AQSh-O'zbekiston iqtisodiy aloqalari sustlashmoqda

So’nggi paytlarda O’zbekistonning AQSh bilan nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy aloqalari ham eng past darajaga tushgan. Ayniqsa Andijon voqealaridan so’ng Amerika O’zbekiston hukumati va matbuoti tomonidan yaxshi qarshilanmaydigan bo’ldi. Natijada nafaqat AQSh nodavlat tashkilotlari va axborot vositalari, shuningdek, tijoriy kompaniyalari ham O’zbekistonni tark etishga majbur bo’la boshlagan. Bu esa o’z-o’zidan ikki davlat o’rtasidagi savdo aloqalariga katta putur yetkazgan.

AQSh Davlat departamentining Markaziy Osiyo masalalari bilan shug’ullanuvchi rasmiysi Evan Feygenbaumning aytishicha, Markaziy Osiyoda AQSh sarmoyalari o’sayotgan bir paytda, O’zbekiston bilan savdo oboroti juda past. 2005 yilda AQShning O’zbekistonga eksporti oldingi yilgidan 65% ga tushgan.

"AQSh kompaniyalari O’zbekistonda hamon katta to’siqlarga duch kelmoqda. Import tariflari baland, litsenziya olish jarayoni murakkab, qonunlar birday qo’llanilmaydi," - deydi AQSh rasmiysi.

Ikki mamlakat o’rtasidagi iqtisodiy aloqalarning sustligini O’zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, sarmoyalar va savdo vaziri Elyor G’aniyev ham tan oladi. Uning aytishicha, AQSh O’zbekiston bilan savdo aloqalarini olib borayotgan mamlakatlar o’nligiga kiradi, biroq shunga qaramay savdo munosabatlari qoniqarli emas. 2004 yilda AQSh-O’zbekiston savdo oboroti yarim milliard dollardan oshgan bo’lsa, bugunga kelib bu ko’rsatkich 200 million dollardan kam.

Yaqinda Vashingtonda AQSh-O’zbekiston Savdo Palatasining yillik yig’ilishi bo’lib o’tdi. O’zbekistondan kelgan rasmiylar yig’ilishga buyurgan AQSh kompaniyalari vakillarini O’zbekistonda ish yuritishga da’vat etdilar.

Rasmiy Toshkent vakillariga ko’ra, O’zbekistonda 7 foiz yillik iqtisodiy o’sish sur’ati qayd etilgan. Respublikada mayda va o’rta biznes rivojlanib bormoqda va mamlakat yalpi ichki mahsulotining 36% ini tashkil etyapti. Byudjet kamomadi yo’q. Bularning barchasi AQSh sarmoyadorlarini jalb qilish uchun yetarli sababdir, deydi ular.

Biroq Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Jamg’armasi kabi yirik moliyaviy tashkilotlar ma’lumotiga ko’ra, rasmiy iqtisodiy statistika odatda haqiqiy vaziyatni aks ettirmaydi va bo’rttirib ko’rsatiladi. Iqtisodiy o’sish ichki bozorda xarid qilish salohiyatining o’sishi emas, balki eksport hisobiga ta’minlanmoqda. Ushbu tashkilotlar ta’kidlashicha, yuqori raqamlar aholi yashash sharoitining yaxshilanishiga olib kelmagan. Uning chorak qismi qashshoq.

AQSh-O’zbekiston savdo aloqalarining sustligiga qaramay, O’zbekistondagi to’g’ridan-to’g’ri chet-el sarmoyalarining katta qismi AQSh biznesiga to’g’ri keladi. Ayni damda respublikada mingga yaqin chet-el kompaniyalarining 109 tasi AQShga tegishli. Yana 334 firma AQSh kapitali bilan ish olib bormoqda.

O’zbekistonda faoliyat ko’rsatayotgan yirik AQSh kompaniyalaridan quyidagilarni alohida ta’kidlab o’tish mumkin: Dunavant Enterprises, Nukem Korporatsiyasi, Caterpillar, Boeing, Case New Holland, Baker Hughes.

Biroq so’nggi paytda O’zbekistonda AQShga qarashli nodavlat tashkilotlardan tashqari Amerika kompaniyalari ham qattiq bosimga uchramoqda. AQShning O’zbekistondagi faxriy kompaniyalaridan hisoblangan Zarafshon-Newmont qo’shma korxonasi 49 million dollar soliq to’lamaganlikda ayblanib, bankrot deb e’lon qilingan. AQSh bilan hamkorlikda ochilgan Coscom uyali aloqa qo’shma korxonasiga ham ayni ayblovlar qo’yilgan, biroq kompaniya taqdiri hozircha noma’lum. Coca-Cola O’zbekiston bozorini bir necha yil burun siyosiy sabablar tufayli tark etgan.

AQSh Davlat departamenti vakili Evan Feygenbaumning aytishicha, Zarafshon-Newmont taqdiri O’zbekiston bozoriga kirish ehtimolini o’rganayotgan AQSh kompaniyalari xavotiriga sabab bo’lishi mumkin.

Rose Consulting kompaniyasi prezidenti Aaron Rouz savdo – siyosiy aloqalarni yaxshilashga olib keladigan muhim omil deydi.

"Biznes siyosiy muammolarga qaramay olib borilishi mumkin va siyosiy aloqalarni tiklashda yordam beradi." - deydi u.