Qirg'iziston ombudsmeni AQSh rahbari va siyosatini tanqid qilmoqda

Qirg’iziston ombudsmeni Tursunboy Bakir o’g’li AQSh va Kanada ombudsmenlari uyushmasining shu yil sentyabr oyida o’tishi kutilayotgan anjumanida qatnashishdan bosh tortgan.

Tursunboy Bakir o’g’li o’z qarori sababini AQSh prezidenti Jorj Bush Islom dinini fashizmga qiyoslagani bilan izohlaydi:

“12-15 sentyabrda Ayova shtatida AQSh va Kanada ombudsmenlarining 27-anjumani o’tishi kerak. Taklifnoma bor, pul ham ajratilgan, uchoqqa chipta ham buyurib qo’yganman. Xafa bo’lganim, Amerikada ham 20 million musulmon bor, AQSh hamma davlatlarga demokratiya o’rgatyapti. Amerikaning “Islom fashizmi” degan gapini qarang… Shu gaplardan keyin mening uyoqqa borishim to’g’ri emas. Demak men musulmon emas, fashist ekanman-da? Fashist biz emasdirmiz?” – deydi Tursunboy Bakir o’g’li.

Eslatib o’tamiz, 10 avgust kuni Buyuk Britaniya rasmiylari Xitrou aeroportida terrorchilik amaliyotlarining oldi olingani to’g’risida ma’lum qilgan edi. Rasmiylariga ko’ra, terrorchilar Buyuk Britaniyadan AQShga uchayotgan uchoqlarni portlatishni rejalashtirgan bo’lgan.

10 avgust kuni AQSh prezidenti Jorj Bush o’zining Texasdagi ranchosida jurnalistlarning savollariga javob berarkan, Islom ekstremizmini fashizm bilan qiyoslagan. Jorj Bushning so’zlari Saudiya Arabistoni rasmiylari, qolaversa amerikalik musulmonlarning keskin e’tiroziga sabab bo’ldi.

“Avval ham, 2001 yil 11 sentyabr kuni Nyu-Yorkda yuz bergan fojealardan keyin [prezident Bush] “Biz salib yurishi e’lon qilamiz, Islom davlatlari bilan urushamiz” deya e’lon qildi. O’shanda matbuot xizmati [Bushni] oqlab chiqdi: “yo’q, Bush boshqa narsa aytmoqchi edi, sizlar tushunmadingiz,” deb. Endi bo’lsa, “Islom fashizmi” degan so’z Amerika prezidentining og’zidan chiqyapti”, – deydi Qirg’iziston ombudsmeni Tursunboy Bakir o’g’li.

Tursunboy Bakir o’g’li, shuningdek, AQSh Afg’onistonda va Iroqda olib borayotgan aksilterror amaliyotlariga munosabati ham salbiy ekanini aytadi:

“Afg’onistonda, Iroqda urush ochilganda “ro’za kunlari bomba tashlashni to’xtating” deya musulmonlardan imzo to’plab, AQSh elchixonasiga topshirganman. Buni yoqtirishmadi. Terrorizmni yo’q qilamiz, Tolibonni yo’q qilamiz, Bin Lodinni yo’q qilamiz, deya kirdi. Menga Bin Lodinning, Tolibonning jasadlarini ko’rsating. Hozircha men bombadan qocha olmagan qari chol-kampirlar, yosh bolalar, mayib-majruhlarning o’liklarini ko’ryapman. Qani Bin Lodinning jasadi, qani Tolibon jasadlari? Shuni aytsam, mendan xafa bo’lishadi”.

2001 yilning dekabr oyida Bishkek yaqiniga AQSh va Qirg’iziston o’rtasida terrorizmga qarshi hamkorlik doirasida imzolangan bitim asosida, xalqaro aksilterror koalitsiyasiga qarashli “Gansi” harbiy bazasi joylashtirilgan. Ombudsmen Tursunboy Bakir o’g’lining aytishicha, u bazaning mamlakat hududida joylashtirilishiga qarshi chiqqan:

“2001 yilda Qirg’iziston Jo’g’o’rqu Keneshi deputati sifatida baza joylashtirilishiga qarshi chiqqanman. “Amerika askari kirib olsa, chiqib ketmaydi” deb aytganman. Aytganim bo’ldi. “Amerikaga qo’shilib, qurolli kuchlari bilan boshqa davlatlar keladi” deganman. Aytganim keldi. Hozir Qirg’izistonda 13 davlatning qo’shini bor. Bundan tashqari, Rossiya ham askar bazasini joylashtirdi. Ular bilan tuzilgan shartnomalarda qirg’izistonliklar uchun xavf bor. Sababi, [shartnomalarda] “Agar AQSh yoki boshqa davlatlar qurolli kuchlari jinoyat qilsa, odam o’ldirsa, Qirg’izistonda mahkamaga tortilmaydi,” deb yozilgan. Shuning uchun men qarshi chiqqanman”, - deydi Bakir o’g’li.

Ombudsmenning aytishicha, demokratiya g’oyalariga doimiy ravishda amal qilmayotgani uchun xalqaro jamoatchilik nazdida AQSh obro’siga putur yetmoqda. Vaholanki, Tursunboy Bakir o’g’liga ko’ra, Amerikada dunyo davlatlari o’rganishi mumkin bo’lgan qadriyatlar bor.

“Amerika haqiqatni yaxshi ko’radi, haqiqatni aytsangiz hurmat qiladi, u yerda demokratiya, plyuralizm, bir-birlarini tinglaydilar, deganiga men ishonibman. 1994 yilda Amerikaning yaxshi narsalarini qo’llanishimiz kerak, deb aytganman. Endi bo’lsa, keyingi paytda hayron qolyapman”, – deydi Qirg’iziston ombudsmeni Tursunboy Bakir o’g’li taajjub bilan.