Jahon Banki homiyligida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o’tkazilayotgan Yevrosiyo anjumanida maorif masalalari muhokama qilinmoqda.
1 oktyabr - O'zbekistonda o’qituvchilar va murabbiylar kuni - umumxalq bayrami sifatida nishonlandi. Hukumati tomonidan tasdiqlangan “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” asosida faoliyat yuritayotgan ta’lim tizimida ko’plab muammolar kuzatiladi.
O’zbekistonda ba’zi maktab o’qituvchilari dars jarayonida muammolarga duch kelishayotganini aytishmoqda. Buning sabablaridan biri yangi darsliklarning chop etilgan darsliklardan farqlanishida, deydi o’zini Muhtarama deb tanishtirgan toshkentlik o’qituvchi.
“Darsligimiz judayam katta o’zgarishga ega bo’libdi. Nega deganda, bolalarimiz bu yilgi sinfga o’tgandachi, o’tmagan narsasi kitobda chiqyapti. Bizlar shu chiqqan kitobni planga solishtirsak, to’g’ri kelmadi. Judayam katta o’zgarish bo’lgan. Menimcha, sal bolalarni qiynab qo’ysak kerak. Mana, bitta sinfga ikki xil kitob tushib qolyapti, yarim o’quvchi o’qiydi boshqacha, yarim o’quvchini kitobi boshqacha. Chunki yildan-yilga kitobning o’zgargani sabab”, - deydi o’qituvchi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, O’zbekistonda Xalq Ta’limi vazirligining tavsiyasiga binoan uch yil ichida 54 million nusxadan ortiq yangi darslik va o’quv qo’llanmalari chop etilgan. Ayni paytda respublikadagi 9 ming 600 ta maktabda 6 millonga yaqin o’quvchi ta’lim olayotir.
Ba’zi ota-onalar fikricha har o’quv yilida sotuvga chiqarilayotgan bir nomdagi darsliklar matni turlicha bo’layotgani o’quvchilar uchun noqulayliklaru, ota-onalar uchun ortiqcha sarf-xarajatga sabab bo’lmoqda.
“Ikkinchi sinfning matematika kitobini oldimda, oradan bir oy o’tgandan keyin, bu kitob bo’lmaydi deb boshqa kitob olib kelinglar, debdi. Keyin boshqa kitob olib berdim, bir ming ikki yuz so’mgami olib berdim shu kitobni. Men bir yilda bir bolaga nechta kitob olib berishim kerak? Bitta matematikaga. Nima uchun bitta familiyada shu kitobni chiqarmaydi? Ikki xil chiqaradi. Odamlar o’zi ovqatga pul topolmayapti, qanaqa qilib ikkita kitob olib beraman bitta bolamga. O’shani tekshiradigan odam bormi, yo’qmi o’zi. Boshqa fanlardayam mana shunaqa kitobni almashtirib, bu kitob bo’lmaydi, boshqa kitob kerak, deb hamma ota-onalar norozi bo’ldi”, - deydi toshkentlik ayol.
Ba’zi mutaxassislarga ko’ra, keyingi yillarda lotin alifbosidagi darsliklarning tez-tez o’zgarishi katta miqdordagi mablag’ning ko’kka sovrilishiga sabab bo’layotir. Ayrimlar iste’moldagi hamda maktab kutubxonalarida mavjud bo’lgan darsliklar uchun ham tender o’tkazilishini noo’rin deb hisoblashadi. O’zini Sabohat deb tanishtirgan piskentlik oily toifali o’qituvchi shunday deydi:
“Tenderli raqobat noto’g’ri deb o’ylayman. Chunki bu birinchi navbatda ota-onalarning iqtisodiga ziyon. Ayniqsa qishloq joylarida kam ta’minlangan oilalar juda ko’p, shuning uchun nashriyotga berilishdan oldin adabiyot obdon o’rganilsada, keyin bitta adabiyot haqiqiy deb topilib nashriyotga berilsa, darslik qilib keyin maktablarga tarqatilib, o’sha darslik dars davomida o’qitilsa. Mana shu qog’oz taqchilligiga ham, davlat byudjetiga foyda keltirgan bo’lardik, deb o’ylayman. Olimlarimizning yaratilayotgan darsligini bittasi tanlab olinsayu, o’sha bitta tanlab olingan darslik bolaning ehtiyoji uchun doimiy deb topilsa”, - deydi piskentlik oqituvchi.
O’zbekistonda lotin alifbosiga o’tish munosabati bilan darsliklarni qayta ko’rib chiqish va yangilarini yaratishning bosqichma-bosqich amalga oshishi ko’zda tutilgan. Ismini bildirishni istamagan mutaxassisning bergan ma’lumotiga ko’ra, nashriyotlar tomonidan 1991-2001 yillar mobaynida 2-8-sinflar uchun 42 millonga yaqin nusxada darsliklar chop etilgan. Ayni paytda mazkur darsliklarning 14 millionga yaqini Xalq Ta’limi vazirligi tomonidan foydalanishga yaroqsiz deb topilgan va o’quv dasturidan chiqarilgan.
Ayrim o’qituvchilar yangilanayotgan darsliklar nafaqat o’quvchilar, balki o’qituvchilar uchun ham muammolar tug’dirayotganini urg’ulasharkan, bu darsliklarda turli xatoliklarning ko’pligi dard ustiga dard bo’layotganini aytishadi.
“Biz ona tili, adabiyot kitobini ko’rib chiqdik-da, shunda ona tili kitobida bo’g’in ko’chirishda juda ham katta o’zgarish bo’lgan. Noto’g’ri berilgan, lotin tilida bo’g’in ko’chirish bolalarni qiynab qo’yyapti. Keyin darslikda judayam noto’g’ri misollar berilyapti. Ona tilida ham, matematikada judayam xato misollar ketyapti. Bolalar bundan hayron, so’rashadi-da, bizning o’zimiz ham vaqti kelsa dovdirab qolyapmiz. Shunga maorifdagilar ham ozgina e’tibor berishsa, juda katta ish bo’lardi. Bolalar ham qiynalmasdi, o’qituvchi ham qiynalmasdi”, - deyishadi ba’zi o’qituvchilar.
Biroq, Xalq ta’limi vazirligi mulozimi fikricha, darsliklarda jiddiy xatolar uchrashi mumkin emas, chunki har bir darslik obdon tekshirilib, so’ng chop etishga ruxsat berilgan.
Ayrim yoshlar fikricha, ta’lim tizimidagi islohatni maktablar va o’qituvchilarning moddiy ahvolini yaxshilashdan boshlash lozim edi.
“Mening orzum, maktablardagi darslar qoniqarli o’tilsa, yosh avlodlar yaxshi bilim olishsa, O’zbekistonga yaxshi xizmat qilishsa. Lekin hozirgi paytda maktablarimizda ko’pchilik darslar bo’lmaydi. Maktabga shundoq borib-kelishadi. Chunki maktabda darslar yaxshi o’tilmaydi. Buning sababini men o’qituvchilarning oyligi kamligi ham deb bilaman. Agar o’qituvchilarning oyligi ko’p bo’lganda, o’qituvchilarni ta’minlab turishganda edi, o’qituvchilar shunga qarab yaxshilab dars o’tishgan bo’lishardi, yaxshi bilim olardik. Lekin hozir buning aksini ko’ryapmiz. Oylklar kam, o’qishlar bo’lmayapti, darslar bo’lmaydi, bolalar qayerga borsa borib yuraveradi. Hozir radiolarda ham maqtab aytishadi, lekin buni amalda ko’rmayapmiz bizlar. Shuni amalda bo’lishini men xohlardim,”- deydi yoshlardan biri.
Ayni paytda maktablarda bir sinfda 35-40 o’quvchi o’qishi ham umumta’limdagi jiddiy muammolardan biridir. Chunki, deyishadi o’qituvchilar, bu hol nafaqat muallimlar ishini og’irlashtirmoqda, balki har bir o’quvchining yetarlicha bilim olishi uchun ham halal bermoqda.