Shimoliy Amerika, Yevropa va Yevrosiyo masalalarini o’rganuvchi maskan xodimi nazarida Markaziy Osiyo G’arbdan uzoqlashmoqda.
Germaniyada joylashgan, Xavfsizlik bo’yicha Yevropa Marshal tadqiqot markazi professori Rojer Kangas (Roger Kangas) 20 yildirki Markaziy Osiyo bo’yicha izlanadi. G’arb va Markaziy Osiyo munosabatlari, deydi u, anchadan beri sovuqlasha boshlagan.
“Aloqalar qisqa muddatli rejalarga asoslangan. Ayniqsa, 2001 yilning 11 sentyabr voqealaridan so’ng, zudlikda qaror qabul qilish ehtiyoji paydo bo’ldi va tez orada barbod bo’ldi. Tomonlar bir-birini to’liq o’rganmadi. AQSh birinchi navbatda harbiy munosabatlarni yoqlab chiqqani sabab, iqtisodiy va siyosiy hamjihatlik uncha rivoj topmadi”, - deydi professor Kangas.
“Iroq urushidan boshlab to rangli inqiloblargacha... qolaversa Andijon voqealari AQSh va Markaziy Osiyoni bir-biridan ancha begonalashtirdi”, - deydi Rojer Kangas.
Markaziy Osiyo rahbarlarini AQShning Iroqqa nisbatan siyosati, milliy suverenitetlarga bo’lgan tahdid, rejim o’zgarishi xavfi va demokratiyaga haddan tashqari e’tibor qaratilayotgani cho’chitib qo’ydi, deydi tadqiqotchi.
“Putin davriga kelib, Rossiya Markaziy Osiyo bilan ancha yaqinlashdi. Ishonch paydo bo’ldi, tomonlar Sovet davrini qumsagani bilindi. Xitoy iqtisodiyoti o’sib bormoqda. G’arb sarmoya berishni to’xtatsa, Xitoy yordam qo’lini cho’zmoqda.”
Umid bormi? Sovet davri yetakchilari hukumatdan ketgach, yangi avlod kelsa, AQSh mintaqaga qanday siyosat taklif etishi mumkin?
“AQSh hozirdan muloqot qilishni boshlashi lozim. Eng katta muammo, mintaqa xalqiga quloq tutishda. Muammo va takliflarini chuqurroq tahlil qilish kerak. Yangi avlod kelgach, kecha AQSh qayerda edi, nega qiyin bo’lganda yordam bermadi, deydiganlar topiladi. Markaziy Osiyo esa bir tomonlama siyosatdan cheklanishi, AQSh va Yevropa bilan ham iqtisodiy integratsiyani kuchaytirishi lozim”, - deydi professor.
Professor Kangas nazarida Markaziy Osiyo, Rossiya va Xitoyni birlashtirgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti G’arbning siyosiy ta’sirini cheklashga qaratilgan blok. Muvozanat, oydinlik va oshkoralik uchun tashkilotga Yevropa va AQSh kuzatuvchi sifatida taklif etilishi lozim, deydi tahlilchi Rojer Kangas.