Rossiyada millatchilik kuchaymoqda

Mutaxassislarga ko’ra, Rossiya aholisi yiliga 700 ming kishiga kamaymoqda.

Mamlakat iqtisodiyoti ish joylarining va ayniqsa kam haq to’laydigan ish joylarining qonuniy va noqonuniy muhojirlar tomonidan bandligi hisobiga ushlab turilmoqda. Ularga esa munosabat turlicha.

Ba’zilar ularni jinoyat sur’atining yuqoriligiga sabab qilib ularga qarshi kurashishni taklif qilsa, boshqalar muhojirlarga qarshi kurash ayrim millatchi siyosatchilarga qo’l kelayotganini ta’kidlashadi.

“Noqonuniy muhojirlikka qarshi kurash harakati” yetakchisi Aleksandr Belovga ko’ra, Rossiyada 10-15 million atrofida noqonuniy muhojir bor va bu borada Rossiya AQShdan keyin ikkinchi o’rinda turadi.

Biroq mutaxassislar immigrantlarning Rossiyaga kelishini va mamlakat bo’ylab harakatlanishini nazorat qilish qiyinligini hisobga olib raqamlarning aniq emasligini ta’kidlaydi. Buni Belovning o’zi ham tan oladi.

"Muammo shundaki, ularning aniq sonini hech kim bilmaydi. Chunki Rossiyaning Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari bilan chegaralari keng ochiq. Ular vizasiz Rossiyaga kiradi-da, biror joyda ish topib bemalol yuraveradi."

“Noqonuniy muhojirlikka qarshi kurash harakati” millatchilik va ksenofobiya, ya’ni o’ziga o’xshamagan odamlarga nisbatan adovatda bo’lish hissini keltirib chiqarayotgan mayda tashkilotlardan hisoblanadi.

Biz bilan bo’lgan suhbatda harakat rahbari Aleksandr Belov tashkilot faqatgina noqonuniy muhojirlarga qarshi qaratilgan desada, harakatning Internetdagi saytida izdoshlarining nafaqat noqonuniy muhojirlarga, balki Rossiyada tug’ilib voyaga yetgan bo’lsada, rus millatiga mansub bo’lmagan fuqarolarga ham qarshi ekanini maqolalar, chaqiriqlar va kayfiyatdan ham payqasa bo’ladi.

Rossiyada millatchilik va ksenofobiya hollarini o’rganuvchi “SOVA” markazi direktori Aleksandr Verxovskiyning aytishicha, ommaning bunday kayfiyati keng ko’lamli bo’lmasada, o’sish kuzatilmoqda.

"Burilish 1999-2000 yillarda sodir bo’ldi," deydi Verxovskiy. "Bunga Yugoslaviyadagi urush va Chechenistondagi ikkinchi urush sabab bo’lgan bo’lishi mumkin. Aholining yarmi millatchilikni qo’llab-quvvatlay boshladi. Agar aholi siyosiy faol bo’lganda edi, ular albatta millatchi partiyalarni qo’llab-quvvatlagan bo’lardi. Shunga qaramay siyosatchilar aholining ana shu 50 foizi fikrini inobatga olmay ilojisi yo’q."

Aleksandr Verxovskiyga ko’ra, Aleksandr Belov harakati katta emas va hattoki ro’yxatdan ham o’tmagan, biroq shunga qaramay ular omma kayfiyatini aks etadilar.

Moskvadagi Levada Markazi o’tkazgan so’rov shuni ko’rsatadiki, respondentlarning 54 foizi “Rossiya ruslar uchun” degan shiorni qo’llab-quvvatlaydi. So’rovda qatnashganlarning 52 foizi esa Rossiyaga kirayotgan xorijiy ishchilar sonini cheklash kerak, deb hisoblaydi.

Aleksandr Belov nazarida noqonuniy muhojirlar o’zlari bilan rus xalqi turmush-tarziga to’g’ri kelmaydigan dunyoqarash va madaniyatlarni olib kelmoqda.

SSSR vaqtida deyarli barcha respublikalarda yashagan va jamiyatda yetakchi mavqega ega bo’lgan, Ikkinchi jahon urushida esa boshqa xalqlar turgan joylardan boshpana olgan rus millatiga mansub ayrim odamlar o’z davlatida boshqa millat vakillarining yashashiga qarshi.

Sovet davrida boshqa respublikalarda rus tili va madaniyatini hukmron qilgan ayrim millatchilar bugunga kelib Rossiyada o’z tili va madaniyatiga sodiq qolayotganlarga qarshi chiqmoqda.

Millatchilik va ksenofobiya hollarini o’rganuvchi “SOVA” markaziga ko’ra, 2006 yilda Rossiya bo’ylab 437 irqiy zo’ravonlik hollari qayd etilgan. Ularning 47 tasi qotillik. Gruziya bilan aloqalar yomonlashgach, gruzin millatiga mansub mingga yaqin kishi Rossiyadan chiqarib yuborildi.

“Noqonuniy muhojirlikka qarshi kurash harakati” yetakchisi Aleksandr Belov noqonuniy muhojirlarga qarshi kurashish uchun Rossiya va MDH davlatlari o’rtasida viza tartibini o’rnatish kerak, chunki rossiyaliklarning o’zi MDH davlatlariga kamdan-kam boradi, deydi.

"Kimning Tojikistonga borgisi keladi? Rossiyadan juda kam odam O’zbekiston va umuman Markaziy Osiyoga boradi. Ozarbayjon va Armaniston ham shular jumlasidan. Mana Gruziya va Turkmaniston bilan viza tartibi mavjud. Bu mintaqalardan jinoyatchilik va terrorizm xavfi taralmoqda. Masalan, men hech ham Germaniyadan Rossiyaga kimningdir geroin olib kelganini eshitmaganman, lekin har kuni xabarlarda Tojikistondan narkotik moddalar o’tib turganini eshitib turaman," deydi Belov.


Janob Belov narkotik savdosi umumiy bozor iqtisodiyoti qoidalariga amal qilishini, ya’ni iqtisodiy jihatdan rivojlangan davlatlarda sotib olish salohiyati yuqori bo’lishini, qoradorining Germaniyada Rossiya bozoriga qaraganda qimmatligini va shuning uchun ham Germaniyadan hech kimning Rossiyaga geroin keltirmasligini bilmasa kerak.

Rossiyada millatchilik va ksenofobiya hollarini o’rganuvchi “SOVA” markazi direktori Aleksandr Verxovskiyning aytishicha, bunday choralar muammoni hal qilmaydi.

"Viza bo’lsa ham, bo’lmasa ham muammo yo’qolmaydi. Chegaralarimiz yaxshi nazorat qilinmaydi. Ukraina va Qozog’iston bilan chegara shunchaki uzunki, uni nazorat qilish oson emas. Muammoni ichki nazoratni kuchaytirish hisobiga hal qilish mumkin, biroq korrupsiyaning mavjudligi ichki nazoratni zaiflashtiradi. Umuman olganda, noqonuniy muhojirlik sur’ati ichki migratsiya sur’atidan ancha past. Ya’ni Rossiya fuqarolarining o’zi iqtisodiy jihatdan qoloq hududlardan rivojlangan hududlarga ko’chmoqda."

Rossiyada ko’zga ko’ringan siyosatshunos, ayni damda Vashingtondagi Gudzon Institutida ish olib borayotgan Andrey Piontkovskiyning fikricha, Rossiya hukumati millatchilarni ruhlantirmoqda.

"Xavf shundaki, quyi tabaqadagilarning millatchiligi yuqori tabaqadagilarning millatchiligi bilan hamohang bo’lmoqda. Hokimiyat tepasidagilar aholining bu kayfiyatidan o’z siyosiy maqsadlarida foydalanmoqda. Mutaxassisligi huquqshunos bo’lgan davlat rahbari Putinning tub aholi va unga qarshi turgan yarim jinoiy etnik guruhlar haqidagi izohlari rag’batlantiruvchi signal sifatida qabul qilinishi kerak."

Aleksandr Verxovskiyga ko’ra, noqonuniy muhojirlar ko’p guruhlar uchun shu darajada qulayki, ularning keti uzilmaydi. “Axir bu arzon ishchi kuchiku”, deydi mutaxassis.

Uning fikricha, aholining millatchilik va ksenofobik kayfiyati uzoq davom etadi, chunki Rossiyada G’arbga qarshi propaganda hamda diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi jahon bo’ylab kurash sabab islom diniga nisbatan salbiy munosabat hali-beri tugamaydi.