Tojikiston-O’zbekiston chegara nazorat punktlarining ayrimlari AQSh ko’magida zamonaviy jihozlar bilan boyitilmoqda.
Lekin Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga qo’shilgan bo’lsa-da, O’zbekiston o’rtada imzolangan shartnomaga ko’ra Tojikistonga viza tartibini bekor qilmayotir, yo’llarni ochmayotir. Bu esa aholi noroziligiga sabab bo’lmoqda.
Tojikiston va O’zbekiston o’rtasidagi chegaradan o’tish joylari har kuni yuzlab odamlarga azob va uqubat yo’li bo’lib ko’rinadi. Tojikistonning Zafarobod nohiyasi va O’zbekistonning Sirdaryo viloyati tutashgan chegara punktlari har kuni ikki mamlakat fuqarolari bilan to’la.
O’zbekistonning Sirdaryo viloyatidan qizini Tojikistonga uzatgan 72 yoshli Shirmon ena Vallamova chet el nima ekanligini endi bilmoqda.
“Jon bolam, yo’lni ochinglar. Gulistondan Tojikistonni O’rateppa nohiyasining Kenagas qishlog’iga qiz bergandim. Shuni ko’rgani kelgandim, endi ketolmayotirman. Har qadamda yo’limni to’sishadi. O’nta bolani onasiman axir”, - deydi Shirmon ena zorlanib.
Tojikistonlik onaxonlar ham xuddi shunday ahvolda.
“O’zbekistonda farzandlarim, singillarim yashashadi. U yoqqa o’tishim kerak. Yo tamoman kelmaydigan qilib ko’chirib yuborishsin, yo qo’yib berishsin, bemalol borib kelaylik”, - deyishadi Tojikiston tomondagilar.
“Bu yerda yettita post bor. Eng yomoni - ikkitasi - O’zbekistonniki. O’zbekiston ham, Tojikiston ham xalqni nihoyat qiynamoqda”, - deydi 68 yoshlik otaxon.
Chegara hududida yo’lovchi tashish bilan tirikchilik o’tkazayotgan haydovchilarning aytishlaricha, chegaradan o’tish joylrida harbiylar hatto jismoniy kuch ishlatib odamlarga tan jarohatlari yetkazgan paytlar ham bo’lgan.
“Bir taksist hoji akamiz bo’lardi. Uni urib, qo’llarini sindirishdi. Buni so’raydigan odam yo’q”, - deyishadi Tojikiston haydovchilari.
Chegaradan har doim o’tib turuvchilarning aytishlaricha, ikki mamlakat chegarachilari ulardan kuniga bir nima ta’ma qilishga odatlanib qolishgan.
Farg’ona viloyati chegara hududidan o’tayotgan otaxon esa o’zbekistonlik chegarachilarning atigi 100 so’m tilab olishlarini tilanchilikdan battar deb hisoblaydi.
O’zbekistonning Sirdayo viloyati Boyuvut nohiyasida Tojikistonga kelin bo’lib tushgan shifokor Muqaddas Shokirova xalqlar birlashayotgan paytda ikki tili bir xalq ajralib qolayotganidan tashvish bildiradi. Uning fikricha, dunyo elatlari birlashayotgan bir pallada xalqlar o’rtasiga sim tortgan O’zbekiston hukumatini oqlab bo’lmaydi.
Qavmu-qarindoshinikiga diydorlashish uchun yo’lga chiqayotgan keksa onaxonu-otaxonlar o’rtadagi chegara oddiy kishilar cho’ntagiga katta zarar yetkazayotganini aytishadi.
“To’y-ma’rakangiz bo’lsa kelavering, o’tkazib yuboramiz”, degan o’zbek chegarachilariga ishonib xotin-qizlarni ikki mashinaga solib kelgan xo’jandlik Sharifboy Zokirov chegarachilar ularni aldashganini, va u oila a’zolarini bir amallab aylanma yo’llar orqali Toshkent viloyatiga chiqarib yuborganini eslaydi. Uning aytishicha, O’zbekiston chegarachilari odamlarni kalaka etib tahqirlagach, ko’p azoblardan so’ng chegaradan o’tkazishadi.
Farg’ona viloyati Oltiariq nohiyasi mavzesidagi chegara postidan doimiy ravishda o’tib yuruvchi Xotam aka O’sarov bu erda yetti ming gektarga tortilgan tikanli sim oddiy odamlar uchungina to’siq ekanligini, yomonlar esa pulni bog’lami bilan berib o’tib ketayotganligini, chegaraga O’zbekiston o’rnatgan minalardan tinch aholi halok bo’lib, o’zbek hukumati obro’sizlanayotganini aytadi.
“Eron radiosidan eshitdimki, O’zbekiston qo’ygan minalardan 160 kishi halok bo’libdi. Buni Karimov qilgan deyishadi. O’z odamlari ham halok bo’lishmoqda. Qo’shnilarni o’ldirish nimaga kerak? Bu xalqlarni bir-biriga dushman qilib qo’yadi,” - deydi X. O’sarov.
Tojikistonning Shahriston nohiyasidan bo’lgan Zulayho G’ulomova chegaraga O’zbekiston tomonidan tortilgan tikanli simlarni hayotlaridagi simto’rdek baholaydi.
“Biz o’zimizni simto’r ortida tumanda qolgan odamlardek his qilamiz”, - deydi Zulayho.