24 iyul dushanba, AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays Livan poytaxti Beyrutda. Bosh vazir Fuad Seniora bilan uchrashar ekan, Rays xonim Isroil bilan yuzaga kelgan mojaro va zo’ravonliklarga yechim topish harakatida ekanini aytgan.
Kecha, 23 yil kuni, Bush ma’muriyati Vashingtonda saudiyalik diplomatlar bilan uchrashib, Livan-Isroil chegarasida tinchlikni tiklash masalasini muhokama qildi.
Livan-Isroil mojarosi yechimiga nisbatan Bush ma’muriyatida aniq takliflar yo’q. Oq uy hamon sulhga qarshi ekanini ta’kidlab, Hizbullohdan Isroilning garovga olingan ikki askarini qaytarishni talab qilmoqda. Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri, shahzoda Saud-Al-Faysal esa Bush ma’muriyatini sulh tuzishni yoqlashga chaqirmoqda.
“Prezident Bushga Saudiya Qiroli Abdullaning bu boradagi maktubini topshirdim”, -deydi Saudiya Tashqi ishlar vaziri.
Mutaxassislar Yaqin Sharqda tinchlik o’rnatish va zo’ravonliklarni to’xtatish uchun NATO kuchlarini jalb qilish kerak degan taklifni o’rtaga tashlamoqda. AQShning BMTdagi elchisi Jon Bolton esa muammoga NATOning aralashishi uni yanada murakkablashtiradi, degan fikrda.
“Ko’p fikrlilik yaxshi, biroq muammoga kengroq qarab, diplomatiyag yo’l beraylik”, -deydi AQSh vakili.
Isroil Mudofaa vaziri Amir Peretz uning hukumati xalqaro tinchlikparvar kuchlarning zo’ravonliklarni to’xtatishiga qarshi emasligini bildirgan.
“Hukumatimiz muammoga diplomatik yo’l orqali yechim topish tarafdori. Agar yechimga NATO kuchlarini jalb qilish zarur bo’lsa biz bunga qarshi emasmiz”, -deydi Isroil Mudofaa vaziri Amir Peretz.
Beyrutga yetib kelgan Kondoliza Rays Livan rasmiylari bilan uchrashdi. Ammo Raysning missiyasi aynan nimadan iborat ekani ancha mavhum.
Rays Livan Bosh vaziri Faud Siniora bilan uchrasharkan, AQSh Livan xalqini qo’llab-quvvatlaydi, dedi. Biroq ayni damda Isroil tomonidan qurolli harakatlarni to’xtatish muammo yechimi emasligini ham ta’kidlagan. Fuad Siniora esa Isroilni vahshiylikda ayblamoqda.
“Isroil Hizbullohni yo’q qilaman deb, livanliklarni yakson qilmoqda. Mamlakatimizni vayron qilmoqda”, -deydi Livan bosh vaziri.
Bunga javoban Isroilning AQShdagi elchisi Daniyel Ayalon, mojaroni qizib borayotganiga Suriya aybdor, dedi. Suriya Hizbullohni quvvatlamasa biz allaqachon sulh tuzgan bo’lardik, deydi u.
“Agar ular tinchlikni istayotgan bo’lsa, hibsga olingan askralarimizni hech qanday shartlarsiz ozod qilsinlar. Shuningdek Hizbullohga qurol sotishni ham to’xtatsinlar”, -dedi Isroil elchisi.
Siriyaning Vashingtondagi elchisi Imad Mustafa esa rasmiy Damashq Oq Uy bilan bevosita muzokaraga tayyor, deydi.
“AQSh muammoga haqiqatdan ham diplomatiya orqali yechim topmoqchi bo’lsa, bizning hukumatimiz muzokaraga hozir”, dedi Suriya elchisi.
Isroil artilleriyasi esa hamon Livanni o’qqa tutmoqda. Hizbulloh ham raketa hujumlarini to’xtatish niyatida emas. Mojaroning 13 kuniga kelib, 400 ga yaqin livanlik, 40 ga yaqin isroillikning yostig’i quridi. Jarahotlanganlar soni har ikki tomonni qo’shganda mingga yaqin.