O'zbekiston huquq faollari muzokara boshlashni talab qilmoqda

Toshkentda bir guruh huquq himoyachilari O’zbekistonda inson huquqlari yaxshilanishini talab qilib, Tashqi ishlar vazirligi oldida namoyishga chiqqan.

Unda qatnashgan faol Yelena Urlayevaning aytishicha, O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huquq himoyachilari bilan muzokara boshlashi zarur.

Shuningdek, deydi huquq faoli, O`zbekiston tomonidan Yevropa Ittifoqiga bildirilgan takliflar asosida Xalqaro Qizil Xoch jamiyatini qamoqxonalarga kirishiga ruxsat berish, Andijon fojeasi bo`yicha Yevropa ekspertlaridan iborat komissiyaning ish boshlashiga yo`l ochish kerak.

“Shu bilan birga, inson huquqlari himoyachilari va muxolifat bilan muzokara boshlanishini talab qilamiz”, - deydi Yelena Urlayeva.

Tashqi ishlar vazirligi oldida to`planagan huquq himoyachilari orasida “O`t Yuraklar” klubining rahbari Mo`tabar Tojiboyevaning ukasi Rasul Tojiboyev ham bo’lgan.

Uning aytishicha, Mo`tabar Tojiboyeva bilan hamon uchrashishning imkoniyati bo`lmayapti, Xalqaro Qizil Xoch jamiyatini qamoqxonalarga kirishiga ruxsat berilishi haqidagi va’da bor, biroq jamiyat vakillari hali ruxsat olmaganini bildirgan.

Rasul Tojiboyevga ko`ra, u aynan shularning bajarilishini talab qilib, Tashqi ishlar vazirligiga kelgan. Huquq himoyachilari vazirlik vakillari bilan uchrasha olmagan.

Vazirlikka talab bildirayotgan huquq himoyachilaridan biri Adham Shoyimardonov hozirgi uch oy juda muhim, deb hisoblaydi.

“Shu uch oy mobaynida hech qanday o`zgarishlar bo`lmasa, sanksiyalarni yanada kuchaytirish lozim. Biz bugun talab qilishni boshladik, bugun shanba [25 noyabr], bundan keyin piketlarimizni Tashqi ishlar vazirligi oldida davom ettiramiz, muzokaraga kirishish uchun imkoniyatlar qidiramiz”, - deydi Shoyimardonov.

Yevropa Ittifoqi Andijon fojeasidan so`ng O`zbekistonga nisbatan qo`yilgan sanksiyalarni o`z kuchida qoldirdi. O`zbekiston tomoni esa mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatni yaxshilash yuzasidan Yevropa Ittifoqiga takliflar kiritgan.

Yevropa Ittifoqining keyingi qaroriga ko`ra, O`zbekistonga nisbatan qo`yilgan sanksiyalar uch oydan so`ng yana muhokamaga chiqadi. Uch oy mobaynida mamlakatda o`zgarishlar bo'lishiga umid bildirilgan.

Huquq himoyachilari O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan Yevropa Ittifoqiga bildirilgan takliflar bo`yicha o`zgarishlar boshlashni talab qilmoqda.