AQSh Qirg'izistonga nisbatan "jonga jon" qabilida ish tutmoqda

Qirg’izistondan amerikalik diplomatlarning chiqarilishiga javoban, AQSh Davlat departamenti ham kuni kecha Vashingtondagi Qirg’iziston elchixonasining ikki nafar xodimini mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qildi. AQSh rasmiylari bu holat sababini izohlamayapti.

Vashintondagi Qirg’iziston elchixonasi AQSh rasmiylaridan olgan maktubda Bishkekdan ikki nafar Amerika elchixonasi xodimi ortga qaytarilgani uchun qirg’iz diplomatlariga nisbatan muqobil chora ko’rilgani yozilgan.

Shu yilning 11 iyul kuni AQShning Bishkekdagi elchixonasi xodimlari – Pol Polites va Kakku Kimara – Qirg’izistondan AQShga qaytarib yuborilgan edi. Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy bayonotida “amerikalik diplomatlar mahalliy nohukumat tashkilotlari vakillari bilan nojo’ya aloqalari va mamlakat ichki ishlariga aralashayotganlari uchun” deb ma’lum qilingan.

Tashqi Ishlar vazirligi bu harakatni Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX) taqdim qilgan “rad etib bo’lmas dalillar” asosida amalga oshirayotganini urg’ulagan.

Javoban, Qo’shma Shtatlar ham 11 iyul kuni malaka oshirish uchun kelgan olti nafar Qirg’iziston MXX xodimini ortga qaytarib yuborgan edi.

Bishkekda joylashgan Markaziy Osiyo Amerika Universitetining prorektori Baqit Beshimovning aytishicha, Qo’shma Shatlar Qirg’iziston rasmiylariga xalqaro qonunlar doirasida javob qaytargan:

“Biz amerikalik ikki diplomatni chiqarib yubordik; javoban ular ham bizning ikki diplomatimizni mamlakatdan chiqarib yubordi,” – deydi Baqit Beshimov.

Nodavlat tashkilotlari vakillari Qirg’izistondan amerikalik diplomatlarning haydalishini “oqibati o’ylanmagan qadam” deya baholaganlar. AQSh elchixonasi bu voqeani “fuqaroviy jamiyat vakillarini qo’rqitib qo’yishga urinish” deya tavsiflagan.

Siyosatshunos O’rozbek Mo’ldaliyev fikricha, AQShdan Qirg’izistonning ikki nafar diplomati chiqarib yuborilishi kutilgan edi, ammo malaka oshirish uchun chaqirilgan MXX xodimlari nima uchun haydalgani sababi noma’lumligicha qolmoqda.

Qirg’iziston Mudofaa vaziri o’rinbosari Quvonchbek O’ruzboyevning aytishicha, ikki davlat o’rtasidagi diplomatlar bilan bog’liq mojaro Bishkekdagi Manas aeroportida joylashgan AQSh boshchiligidagi xalqaro aksilterror koalitsiyasiga qarashli Gansi harbiy-havo bazasi faoliyatida aks etmagan.

Tahlilchilar Qirg’iziston hukumati keyingi paytda AQSh bilan munosabatlarda ehtiyotsizlikka yo’l qo’yayotganidan xavotir bildirmoqdalar.

“Shu bilan endi aloqalarni uzib yuborish kerak emas. Har ikki davlat endi aloqalarni yaxshilashga urinishi zarur,” – deydi siyosatshunos O’rozbek Mo’ldaliyev.

Kuzatuvchilar qirg’iz rasmiylarining siyosiy xatolari qimmatga tushishi mumkinligini, qashshoq davlat sanaladigan Qirg’iziston xalqaro moliyaviy yordam-qarz masalalarida muammolarga duch kelishi ehtimoli borligini qayd qilmoqdalar.

Markaziy Osiyo Amerika Universiteti prorektori Baqit Beshimov Qirg’iziston tashqi siyosatda xatoga yo’l qo’yishi mumkin emas, degan fikrda.

“Diplomatlar bilan bog’liq mojaroning kasofati albatta tegadi. Qirg’iziston, afsuski, yo’qotishlarga uchraydi. Buning oldini olish uchun buyog’iga endi aql bilan ish tutishimiz kerak,” – deydi Baqit Beshimov.