O’tgan yil may oyidagi Andijon voqealaridan so’ng O’zbekistonni tark etgan va yaqinda AQShga qochqin sifatida qabul qilingan 150 ka yaqin andijonlikning 41 nafari O’zbekistonga qaytish ishtiyoqini bildirgan va reja bo'yicha juma kuni Toshkentga uchib kelishlari kerak. 12 qochqindan iborat birinchi guruh iyul o’rtalarida O’zbekistonga qaytgan edi va O’zbekiston matbuotidagi xabarlarga ko’ra, hukumat ularga tazyiq o’tkazayotgani yo’q.
Andijon otishmalaridan omon qolish maqsadida avvaliga Qirg’izistonga o’tgan, so’ng esa BMT Qochqinlar agentligi tomonidan Ruminiyaga ko’chirilgan 450 nafar o’zbekistonlik qochqin doimiy yashash uchun Yevropaning bir necha mamlakati, Avstraliya va AQShga jo’natilgan edi. Ular O’zbekiston hukumati tomonidan konstitutsion tuzumni ag’darishga harakat qilganlikda ayblanib, terrorchi deb e’tirof etilgan edilar. Biroq bir necha oy burun hukumat qochqinlar O’zbekistonga qaytsa, ularga tazyiq o’tkazmasligini bildirgan edi. Shundan so’ng avvaliga 12, so’ng esa 41 kishi AQShni tark etdi. Mustaqil kuzatuvchilar O’zbekiston hukumati siyosatining bu kabi o’zgarishiga ikkita sabab ko’rsatmoqda. Birinchisi, Andijon voqealaridan so’ng xalqaro nufuziga putur yetgan O’zbekiston xalqaro hamjamiyat oldida o’z mavqesini tiklashga harakat qilmoqda.
Ikkinchi sabab esa, hukumat qochqinlarni qaytarish va ularni keyinchalik jazolash maqsadida avvaliga 12 kishining qaytishiga muvaffaq bo’lgan va ayni damda ularning matbuotdagi chiqishlari orqali qolganlarni ham qaytarishga urinmoqda. Qochqinlarning aksariyati qaytib kelmaguncha, ularga tazyiq o’tkazilmaydi, deydi ikkinchi sababni ko’rsatgan kuzatuvchilar. Bundan tashqari vatanga qaytgan qochqinlar ko’rsatmalari xalqaro tashkilotlarni O’zbekistonda qonunga xilof ish bilan shug’ullanganlikda ayblashga asos va xalqaro tashkilotlarning O’zbekistonga nisbatan bo’lg’usi tanqidlaridan himoya bo’la oladi.
O’zbekiston hukumatining AQShga chiqib ketgan qochqinlarga ko’rsatayotgan g’amho’rligidan qo’shni Qirg’iziston va Rossiyaga chiqib ketgan qochqinlar bebahra qolmoqdalar. So’nggi paytlarda Qirg’izistonda boshpana topgan andijonlik qochqinlarning ikki davlat xavfsizlik xizmatlari hamkorligida ushlanib, O’zbekistonga olib ketilganlari haqida xabarlar chiqqan. Andijon voqealari ketidan Rossiyaga chiqib ketgan o’zbekistonliklarni vatanga ekstraditsiya qilish haqidagi Rossiya Bosh prokuraturasi qarori qochqinlar baxtiga so’nggi lahzalarda bekor qilindi. Ba’zilar buni AQSh Davlat kotibi muovini Richard Baucherning yaqinda Toshkentga safari va O’zbekiston-AQSh aloqalarining iliqlashishi ehtimoli bilan bog’lasa, Moskvadagi Umumiy tarix instituti xodimi, tarix fanlari doktori Artyom Ulunyanga o’xshash mutaxassislar, buni Rossiyaning O’zbekistonga 100 foiz ishonch bilan qaramayotganiga bog’lamoqda.
Karimov tuzumining rasmiy Moskvaga yuz foiz sadoqatini shubha ostiga qo’yayotgan Kreml O’zbekiston ichidagi siyosiy vaziyatdan o’z foydasiga foydalanmoqda. Artyom Ulunyan nazarida, Rossiya O’zbekiston bilan aloqalarning yaxshilanishi uchun uning istalgan xarxashasini bajo etavermasligini namoyish etmoqda.
41 nafar andijonlik qochqinning AQShdan O’zbekistonga qaytishi haqidagi xabar chiqishi bilanoq, AQShning Ogayo shtatidagi Akron shahrida yashayotgan 40 qa yaqin qochqinning biri bilan bog'landik. O’zini Habibullo deb tanishtirgan bu yigit ham vaqti kelib vatanga qaytmoqchi ekanini ma’lum qildi. Lekin hozir emas.
Habibullo nazarida har bir qochqinning O'zbekistonga qaytish yoki qaytmasligi shaxsiy ishidir. Biroq, deydi u, xalqaro tashkilotlar, dastlabki 12 qochqin O’zbekiston matbuotida ta’kidlaganidek, qochqinlarni aldab, mamlakatdan olib chiqmagan.