AQSh Kongressidan Afg'oniston uchun 12 milliard dollar so'ralmoqda

Oq uy Kongressdan Afg’onistonni tiklash loyihalariga 12 milliard dollar ajratishni so’ramoqda.

AQShning Markaziy va Janubiy Osiyo bo’yicha bosh diplomati Richard Baucherning aytishicha, AQShning mintaqadagi maqsadi demokratiya va uning asosi bo’lgan ta’lim, axborot va qonun ustivorligini targ’ib qilishdir.

AQSh, deydi janob Baucher, Janubiy va Markaziy Osiyo orasida integratsiyani olg’a suradi, narkosavdogarlikka qarshi kurashda ko’maklashadi, siyosiy va iqtisodiy islohotlarga chaqiradi.

Hozirda eng asosiy maqsad, deydi AQSh rasmiylari, Afg’onistonga tinchlik olib kelish. Bunda nafaqat xavfsizlikni ta’minlash, balki mamlakat infra-tuzilmasini tiklash va savdoni rivojlantirish ham muhim.

AQSh Afg’onistonga shu maqsadlarda 14 milliard dollar bergan. 2007-2008 yillar uchun yana 12 milliard dollar ajratilishi kutilmoqda.

Mablag’ asosan Afg’oniston janubi va sharqida sarflanadi, deydi AQSh diplomati Richard Baucher. Politsiya va harbiy kuchlarni tayyorgarlikdan o’tkazish, yo’llar qurish, elektr quvvati ishlab chiqarish, hukumat idoralari xodimlarining malakasini oshirish, narkotiklarga qarshi kurash sohalarida.

Qo’shma Shtatlar va uning hamkorlari, deydi Baucher, Afg’onistonga yordamni oshirish va bu harakatlarni muvofiqlashtirishda davom etadi.