Bir qator xalqaro tashkilotlar e`lon qilgan tahlilnomalarda, 2006 yili O`zbekistonda siyosiy erkinliklar, inson huquqlari ahvoli yanada salbiylashgani aytiladi.
Ammo O`zbekistondagi ayrim ekspertlar xalqaro tashkilotlar xulosasini noxolis deb baholaydi. Mahalliy inson huquqlari faollariga ko`ra esa 2006 yilning o’ta og’ir kelgani haqidagi dalillarni inkor etib bo’lmaydi.
Fridom Haus (Freedom House) tashkilotining yaqindagi hisobotida O`zbekiston Turkmaniston bilan birga dunyoda erkinlik darajasi keskin tarzda bo’g’ilgan davlatlar sirasiga kiritilgan. Fridom Haus hisoboti davlatlardagi erkinliklar o`lchoviga asosan tuzilgan.
Bundan biroz avval e`lon qilingan Human Rayts Uotch (Human Rights Watch) xalqaro inson huquqlari tashklilotining tahlilida esa inson huquqlari bo`yicha 2006 O`zbekistonda eng og`ir yil bo`lgani e`tirof etilgan edi.
Bu hisobotlardan keyin mahalliy axborot vositalarida ayrim ekspertlarning xalqaro tashkilotlar xulosasi bir yoqlama ekanligi, asosan AQSh manfaatalarini ko`zlab chiqarilayotgani haqida munosabatlar bildira boshlandi.
Siyosatshunos Anvar Nabiyev Human Rayts Uotch hisobotida AQShdagi inson huquqlari buzilishi ham aks etganini ta’kidlasada, O`zbekistonga oid qismi bir yoqlama, Xonobod aerodromidan AQSh harbiy bazasini olib chiqilishi bilan bog`liqligini bildiradi.
Mintaqaviy siyosat jamg`armasining eksperti Ulug`bek Muhammadiyev fikricha AQSh xalqaro tashkilotlar tanqidi orqali O`zbekistonning ichki ishlariga aralashishni maqsad qilgan.
2006 yildagi vaziyat esa nafaqat xalqaro tashkilotlar, balki mamlakat ichidagi huquq himoyachilari, muxolifat vakillari tomonidan tazyiqlar, qiynoqlar, asossiz hibslar yili bo`lgani qayd etiladi.
Yaqinda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyatining 2006 yil hisoboti chop etildi. Jamiyat rahbari Vasila Inoyatovaning aytishicha, hisobot mamlakatda rasman faoliyat yuritayotgan tashkilotning viloyatlardagi faollari tomonidan aniq hujjatlashtirilgan dalillar asosida tayyorlangan.
2006 yil, deydi Inoyatova, O`zbekistonda inson huquqlarining keskin buzilishi, dalil isbotlarsiz hibslar, huquq himoyachilari, jurnalistlarning tazyiqqa olinishi bilan esda qoldi.
“2005 yilda Andijon voqeasi bilan qo`shib aytiladigan bo`lsa, bu yil fuqarolar eng jabrlangan yil sifatida keltirilsa ham, 2005 yil oldida 2006 yil holva bo`lib qolganday mening nazarimda. Xudo ko`rsatmasin 2007 yil oldida 2006 yil holva bo`lib qolmasin. Xalqaro tashkilotlar bu yerda kuzatuv ishlarini olib borishgan va ularning fikrlariga qo`shilmasdan ilojimiz yoq. Biz ham shunday hisoblaymiz, bu konkret faktlar bilan tasdiqlanib turilibdi”, - deydi Ezgulik inson huquqlari tashkiloti rahbari.
Ayni payda O`zbekiston hukumati Yevropa Ittifoqi bilan muloqotga kirishib, inson huquqlari bo`yicha vaziyatni yaxshilashga va’da bermoqda. Jumladan O`zbekiston rasmiy delegatsiyasi vakillari Germaniyaga safar qilib, ma’lumotlarga ko`ra inson huquqlari bilan bog’liq muammolarni ham muhokama etgan.
Bu 2007 yilda vaziyatni o`zgarishiga umid berishi mumkinmi?
“Mazlum” inson huquqlari tashkiloti rahbari A`zam Turg`unov shunday deydi:
“Kimdir bu borada sal faolroq faoliyat ko`rsatayotgan bo`lsa darhol unga nisbatan tazyiq ko`rsatiladi. Mana yanvar oyining boshida Yelena Urlayevani kaltaklab ketishdi, keyinchalik hibsda ham ushlab turishdi.”
“22 yanvarda O`zbekiston prezidentining vakolati tugaydi, o`tgan yilning oktyabr oylarida Markaziy saylov komissiyasi qonunga ko`ra saylovlar boshlanganini e`lon qilishi kerak edi. So`z erkinligi mumkin emas, muxolif siyosiy partiya tuzish mumkin emas, hech narsa mumkin emas. 2006 yil haqiqatda juda yomon yil bo`ldi. Shulardan kelib chiqib 2007 yilda ahvol yaxshilanishiga umid qilish mumkin emas”, - deydi A’zam Turg`unov.
Yaqinda andijonlik huquq himoyachisi Gulbahor To`rayevaning hibsga olingani ma`lum bo`ldi. To`rayeva O`zbekiston jinoyat kodeksining 159 moddasi bo’yicha konstitutsiyaviy tuzumga qarshi harakatda ayblanmoqda.
A’zam Turg`unovning aytishicha Gulbahor To`rayevadan “Erk” partiyasi raisi Muhammad Solihning kitobi musodara qilingan, uning hibsga olinish sabablari ko`proq shu bilan bog’liq.
Huquq himoyachilariga ko`ra yil boshida ko’rsatilayotgan tazyiqlar O`zbekistonda bu borada o`zgarishlar bo’lishi mumkinligi haqidagi umidlarni yo’qqa chiqarmoqda.