Hukumat tomonidan ta'qiqqa uchragan hujjatli filmlar rejissyori va operatori Abdulaziz Mahmudov.
“Kimdir tazyiqlarga chidamasdan O’zbekistonni tark etib, chet ellarga ketishdi. Men o’zimga buni ep ko’rmadim. Ketishim mumkin edi Amerikagami, Yevropagami, Moskvaga ketishim mumkin edi. Moskvada xotin, bola-chaqalarim, uy-joylarim bor. Lekin men o’yladimki, men bir jurnalist sifatida bo’lgan voqealarni ko’nglimdan o’tkazib, shu xalqim qanday kun kechirsa men ham shu yerda bo’lib, birgalashib shu bo’lgan voqealarning guvohi sifatida shu yerda yashab kelyapman. Endi albatta, yashash og’ir. Aksariyat bizning vatanparvarlarimiz, haqiqiy mustaqillik uchun kurashganlar - kimdir hozir chet elllarda, kimdir hali-beri qamoqlarda, kimdir mana men singari ichki immigratsiyada. Albatta sodir bo’lgan narsalarning o’z ildizi bor va javobi ham bor,” - deya fikr Abdulaziz Mahmudov.
1989 yili Farg’ona fojeasi doirasida Qo’qon fojeasi ham ro’y bergandi. Bu va o’sha davrda bo’lib o’tgan boshqa barcha voqealar rejissyor va operator Abdulaziz Mahmudov tomonidan tasvirga tushirilgan.
“Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov shunday deydi:
“Abdulaziz Mahmudov bilan men 1993 yilda bitta “milliy majlis ishi” deb atalgan jinoiy ish bo’yicha birga sud bo’lganmiz. Abdulaziz juda fikrlovchi, ziyoli inson. U kasbi bo’yicha kinorejissyor va muxolifat harakatlarining boshidan aralashib kelganligidan xabardorman. “Birlik” xalq harakati safida bo’lib va muxolifat tarixi uchun uning rasmga olgan filmlari, video kassetalari juda ko’p tarixiy faktlarni, tarixiy hujjatlarni o’z ichiga oladi. Va albatta uning hammasini tiklab, yo’qolib ketmaslik harakatlarini qilish kerak, deb o’ylayman.”
Abdulaziz Mahmudovning “O’zbek tilim – jonu dilim” nomli hujjatli filmi 1989 yili ishlangan. Unda xalqning avvalgi Lenin, hozirgi Mustaqillik maydonidagi harakatlari, o’zbek tilining davlat tili bo’lishi uchun kurashlar namoyish etiladi.
“[Filmdan bir kadrga ishora qilib] Bu hozir Chorsudan o’tib ketayapti namoyish. Bunga 50-60 ming odam qatnashgan edi. Hammaning talabi ozodlik, birlik, mustaqillik. “O’zbek tilim – jonu dilim” degan shiorlar bilan chiqqan odamlar. Hozirgi mavjud hukumat buni inkor etmoqda. Lekin bu tarix, bu bizning eng yaqin tariximiz. Buni hech qanday kuch inkor etolmaydi. Men “Birlik” xalq harakatining rahbarlaridan biri bo’laman. Shuning uchun ham albatta mening dunyoqarashim, mening e’tiqodim shu kinolarim orqali o’zining ifodasini topgan,” - deydi rejissyor Abdulaziz Mahmudov.
“Hozirgi bizning kinomizga nazar tashlaydigan bo’lsak, hozirgi kino davlat monopoliyasida - hujjatli kino ham, badiiy kino ham. Bu eski tuzumdan qolgan asorat. Chunki eski tuzumda kino san’ati asosan mafkuraga xizmat qilgan. Shu nuqtai-nazardan bizning davlat arboblarimiz ham shundan imkoniyati boricha foydalanishga harakat qiladi. Kino mafkuraga xizmat qiladi. Davlat tepasida o’tirgan guruhga xizmat qiladi. Millatning, xalqning haqiqiy manfaatlarini o’ylamaslik mumkin, lekin shu tepada turgan guruhning siyosatini singdirishga harakat qiladi,” - deb Abdulaziz Mahmudov.
Rejissyor Turdi Nodirov:
“Abdulaziz Mahmudov kino ijodkorlari ichida eng iste’dodli, uning yaratgan filmlari boshqa ijodkorlar yaratgan filmlardan ajralib turardi. U nafaqat rejissyor, bizga operatorlik mahoratini ham ko’rsatgan yigitlardan. Shu davrlarda video faoliyati paydo bo’ldi, o’zi videokamera olib, voqealar qizib turgan joylarga o’z xohishi bilan borib, shu narsalarni tasvirga tushirib film qilish niyatida juda ko’p kadrlar olgan. Ijodkorlar, umuman kino hujjatchilar mening fikrim bo’yicha shu jamiyatdagi bo’layotgan, bo’ladigan voqealardan bir qadam ilgari yurishi kerak. Abdulaziz masalan 5-6 qadam ham ilgarilab ketadi-da, keyin uning yaratgan filmlarini ko’p hollarda tushunish bir oz qiyin bo’ladi, ayniqsa rahbarlarga,” – deydi Turdi Nodirov.
“Menimcha, bizning matbuotimiz, kino, televideniye shu bizning xalqimizni iloji boricha saviyasini oshirishga, siyosiy saviyasini oshirishga harakat qilishi kerak, shunga ishlashi kerak. Lekin hozirgi davrda matbuot, kino, televideniye hammasi davlat monopoliyasida bo’lgani uchun bu sohalarda rivojlanish yo’q. Bizga erkin televideniye kerak, bizga erkin kino kerak. Bunga davlat imkoniyat yaratib berishi kerak. Bugungi mustaqillikning yaxshi tomoni - biz urushsiz, qonsiz “katta og’a”dan ajralib oldik. Bu katta baxt. Lekin bu mustaqil davlatning tepasida hali-bericha “katta og’a”ga xizmat qilgan, saralab olingan xizmatkorlari o’tirib “katta og’a”ning siyosatini olib borayapti. O’zining foydasiga. Bular “katta og’a”dan mustaqil bo’lishdi, lekin xalqimiz hali-bericha achinarli ahvolda,” - deya fikrlaydi Abdulaziz Mahmudov.