AQShda PhD, ya'ni falsafa doktori deganda kim va qanday ilmiy daraja tushuniladi? Oddiy qilib aytganda doktorlik unvoni. Biroq O’zbekistondagi ilmiy darajalar bilan tenglashtirish qiyin. Murakkab farqlari bor.
Qo’shma Shtatlarda ilk yuqori ilmiy daraja - bakalavrlik bo'lib, biror soha bo’yicha kasb egasi deganidir. Keyingi bosqich – magistrlik, muayyan soha ustasi degani.
Magistratura darajasini olganlar Amerikada oliy o’quv maskanlarida dars bera oladi. Biroq akademik faoliyatni yuqori bosqichga olib chiqish, oliygohlarda doimiy ravishda o’qituvchilik qilish va katta ilmiy izlanishlarga qo’l urish uchun doktorantura, ya’ni yuqorida tilga olingan PhD, talab qilinadi.
Demak, keyingi qadam sizning sohangiz bo’yicha doktorantura dasturi taklif etadigan ilmgohlar topish.
Sovet davrida universitet yoki institut diplomini olgach, qiziqqanlar va qurbi yetganlar aspiranturaga kirgan. O’zbekistonda endilikda G’arbdagi kabi bakalavr va magistrlik unvonlari beriladi. Biroq AQShdagi singari to’g’ri doktoranturaga qo’l ura olmaysiz.
O’zbekistonda mavjud tartibga ko’ra, doktorlik darajasini olishdan avval, nomzodlik dissertatsiyasini yoqlashi kerak. Ilm egasining doktorlik darajasiga loyiq yoki loyiqmasligini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi hal qiladi.
AQShda bu qarorni universitetning o’zi qabul qiladi.
Qo’shma Shtatlardagi universitetlarning birida “Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekistonda islomiy harakatlar va ularga nisbatan davlatlar siyosati” mavzuida ilmiy izlanish olib borayotgan Alisher Hamidovning aytishicha, uning o’qishini universitetning o’zi moliyalaydi.
Bizga maktub yo’llagan muxlisimiz AQShda tadqiqotchi va ilmiy rahbar o’rtasida munosabatlar qanday tartibda amalga oshirilishini so’ragan. Suhbatdoshimizning tajribasini tinglang.
“Ko’pgina yoshlarga o’xshab, men ham “doktor” unvoniga havas qilib, universitetga hujjat topshirgan edim. Vaholanki, ilmiy izlanish jarayoni boshlangandan so’ng o’ta mushkul ishga qo’l urganimni angladim. AQShdagi ilmiy rahbar ikki-uch yil o’qiganingizdan so’ng sizni o’ziga teng ko’radi, siz bilan maslahatlashadi. Uchrashuvlar ham unchalik tez-tez bo’lmaydi, chunki ilmiy rahbar sizga ishonadi”.
AQShda doktorlik darajasini olgan mutaxassis O’zbekistonda nomzodlik yoki doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan mutaxassisdan kuchliroqmi?
“Barchasi tadqiqotchiga bog’liq. Agar tadqiqotchida xohish bo’lmasa, O’zbekistondami, Angliyada yoki Amerikada, odam samarali izlanish olib bora olmaydi. Shunisi e’tiborliki, bugungi kunda O’zbekistonda bir guruh ilmiy tadqiqotchilar, mavjud moddiy va texnik muammolarga qaramasdan, ajoyib ilmiy natijalarga erishmoqda”.
Barchasi odamning o’ziga bog’liq bo’lsa, u holda begona yurtga borib, izlanishga hojat yo’q ekanda? AQShda va O’zbekistonda ilmiy izlanish qilishning farqi yo’q degan xulosa kelib chiqmayaptimi? Ikki mamlakat ilmiy tizimlarida tub farqlar mavjud, deydi Alisher Hamidov.
“Markaziy Osiyo davlatlaridagi dorilfununlarda poraxo’rlik avjida, bilishimcha. Amerikada universitetlarida poraxo’rlik yo’q. Shu jihatdan, tadqiqotchi erkin izlana oladi. Yana bir muhim tomoni, AQShda mustaqil, tanqidiy, farqli fikrlashni rag’batlantirishadi. Buning uchun muhit yaratib beriladi. O’rta Osiyo respublikalaridagi ba’zi taniqli professorlar tanqidni ko’tara olmaydi, nazarimda. Bundan tashqari, AQShdagi ilmiy dargohlar moddiy jihatdan juda yaxshi ta’minlangan”.
Amerikada doktorlik unvonini olganlar ko’p hollarda ilmiy sohada faoliyatini davom ettiradi, biroq ular orasida siyosiy konsultantlar, davlat maslahatchilari, biznes va sarmoya bilan shug’ullanuvchi shaxslar juda ko’p.
AQShda doktoranturaga kirish uchun kamida bir yil izlanishga va ter to’kishga majbursiz. Birinchidan, sizni qabul qilishga qiziqqan universitet topish. Ilmiy kengash a’zolari bilan aloqa o’rnatish.
Ikkinchidan, nima sohada va aynan qaysi mavzuda tadqiqot qilmoqchi ekaningizni va masalaning nima sabab dolzarb va ahamiyatli ekanini tushuntira olish. Demak, bu borada qisqa, lo’nda va kuchli asosga ega bayon yozishga to’g’ri keladi. Bayon sizning bilimingiz, shaxsiyatingiz va salohiyatingizni ko’rsatib berishi lozim. Albatta, ingliz tilida yozasiz.
Avvalgi ilmiy rahbar va domlalardan kuchli tavsiyalar kerak bo’ladi. Ularda ham sizning ilmiy qobiliyatingiz va qudratingiz aniq aks ettirilishi kerak.
Bakalavrlik va magistrlik unvoni bitilgan hujjatlarning notarius tasdiqlagan nusxasi talab qilinadi.
TOEFL, ya’ni ingliz tili imtihoni va GRE, ya’ni sizning yuqori bilimingizni sinab ko’radigan ko’p-qirrali imtihon ham topshirasiz. Universitetda emas, mustaqil holda. Oliygohga baho jo’natiladi xolos.
Yana bir narsa, AQShda doktorantura bo’yicha talablar turli universitetlarda turlicha. Biroq doktoranturada bir o’ringa kamida 40-50 kishi hujjat topshiradi. Vaholanki, mavjud o’rinlar atigi 10-15 ta bo’lishi mumkin. Biroq harakatda barakat deganlaridek, urinishdan ziyon yo’q.
Foydali ma’lumotlarni Internetda www.educationusa.state.gov sahifasida yoki qidiruv tizimidan topish mumkin.
Savollarni har doimgidek uzbek@voanews.com elektron manzilimizda yo’llayvering. Yuqoridagi ma’lumotlar bilan Internetda www.amerikaovozi.com sahifamizda ham bafurja tanishish mumkin.