Yulduz Usmonova nima uchun ta'qiqlandi?

Taniqli xonanda Yulduz Usmonova O`zbekistonda ta’qiqqa uchradi. Bu muxlislarning turli taxminlariga sabab bo`lmoqda. Yulduz Usmonova Amerika Ovozi bilan suhbatda o`z qo`shiqlarining nima uchun keng ommaga avvalgidek keng havola etilmayotgani sabablarini izohlaydi.

Yulduz Usmonova O`zbekiston televideniyesida ta’qiqilanganidan, milliy bayramlar va tadbirlarda ishtirok etmayotganidan u qadar qayg’urmayotganini aytsada, ijodiy safarlarga to’sqinlik qilayotgan bu kabi ta’qiqlarni adolatsiz hisoblaydi:

“Men shunqay deb o`ylayapman, chunki o`sha Ashgabatdan keyin shunday [bo`lmag`ur] gaplar tarqaldi. Lekin uni ham noto`g`ri yetkazganlar bo`lishi mumkin. To'g’ri, men Ashgabatga bordim. Masalan, shahar bedarvoza emas, meni Tashqi ishlar vazirligi yuborgan, elchimiz taklif qilgan, xalqi, podshosi yaxshi kutib oldi.”

Yulduz Usmonovaning so’zlariga ko`ra, Ashgabatga ijodiy safaridan so`ng ikki oy o`tib, uning qo`shiqlarini davlat tele-radiokanallari orqali efirga uzatish, matbuotda u haqda ma`lumot chop etish man qilingan.

Xonanda Turkmanistonda O`zbekiston hukumatiga nomaqbul qanday gap aytgan bo`lishi mumkin?

Yulduz Usmonovaning aytishicha, u turkmanistonliklarni O`zbekiston nomidan tabriklagan, xolos:

“O`zi nima deding, degan gap yo`q, nimaga bording, degan gap. Bizning nima ishimiz bor, har bir davlat o`zichasiga ko`karayapti. Eng keraklisi, yiqilmay ko`karayapsizlar, deb tabriklab keldim. Shuni menga davlat arboblari gapirishdi, nega bordingiz deb. Nega bormasligim kerak? Bunga ortiqcha to`xtalgim yoq. Yanayam o`zi biladi. Davlat kanallarini men uchun berkitib qo`ygani bilan men ijod qiladigan odamman. 1996-97 yillarda tijorat kanallari ham yo`q edi, radioda ham berilmagan, 1992-93 yillarda zapislarimni sotganlarni ham jarimaga tortishgan. Xudo beraman desa, haq berganni, xalq ololmaydi",- deydi xonanda.

O`zbekistonda san`atkorlarga nisbatan ta’qiq odatda qanday amalga oshiriladi?

“Qanday amalga oshiriladi? Tepadan kimdir qo`ng’iroq qiladi yoki aytib qo`yadi – “og`zaki” buyruq, deydi. Televideniye davlatniki-ku, o’sha joyda o`tirgan ijro qiladi. Kim buyruq berganini hech qachon bilmaysiz. Keyin taxmin qilib yurishingiz mumkin. Gumon iymondan ayirar, degandek. Men bu safar nihoyatda xotirjam yondashdim. Mendan ham ayb o'tgandir. Ehtimol, men ruxsat so`rab ketishim kerak bo`lgandir, lekin men Tashqi ishlar vazirligi orqali ketdim-ku? Men qanday gunoh ish qildim? Shuning uchun televideniyada ta'qiqlanishim noto`g’ri deb o`ylayman”, - deydi Yulduz Usmonova.

Xonanda o`z faoliyati mobaynida bir necha bor ta’qiqqa uchragan bo’lib, buning sababini faqat rost gapni aytishga o`rganganida deb hisoblaydi.

Yulduz Usmonova sobiq deputat va atoqli san`at arbobi sifatida O`zbekistonda san`atkorlar, jumladan, qo’shiqchilarning tez-tez bosim ostiga olinishini shunday izohlaydi. Xalq artisti o`zbek estradasining buguni, qo`shiqchilik san`atining istiqboli haqida shunday mulohaza yuritadi:

“Men o`zimning fikrimni aytib, ertaga yana baloga qolaymi? Albatta, o`zimning fikrim bor. San`at hech qayoqqa ketayotgani yo`q, yaxshi san`at baribir qoladi, bugun bo`lmagan taqdirda ham. Lekin san`atkorman deb ko`krak kerib yurganlar, o`n yildan keyin qanday non topib eydi? Nima karomat ko`rsatayapti bular, ertaga gadoy bo`ladimi? Bozorga chiqib eski-tuski sotish bilan kun o`tkazadimi? Yoshlik o`tadi, ertaga ular orqasida turgan buyuk-buyuk arboblar, sponsorlar, ular ham yoshlarni ta`minlaydi. Kimga kerak bo`ladi, qanday kun ko`radi. Yoshlarga achinaman, ko`r-ko`rona ergashib ketayapti", - deydi san'atkor.

Yulduz Usmonova uning qo`shiqlari va she’rlari aynan diniy ruhiyatga yaqinligi uchun senzura qilingani haqidagi ma`lumotlarni inkor etadi.

Xonanda ayni paytda muxlislari uchun yangi qo`shiqlar yaratmoqda va noyabr oyida yangi albomini taqdim etish niyatida. Uning so’zlariga qaraganda, san’atkor O`zbekistonda birinchi bor ta’qibga uchrayotgani yo`q. Ta’qiqlar o`tkinchi, shunday ekan, bu bosqichdan ham o`tish kerak, deydi u.