o’zim ham ishtirok etganman) aytilgan narsalarga rioya qilinmadi. Va men buni “Erk”ning 2-s’ezdida gapirib, “Erk”ning rahbariyati, shu jumladan men unda ideoliogiya sekretari edim, hozirgi hukumat bilan kelishuvchilik yo’lini tutdi, degan gapni aytdim va men bu yo’lda turgan partiya bilan birga ishlolmasligimni aytib, chiqib ketdim. Bu 1991 yili bo’lsa kerak”.
Zohir A’lamning adabiy jamoatchilik ichida anchagina shov-shuvlarga sabab bo’lgan “Afandining qirq bir pashshasi” asaridan so’ng, yozganlari matbuot yuzini ko’rmagan. Adabiyotda ma’lum davrlarda badiiylikdan ko’ra, ijtimoiy fikr kuchliroq bo’lishi kerak, deb hisoblaydi Zohir A’lam.
“Ijtimoiy fikr kuchliroq bo’lishi kerakligi umuman adabiyotda emas, bizning xalqimiz hayotida hozir kuchli bo’lishi kerak. Chunki mana Tolstoy ham aytgan: yozuvchi xalq bilan hukumat orasida vositachi bo’lishi kerak, deb. Bizning O’zbekiston sharoitida hozir shu narsa birinchi o’rinda turishi kerak deb o’ylayman. Vaholanki, men bilgan o’sha shoirlar ham, yoki o’zim ham, hech qaysimiz hukumatni ag’darib tashlash kerak, o’zgartirib tashlash kerak degan gap ma’nosida emas. Shu kamchiliklarni aytamizki, faqat hukumat shu kamchiliklarni tuzatsin, qo’lidan keladi, mablag’i bor deb o’ylaymiz”.
“Zohir A’lam jamiyat voqea-hodisalariga munosabatdami, tarixga munosabatdami u chuqur, katta bir faylasufona o’zining nuqtai nazari bor. U endi Yevropa adabiyotini, keyin Yunon adabiyoiti, tarixi, falsafasini, Sharq falsafasini chuqur o’rgangan, ozlashtirgan, sintezlashtira olgan katta bir iste’dod. Zohir A’lam ijodi o’quvchilarning didini boyitishdagi, jamiyatning didini takomillashtirishdagi xizmatlari bilan katta go’zallik hodisasi sifatida qadirlanadi, ahamiyat kasb etadi”, - deydi adabiyotshunos olim No’mon Rahimjonov.
Abdulla Qahhorning “Adabiyot – atomdan kuchli, lekin bu kuchni o’tin yorishga sarflamaslik kerak”, degan mashhur gapi bor. Xo’sh, bugungi o’zbek adabiyoti atomdan kuchliroq kuchini nimalarga sarflamoqda?
“O’zbek adabiyoti hozircha davrni to’liq aks ettiradigan asar yaratolmadi, deb o’ylayman”,-deydi adib. “Lekin viloyatlardada, Farg’ona vodiysida yurdim ko’proq, o’sha yerda va Toshkentda ham iqtidorli odamlar bor. Va ehtimol keyin bugungi kunlar haqida baribir haqiqat aytiladi. Odamlarning iztirobi, poymol bo’lgan hayotlar, baxtlar, taqdirlar, necha millionlab odamning chet-elda sarson bo’lib yurgani keyinchalik aytiladi. Shu ma’noda meni qattiq iztirobga slogan narsa, Bo’stonliq rayoniga chiqib turaman, tog’ zonasi, go’zal zona, o’zimcha hisobladim, ikkitagina qishloqdan besh yuztacha uylangan, uylanishi kerak bo’lgan yigitlar hammasi Rossiyaga ketgan. U yerda ishlashayapti. Ketgan odamlarning eng ortig’I 10 yildan oshib ketgan. Bola-chaqani tashlab ketishgan, u yerda uylanishgan, bola-chaqa qilishgan. Bu yerdagi bola –chaqasi katta bo’ldi, 10-sinfni bitirdi, buni hammasini bechora yoshgina, eridan qolgan juvon qilyapti. Xumson qishlog’I bilan, Chinor qishloqlarida otasiz o’sgan bolalarni ko’rsatish mumkin. Mana bu ham fojea”.