AQSh nazarida O'zbekiston - alohida tashvishga sabab davlat

Har yili AQSh Davlat departamenti diniy erkinliklarni poy-mol qilgan davlatlarga “alohida tashvishga sabab davlat” maqomini beradi. Bu yili bunday maqom O’zbekistonga berildi.

AQSh Davlat departamentining xalqaro diniy erkinliklar bo’yicha maxsus elchisi Xenfordning aytishicha, O’zbekistonda diniy erkinliklar jiddiy poy-mol etiladi va bu hol keng tarqalgan. Vaziyat bu yili yanada og’irlashgan, deydi AQSh rasmiysi. Diniy erkinliklarni usiz ham qattiq cheklaydigan qonun yanada kuchaytirildi. Ba’zi diniy tashkilotlarga tazyiq o’tkazilgan, litsenziyalari olib qo’yilgan, jarima miqdori ko’paytirilgan.

Hukumat siyosati O’zbekistonda avvalombor musulmonlarga qarshi qaratilgan. Rasmiylar oddiy musulmonlarni hibsga olishda davom etmoqda va islom aqidalariga konservativ ruhda yondashgan musulmonlarni ekstremizm va terrorizmda ayblamoqda. Shunisi aniqki, ta’qibga ushragan, qiynoqqa solingan va ekstremistik ruhdagi tashkilotlarga a’zolikda ayblanganlarning ko’pchligi oddiy musulmonlar.

Shu bilan birga, deydi elchi Xenford, Qo’shma Shtatlar dinni niqob qilib olgan ba’zi guruhlarning O’zbekistonga tahdidini tan oladi. Shunday guruhlardan biri AQSh Davlat departamenti tomonidan tuzilgan chet-el terrorchi guruhlari ro’yxatidan joy olgan O’zbeksiton Islomiy Harakatidir.

Musulmonlarni ta’qib qilish bilan birga, O’zbekiston hukumati mamlakatdagi nasroniylarga ham ta’qibni kuchaytirdi. Respublika qonunchiligi asosida protestantlar yetakchilari ro’yxatdan o’tmay turib uchrashuvlar o’tkazgani va diniy mazmundagi materiallarni tarqatgani uchun sud qilinib, jazoga tortildi. Ro’yxatdan o’tgan boshqa diniy guruhlarga ham jarima solinib, litsenziyalari olib qo’yildi.

O’zbekistonning diniy erkinliklar va inson huquqlarini ta’minlash bo’yicha ahvoli ayanchli. O’zbekistonni “alohida tashvishga sabab davlat” deb belgilash, respublikani jiddiy islohotlarni amalga oshirishga va siyosatini o’ylab yurgizishga undaydi, deya umid bildiradi Qo’shma Shtatlar.

“Din erkinligi”, deydi AQSh prezidenti Jorj Bush, “inson ruhining ilk erkinligidir. “Biz,” deydi Bush, “ana shu erkinlikni o’z mamlakatimizda ham, jahon bo’ylab ham himoya qilishimiz zarur.”