Yevropa Ittifoqining O'zbekistonga sanksiyalari kuchda qolishi mumkin

13 noyabr kuni Yevropa Ittifoqi O’zbekistonga qo’yilgan sanksiyalarning taqdirini ma’lum qiladi.

Shu haftada Bryusselda O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yevropa Ittifoqi rasmiylari bilan ushbu masala bo’yicha uchrashgan edi. Norov O’zbekistonda inson huquqlari bilan bog’liq ahvol yaxshilanadi, deya va’da bergan.

Uchrashuv Yevropa Ittifoqining O’zbekistonga qo’yilgan sanksiyalarning kuchaytirilmasligiga yordam berdi, deydi ittifoq diplomatlaridan biri. Unga ko’ra, sanksiyalar kuchaytirilmaydi, biroq Germaniya xohlaganidek, bekor ham qilinmaydi.

Chunki Britaniya, Gollandiya va Skandinaviya davlatlari bunga qarshi chiqmoqda. Qurol embargosi va O'zbekistondagi ayrim rasmiylarning Yevropaga kirishiga taqiq ko'rinishidagi sanksiyalar kelasi 12 oy davomida kuchda qolishi mumkin.

Shu bilan birga inson huquqlari bilan bog’liq ahvol muntazam ravishda kuzatib boriladi va sanksiyalar har uch oyda ko’rib chiqiladi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, shu haftada O’zbekiston konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishlar sanksiyalarning kuchaytirilmasligini oldini olish uchun qilingan qadamdir.

Yevropa Parlamenti qabul qilgan rezolyutsiya sanksiyalarni kuchaytirishni va Yevropaga kirishga ma’n etilgan va Yevropadagi bank hisob raqamlari va mulklari muzlatilishi ko’zda tutilgan O’zbekiston rasmiylari qatoriga prezident Karimovni ham qo’shishni taklif etgan edi.

Biroq so’nggi qarorni Yevropa Kengashi qabul qiladi va bu dushanba kuni ma’lum bo’ladi.