BMT tinchlik rejasi urushdan tinkasi qurigan Livanga ma’qul kelmayapti

Dushanba kuni, Livan Bosh vaziri Fuad Sinioraning aytishicha, Isroil chegaradagi Xula qishlog’ida 40 kishini o’ldirgan. Shu kunning o’zida Isroil havo kuchlari bombardimon qilishni davom ettirib, 23 kishini, jumladan Sur (yoki Tir) shahrida besh kishini o’ldirgan. Bu Hizbullohning yakshanba kungi raketa zarbalariga javob, deydi Isroil harbiylari.

Shuningdek, dushanba kuni Livan poytaxtida arab davlatlarining tashqi ishlar vazirlari uchrashdi. Uchrashuv davomida BMT rezolyutsiyasiga qarshilik bildirilgan.

7 avgust kuni Isroil xavfsizlik kengashi esa Livandagi harbiy amaliyotlarni kengaytirish rejasini muhokama qildi. Isroil harbiy qo’mondonligi Bosh vazir Yahud Olmertdan Livandagi harakatlarini kengaytirish va Livanning muhim inshootlariga zarba berishga ruxsat so’ramoqda.

“Qo’shinlarimiz Livan shimoliga qarab harakatini davom ettirishi lozim. Shundagina biz Hizbullohni yakson qilib, mamlakatimizga nisbatan xavf ko’lamini kamaytiramiz”, -deydi Isroil Isroil Qishloq xo’jaligi vaziri Shalom Simxon.

Isroil Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Yigal Palmorga ko’ra, faqat xalqaro tinchlikparvar kuchlargina mintaqada barqarorlikni ta’minlay olishi mumkin:

“Livan hukumati kuchsiz va Hizbullohni nazorat qila olmayapti. Shu sabab tashqi yordam bu yerda juda muhim. Harakatlarimizni qog’ozda emas, amalda qo’llashimiz zarur. BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi shartlari bajarilishi va xalqaro kuchlar mintaqaga kiritilgach, Livan armiyasiga janubda nazorat o’rnatishiga yordam berishi lozim”, -deydi Isroil rasmiysi.

BMT rezolyutsiyasi hali yozib bitirilmaganiga qaramay, Livan rasmiylari unga qarshi chiqmoqda. Ular nazarida rezolyutsiya sulhga chaqirsada, Isroil qo’shinlarining Livanda qolishiga ham ruxsat beradi.

Livan Iqtisodiyot vaziri Sami Haddad, biz qon to’kilishi to’xtashini istaymiz, deydi. “Xalqaro kuchlar Livan hukumati armiyasi bilan mamlakatda nazorat o’rnatib, bizni bu kulfatdan qutqarsin”, -deydi Livan rasmiysi.

AQSh esa rezolyustiya mintaqaga tinchlik olib kelishiga ishonmoqda. Rezolyutsiya har ikki tomondan tinchlikni tiklashni talab qiladi. Prezident Bushning davlat xavfsizligi bo’yicha maslahatchisi Stiv Xadlining aytishicha rezolyutsiyaga bugun yoki ertaga ovoz beriladi:

“Biz uni tezroq qabul qilib, mintaqadagi zo’ravonliklarni tugatish niyatidamiz. Shundan so’ng ikkinchi rezolyutsiya ustida ishlanib, xalqaro tinchlikparvar kuchlarining mintaqaga kiritilish shartlari muhokama qilinadi”, -deydi AQSh rasmiysi.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays esa BMT Xavfsizlik Kengashida rezolyutsiya qabul qilib, mintaqaga tinchlik olib kelishning birinchi bosqichini amalga oshiramiz, deydi:

Men raketa hujumlarining yaqin kunlarda yakun topishiga ishonaman”, deydi davlat kotibasi.

Dushanba kuni Isroil havo kuchlari Livanning Qosimiya, Sayda, Sur va Hassaniya shaharlaridagi ko’priklar, yo’llar va turar-joylarni vayron qilgan.

Hizbullohning yakshanba kunidagi raketa hujumlari natijasida esa, 15 isroillik halok bo’lgan, 160 ga yaqini jarohat olgan. Dushanba kuni esa Hizbulloh Isroilning bir askarini o’ldirdi.