NATO Afg'onistonda oddiy fuqarolarni o'ldirganlikda ayblanmoqda

Afg’oniston rasmiylarining aytishicha, kecha NATOning mamlakat shimolidagi havo hujumi natijasida kamida 9 fuqaro o’lgan. Amerika ovozining mintaqadagi muxbirimi Benjamin Sendning xabar qilishicha, bu so’nggi bir necha kun ichidagi ikkinchi ana shunday holdir.

Afg’oniston rasmiylarining ma’lumotiga ko’ra, Tolibon jangarilari Kapisa viloyatidagi NATO bazasiga hujum qilganda alyans havodan hujum qilib behosdan bir uyni nishonga olgan. Natijada uy ichidagi 5 ga yaqin ayol va bir necha yosh bola qurbon bo’lgan, deydi mahalliy rasmiylar.

NATO so’zlovchisi voqeani tasdiqlashga shoshilmay, bu borada tekshiruv olib borilayotganini ma’lum qilgan. Shanba kuni ham shunga o’xshash voqea sodir bo’lgan edi. Xabarlarga ko’ra, AQSh dengiz piyoda askarlari sharqdagi Jalolobod shahridagi to’qnashuvda 9 nafarga yaqin oddiy fuqaroni o’ldirgan. AQSh harbiylarining aytishicha, ular bomba solingan mashina xurujiga va jangarilar otishmasiga javob qaytargan.

AQSh harbiy so’zlovchisi mayor Kris Belcher qurbonlar jangari bo’lmaganini tasdiqlagan.

Guvohlarga ko’ra, chekinayotgan amerikalik askarlar atrofdagi mashina va yo’lovchilarga qarata betartib o’t ochgan. Shundan so’ng atrofga yuzlab odamlar yig’ilib norozilik namoyishini o’tkazgan.

Bugun Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay voqea bo’yicha mustaqil tergov o’tkazilishiga va’da berdi.

BMTning Afg’onistondagi yordam ko’rsatish missiyasi ham o’z hisobotini chiqarishini bildirdi. Barcha faktlar ayon bo’lmaguncha, deydi BMT so’zlovchisi Adrian Edvards, tomonlar hissiyotga berilmay tinchlik saqlashi lozim.