AQShning Iroqdagi siyosatini qayta ko`rib chiqayotgani va yangi strategiya qabul qilish borasidagi harakatlari o`zbekistonlik kuzatuvchilar tomonidan turlicha baholanmoqda.
AQSh Iroqqa nisbatan siyosatini qayta ko`rib chiqayotgani, ayniqsa, AQSh qo`shinlari olib chiqish ehtimoli o`zbekistonlik kuzatuvchilar orasida turli munozaralarga sabab bo`lmoqda.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikriga ko`ra, qo`shinlarning Iroqdan olib chiqilishi vaziyatni taranglashtiradi. Lekin hozirgi holatda qolish AQSh salohiyatiga putur yetkazishi mumkin:
“Hozir shunday vaziyat shakllandiki, Iroqda islom dini qarshilik ko`rsatish mafkurasiga aylanib borayapti. AQShning Yaqin Sharqdagi siyosatini ustuvor bo`g`ini – bu AQShni Isroil davlatiga munosabati va butun musulmon Sharqida bu siyosatning adolatsiz deb topilishi”.
Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, Jorj Bush siyosatidagi katta bir xatolik Klinton prezidentligi davrida Isroil-Falastin muamosini tinch yo`l bilan hal qilishga ajratilgan katta tashabbuslarga e`tiborsizlikdir.
“AQSh bu muammodan qanchalik o`zini tortar ekan, bu muammolar shunchalik o`tkirlashib boraveradi. Hozir juda ham murakkab davr. Iroqdagi vaziyatni qo`lga olish balansiga erishilgani yo’q. Chunki bu balansning eng asosiy tarkibiy qismi Falastin siyosatini qayta ko`rib chiqish, ya’ni Falastin davlatini tashkil toptirish”, - deydi Kamoliddin Rabbimov.
Sharqshunos olim Abdusattor Jumanazar bundan keyin qanday siyosat yuritilishidan qat’iy nazar Iroqdagi vaziyat keskinligicha davom etadi deb hisoblaydi:
“Avval boshida BMT jur’atsizlik qildi. AQSh bostirib kirgan paytda, faoliyatini keskinlashtirib bunga aralashsa, vaziyat ehtimol biroz nisbatan tinchishi mumkin. Lekin baribi u erda Isroil-Falastin singari yana bir doimiy ziddiyatli o`choq yuzaga keldi. Toki, bir tomon g`alabaga erishmaguncha va ikkinchi tomonni to`g`ri yo`lga boshlamaguncha davom etaveradi”, - deydi sharqshunos.
O`zbekistonlik kuzatuvchilar nazarida Iroqdagi vaziyatni barqarorlashtirish ko`p jihatdan Falastin va Isroil mojarosiga ahamiyat qaratishni taqozo etadi.
Ularnni hal etilishda rasmiy Vashington mavjud pozitsiyasini o`zgartirishi va mojarolarni muzokaralar yo`li bilan yechish tashabbusini qo`lga olishi zarur.