Afg'oniston muzeyi eksponatlari 28 yilda ilk bor ko'rgazmada

1979 yili Afg’onistonga Sovet qo’shinlari kirgach, mamlakatdagi noyob san’at asarlarini himoya qilish maqsadida Kobuldagi Milliy muzeyning bir guruh xodimlari ularni yashirib qo’yishga va sirni hech kimga ochmaslikka kelishib olgan edilar.

Sovet qo’shinlari Afg’onistonni tark etgach ham mamlakatda tinchlik o’rnatilmadi. Afg’onistonda fuqarolik urushi boshlandi.

1996 yilda hokimiyat tepasiga kelgan Tolibon harakati inson qiyofasidagi san’at asarlarini, jumladan Bomiyondagi toshdan yasalgan ikki bahaybat Budda haykalini yakson qildi.

Afg’oniston Milliy muzeyining siri uch yil burun ochildi. Muzey yodgorliklarini yashirib qo’ygan xodimlar prezident Hamid Karzayni bundan voqif etdilar.

Yaqinda esa muzeyning 220 dan ziyod eksponati Parijdagi Osiyo san’ati muzeyida so’nggi 28 yil ichida ilk bor keng omma diqqatiga havola qilindi. Ularning ba’zilari oltin va fil suyagidan tayyorlangan. Eksponatlar ikki-ikki yarim ming yillik tarixga ega.

Eksponatlarni tiklashda va ro’yxatdan o’tkazishda ishtirok etgan AQSh Geografiya Jamiyati arxeologi Fredrik Xibertning aytishicha, yashirilgan muzey mulki orasida 1979 yili Sovet arxeologi Viktor Sarianidi tomonidan Tillatepada topilgan va Baqtriya davlatidan davridan qolgan bir necha ming dona oltin tangalar solingan olti sandiq ham bor edi.

"Afg’onlar qalbining pokligi meni hamisha hayratga solib kelgan. Boyliklarning shu paytgacha saqlanib qolingani haqiqiy mardlikdir, chunki Afg’onistondagi iqtisodiy ahvol og’ir bo’lishiga, muzey xodimlarining ba’zilari qiynoqlarga solinishiga qaramay, sir oshkor etilmagan," - deydi olim Xibert.

Muzey direktori Umar Xon Massudi yashirilgan qimmatbaho eksponatlarga hiyonat qilmay 20 yil davomida bozorda kartoshka sotib kun kechirgan.

Tarixiy boyliklar yashirilgan joyidan uch yil burun olib chiqilganda, ularni qazib olgan, biroq 25 yil davomida taqdiridan bexabar bo’lgan arxeolog Viktor Sarianidi ham o’sha yerda bo’lgan. Fredrik Xibert keksa olim quvonchdan ko’zlari yoshga to’lganini ko’rgan.

BMT Ta'lim, Ilm-Fan va Madaniyat Agentligi (UNESCO) ma’lumotiga ko’ra, Sovet istilosi, fuqarolik urushi va Tolibon davrida muzeyning 100 mingdan ortiq eksponatlaridan 70 foizi yo’q qilingan yoki o’marilgan.

Shu kunlarda Parijdagi Osiyo san’ati muzeyida saqlanib qolgan yodgorliklar ko’rgazmasi bo’lib o’tmoqda.

Ko’rgazma rahbari Pyer Komboning Amerika ovoziga aytishicha, 1922 yildan beri Fransiya va Afg’oniston o’rtasida arxeologik hamkorlik bo’yicha shartnoma bor.

Parijdagi muzey Afg’oniston Milliy Muzeyi bilan o’sha shartnoma asosida hamkorlik o"lib bormoqda.

"Ko’rgazma Afg’oniston boy tarixi va madaniyati hamda undan oldingi davrni ko’rsatish va qisman u yerda hayot normallashayotganini ko’rsatib, sayyohlarni mamlakatga jalb qilishni maqsad qilgan," - deydi Parij muzeyidagi Afg’oniston ko’rgazmasi rahbari Pyer Kombo.

Afg’oniston milliy muzeyiga tegishli eksponatlar yana bir necha mamlakatda ko’rgazmaga qo’yiladi va mamlakatda vaziyat yaxshilangach, Kobulga qaytariladi.

"Afg’oniston hukumatining eksponatlarni mamlakat tashqarisiga chiqarishiga ikkita sabab bor. Ulardan biri Afg’oniston boy madaniyati va tarixini jahonga targ’ib qilish bo’lsa, ikkinchisi ko’rgazmalardan tushgan daromad hisobiga Kobulda zamonaviy, xavfsizlik choralari kuchli muzey qurishdir," - deydi AQSh Geografiya Jamiyati arxeologi Fredrik Xibert.

Xibert 2000 yili O’zbekiston prezidenti iltimosiga ko’ra, AQSh bo’ylab O’zbekiston ko’rgazmasini uyushtirishda katta hissa qo’shgan.

2001 yil mart oyida Tolibon vayron qilgan ikki ulkan Budda haykalini tiklash masalasi Afg’oniston tarixiy merosini qayta jonlantirish doirasida keng muhokama qilinmoqda.

Buddalar eramizning 554 yili qurilgan. 2003 yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti vayronalarga Jahon merosi maqomini bergan.

Ayrim afg’onistonliklar saqlanib qolgan Budda vayronalari va qoldiqlari yordamida ularni tiklab mamlakatga sayyohlarni jalb etishga chaqirmoqda.

Biroq fransiyalik san’atshunos Pyer Komboning aytishicha, haykallar tiklangan taqdirda ular UNESCO tomonidan berilgan Jahon merosi maqomidan ayrilishi mumkin. Chunki qoidaga ko’ra, vayrona asl ko’rinishini saqlab qolishi kerak.

Vayron etilgan ikkala Budda haykali qoldiqlarining umumiy og’irligi 200 tonna keladi. Ulardan haykallarni avvalgi holiga keltirishda foydalanish oson kechmaydi. Mutaxassislarga ko’ra, bu 50 million dollar mablag’ talab qiladi.

San’atshunos Pyer Komboga ko’ra, mamlakat oldida ayni damda bundanda muhimroq ishlar yotibdi. Shunga qaramay Bomiyondagi bir vaqtlar Budda haykallari qad ko’targan joy fonida ularning manzarasini tushiradigan ovozli lazer shou moslamasining yaponiyalik mutaxassislar tomonidan 2009 yilda ishga tushishi rejalashtirilgan.