AQSh Iroqni tinchlantirish yo'llarini izlamoqda

Iroqdagi ahvolni o’rgangan guruh bugun prezident Bushga o’z xulosalarini ma’lum qildi.

Sobiq diplomat va siyosatchilardan tashkil topgan komissiya AQShning Iroqdagi siyosatiga qanday o’zgartirishlar kiritish bo’yicha maslahatlar berdi.

Maslahatchi guruh Amerika harbiylari jangovar maqsaddan insonparvarlik ishlariga o’tishi lozim, deya tavsiya qilmoqda.

Prezident Bushning aytishicha, tahlilnomada Iroqdagi ahvol o’ta jiddiy baholangan. Guruh xulosalarini inobatga olamiz, deydi u.

Oq uydagi muxbirimiz Pola Vulfsonning xabar berishicha, Yaqin Sharqda yangi diplomatik tashabbus bilan chiqish, jumladan Eron va Suriya bilan yuzma-yuz gaplashish maslahat berilgan.

Tahlilchi Deyvid Nyuton fikricha guruh xulosalari AQShning Iroqda qanday yo’l tutishi lozimligi borasida qizg’in bahsu-munozaraga sabab bo’lmoqda.

Bush ma’muriyati va AQSh Mudofaa vazirligi ham Iroqdagi vaziyatni alohida o’rganib chiqmoqda. Kongress tuzgan maslahat guruhi prezidentga faqatgina bir manba bo’lib xizmat qiladi.

Tashqi siyosat va mudofaa bo’yicha mutaxassis Daniela Pletkaning aytishicha maslahatlar har tomondan yog’ilmoqda, lekin Iroq bo’yicha bir qarorga kelish oson kechmaydi.

Iroqqa qo’shimcha askarlar yuborish kerakmi, ularni chiqarish kerarkmi, yoki dushman bilan muloqotga kirish kerakmi, bularning hech biri mukammal bir yechim emas, deydi tahlilchi.