Vatan mudofaasimi yoki ishsizlikdan ikki yilga tanaffus?

Tojikistonda 1979-1988 yillar orasida tug’ilgan yigitlar harbiy xizmatga chaqirilmoqda.

Sobiq SSSR tarkibida to'rt millionlik aholiga ega Tojikiston Sovet armiyasi safiga yiliga 140 minggacha yigitni jo’natib turgan.

Hozir mustaqil Tojikiston armiyasida qancha harbiy xizmatchi borligi noma’lum.

Respublika Mudofaa vazirligi safarbarlik va tashkilotchilik rayosati boshlig’i, general-mayor Akbarjon Qayumovning jurnalistlarga ma’lumot berishicha, joriy yil kuzgi chaqiriqda 6 mingdan ziyod yigit harbiy xizmatga jo’natiladi.

Bahorgi chaqiriqda ham raqamlar shu atrofda bo’lgan. Generalning aytishicha, bugungi yoshlar harbiy xizmatdan cho’chimasalar ham bo’ladi, chunki tojik armiyasidagi sharoit 10 yil oldingidan ijobiy tomonga o'zgargan.

Buni yaqindagina Dushanbe va Qo'rg'ontepada yigitlik burchini o’tab qaytgan oddiy soldatlar - O’ktamjon Qodirov va Hakimjon Jo’rayevlar ham tasdiqlashadi. Ular tengdoshlarini armiya xizmatidan qochmaslikka chaqiradi.

“Qochib yurmasin. Borsin xizmatga.Vatanni qo’riqlab kelsin 2 yil, xizmat zo’r. Meni xizmat davrim juda soz o’tdi. Hamma qiyin deydi, qiyinchilik yo’q,” - deydi Dushnbeda xizmat qilgan O’ktamjon Qodirov.

“Meni fikrimcha vatanga 2 yil xizmat qilib berish o’g’il bolaning qarzi. Rossiyaga qochib borganlar ham bir kun keladi, harbiy bilet so’rashadi…Undan ko’ra vaqtida borib xizmatni qilib kelsinlar. Hozir oldingidek qiyinchiliklar yo’q, hozir hamma harbiy qismlar yaxshi bo’lmoqda, obu-ovqat yaxshi, oldingidek och qolmaydi, sovuq yemaydi, yotadigan joylari yaxshi,” - deydi Qo’rg’onteppada harbiy xizmatda bo’lgan Hakimjon Jo’rayev.

So’g’d viloyat harbiy komissari general-mayor A’zam Qosimovning aytishicha, bugungi kunda soldatning bir kunlik yemishi uchun hukumat tomonidan 3 somon 75 diram mablag’ ajratiladi. Bu bir dollardan sal ortiqdir.

“Bu 3 somon 75 diram, demak, bir sutkaga. Buning hammasida men raqamlarni ko’tara narxda aymoqdaman. Davlat mahsulotlarni ko’tara narxda yetkazib beradi, barcha yeguliklar 100 foiz yetkazib berilmoqda”, - deydi general. Uning aytishicha, soldatlar faqat go’sht, sariq moy va tuxum bilan 50 foiz ta’minlanganlar.

Farzandlarini harbiy xizmatga kuzatayotgan ota-onalar ko’p hollarda bolalaridan vaqtida xat-xabar bo’lmasligidan tashvish izhor etishadi. Ular o’g’illarini xizmatga yuborishga tayyorligini, ammo pochtaning ishlamasligidan norozilik bildiradi. Bolalaridan 6 oygacha xat-xabar bo’lmasligi ularni juda xavotirga solishini ta’kidlashadi.

“Pochta masalasi misol, Tojikistonda armiyada xat olish, xat borishi qiyin. Xat-xabar olib tursa xavotir olinmaydi. Pochta ishlamaydi. 6-7 oylab xat kelmaydi, xat bormaydi yozsangiz,” - deyishadi ota-oanalr.

“Men 6 oyda o’g’limni adresini, qism telefonini zo’rg’a topdim. Mahalliy harbiy komissariat hech qanday ko’mak ko’rsatmadi. Men boshqa nohiyalarni izlab yurdim, xat kelib qolib, endi 20 kun 1 oyda gaplashib turibmiz,” - deydi o’g’li harbiy xizmatda bo’lgan otalardan biri.

Farzandlarini yigitlik burchiga kuzatayotgan ota-onalarga ba’zilar o’g’illarini xizmatdan olib qolish uchun Rossiyaga jo’natayotgani haqida savol berilganda, ular aksincha o’g’illarini chaqiruv qog’ozi kelgandan so’ng Rossiyadan chaqirib olib armiyaga kuzatishayotganini aytishdi.

“Chunku hozir Tojikistonda armiya sharoiti ham yaxshilanib qoldi, ko’nglimiz to’q, bolalarimizni qo’sh-qo’llab bermoqdamiz,” - deyishadi ular.

Shunday bo’lsada, ayrim ota-onalar har qanday yo’llar bilan o’g’illarini harbiy xizmatdan olib qolishga intilishadi. Norasmiy ma’lumotlarga ko’ra, Tojikistonda bir ygitni harbiy xizmatdan qoldirib tegishli guvohnoma olib berish 500 dollar atrofida turadi. Nohiyalarda bunday qonunbuzarliklar uchrashini general-mayor A’zam Qosimov ham e’tirof etar ekan, bu ko’rinishlarga qarshi qattiq kurashilayotganini aytadi.

“G’onchi nohiya harbiy komissari chaqiruvda bo’lgan bolasini harbiy xizmatdan qoldirishga otasidan pora olgani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Yana Istaravshan harbiy komissariyatida ham pora olishda ayblanganlar jinoy javobgarlikka tortilishgan. Bizga bog’liq bo’lgan komissariatlarda attestasiya o’tkazdik. Qator xodimlarimiz, jumladan Isfara harbiy komissari xizmatidan bo’shatildi. Harbiy komissariatlardan 12 ofiser va praporshiklar lavozimlaridan bo’shatildi,” - deydi So’g’d viloyat harbiy komissari A’zam Qosimov.

Uning aytishicha, harbiy xizmat davomida soldatlarning mayib va halok bo’lishi uchrab turadi. Bu holat ham harbiy qismlar, ham prokuratura xodimlariga qo’shimcha ish bo’ladi.

“Afsuski harbiy xizmati davomida mayib bo’lganlar uchraydi. Men mana misol keltiraman, harbiy xizmatdan bo’shatilgan 12 harbiymizdan o’n bittasi xizmatni o’tash davrida kasallikka chalingan. Shulardan bittasida shifokor xatoga yo’l qo’ygan. Haqiqatdan ham respublika janubiga bemor yoshlArni jo’natganimiz prokuratura xodimlariga bir yuk bo’ldi,” - deydi general-mayor taasuf bilan.

Shifokorlarga ko’ra, xizmatga chaqirilayotgan ko’pgina yigitlar orasida jismoniy rivojlanmaslik, vaznning ozligi va kam ovqatlanish tufayli organizmdagi yetishmovchilik ko’p uchraydi. Yigitlarni harbiy tibbiy ko’rikdan o’tkazish guruhi bosh shifokori Olimjon Bekbo’tayevning aytishicha, chaqiriluvchilar orasida bolaning bo’yi-basti va vazni o’rtasida nomuvofiqlik ko’p uchraydi.

“Shu kungacha harbiy xizmatga chaqirilganlardan 97 kishini maxsus hujjat bilan tekshiruvga jo’natgan bo’lsak, shulardan 25 tasi sog’lom bo’lib qaytib keldi. Bolalarning jismoniy to’la rivojlanmasligi sabablari endokrinologik tomonlari bor. Ikkinchidan esa ijtimoiy-iqtisodiy tomonlarga bog’liq. Yetarli oziq-ovqat, vitaminlar olmasligi ham shu kasalliklarni keltirib chiqaradi,” - deydi shifokor Bekbo’taev.

O’g’illarini harbiy xizmatdan qoldirish uchun Rossiyaga jo’natib yuborayotgan yoki ena-bola sigirini sotib harbiylarga pora uzatayotganlar uchrasa-da, Tojikistonda burchiga sodiq qolib ko’ngilli tarzda harbiy xizmatga borayotgan yoshlar tobora ko’paymoqda. Shulardan biri Salimjon Jumayev o’z tengi Hasanjon bilan vatan xizmatiga tayyor ekanligini bildiradi.

“Endi nima qilardik. Xizmat bo’lsa, xizmat qilamizda. Mana Hasan bor, man bor. O’z yigitlik burchimizni bajarishimiz kerak. Vatan oldidagi yigitlik burchimizni bajarishimiz kerak, bu bo’ynimizdagi qarzimizdir,” - deydi Salim Jumayev.