2007 yil - O`zbekistonda “Ijtimoiy himoya yili”

2007 yil O`zbekistonda "Ijtimoiy himoya yili" deb e`lon qilindi. Mustaqil kuzatuvchilar nazarida mamlakatda ijtimoiy vaziyatning o`nglanishi qiyin, yilning nomlanishi esa ko`proq saylov kampaniyasi bilan bog'liq.

2006 yil O`zbekistonda "Shifokorlar va homiylar yili" deb nomlangan edi. O`tgan yil sarhisobi haqidagi rasmiy ma`lumotlarda turli shifoxonalarning ta`mirdan chiqarilgani va tibbiy punktlarning ishga tushirilgani tilga olingan.

2006 yil mobaynida aholi uchun tibbiy xizmat darajasi, xususan bepul tibbiy xizmat muammosi, kuzatuvchilarga ko`ra, o`zgarishsiz qolgan.

Bundan tashqari shifoxonalar ta`miri ham asosan tadbirkorlar va fermerlar zimmasiga yuklangani e'tirof etiladi.

O`zbekiston aholisining 60 foizdan ko`prog`i qishloqlarda istiqomat qiladi. Fermerlar uchun o`tgan yil og`ir kelgan. Davlat tomonidan belgilanagan paxta rejasi bajarilmasligi oqibatida qo`shib-yozishlarga yo'l qo'yilgan, paxta o`rniga naqd pul to`langan.

"Shifokorlar va homiylar yili" munosabati bilan fermerlar qo`shimcha xarajatga - joylardagi shifoxonalar ta`miri uchun mablag` ajratishga majbur qilingan.

Kuzatuvchilarga ko`ra, yillarning nomlanishi aslida davlat byudjeti tomonidan amalga oshirilishi lozim bo`lgan ijtimoiy muammolarga qo`shimcha mablag` jalb qilish usuli bo`lib qolmoqda.

2007 yilning "Ijtimoiy himoya yili" deb e'lon qilinishidan maqsad - bu borada maruza qilgan O`zbekiston prezidentiga ko`ra nogironlar, yolg`iz qariyalar va kam ta'minlangan ijtimoiy qatlamga e'tibor qaratish. Prezident 2007 yil budjetida ijtimoiy himoyaning shu tomonlari e`tibor olinishini aytgan.

Qishloqda dehqonchilik bilan shug'ullanayotgan bir ayolga ko'ra, odamalarda yilga ichonch qolmagan. "2006 yilni yaxshi bo`ladi deyishgandi, odamlar kunini ko`rolmadi, daromad qilolmadi, 2007 yilning ham yaxshi bo'lishi hech xayolga kelmaydi," deydi u.

Bu ayolga ko`ra, bugungi kundagi asosiy ijtimoiy muammo bu ishsizlik.

Mustaqil kuzatuvchilar "Ijtimoy himoya yili" sababini O`zbekistonda kutilayotgan prezident saylovlari bilan ham bog'lashmoqda.

Jamiyatshunos Komron Aliyevga ko`ra, O`zbekistonda o`rta qatlamdagi aholi ham nihoyatda kamchilikni tashkil etadi, asosiy qatlam esa kambag`al, qashshoq aholiga to`g'ri keladi, bu esa saylovchilarning asosiy qismini tashkil qiladi.

Komron Aliyev ijtimoiy himoyani tashkil etish uchun ish o`rinlarini yaratish kerak, nogiron va nochorlar ta'minoti esa odatiy ishdir, deydi.

Kuzatuvchilarga ko`ra, bugungi kunda O`zbekiston aholisining ko`pchiligi mamlakatdagi og'ir iqtisodiy-ijtimoiy ahvol tufayli dunyoning tuli davlatlarida majburiy mehnat muhojirlariga aylangan o'zbekistonliklar hisobiga ham yashamoqda.