"Amerika Ovozi"iga Amerikada bilim olishga va tajriba oshirishga qiziqqan yoshlar va mutaxassislardan ko'plab savollar tushmoqda. Dushanba kuni dasturlarimizda mavzu yuzasidan barcha savollarga javob berishga harakat qilamiz. Savollarni uzbek@voanews.com ga yo’llang. Quyidagi bugungi savollarga javoblar.
Savol: Ozbekistonda AQShda o’qish uchun qanday sharoitlar yaratilgan, buning uchun nimalar qilish kerak va qaysi idoralarga murojaat qilish mumkin?
Amerika Ovozi: Avvallari O’zbekistonda ACCELS va IREX kabi nohukumat xalqaro tashkilotlar ishlar va ular o’zbekistonlik yoshlarning AQShda ta’lim olishi bilan bog’liq dasturlarni yuritar edi. O’tgan yillar ichida AQShda asoslangan ACCELS va IREX O’zbekistondagi faoliyatini to’xtatgan. Ayni damda qiziqqan yoshlar ta’lim dasturlari haqida AQShning O’zbekistondagi elchixonasidan ma’lumot olsa bo’ladi. Elchixona veb sayti: www.usembassy.uz. O’qishga mustaqil holda kelish yo’llarini topishda, shubhasiz, eng qudratli vosita bu internet.
Savol: AQShda ingliz tili kurslarida o’rganish uchun yordam bera olasizlarmi?
Amerika Ovozi: Amerikaning deyarli har bir universitet va kollejida ingliz tili kurslari mavjud. Biroq ularning hammasi pullik. Bir haftalik dars bahosi, yashash va yegulik bilan bo’gliq xarajatni hisobga olmaganda 250-300 dollar atrofida.
Savol: Men 10-sinfda o`qiyman. Maktabni bitirib esa chet eldagi biror bir oliy o`quv yurtiga o`qishga kirmoqchiman. Buning uchun nima qilishim kerak?
Amerika Ovozi: Maktabni bitirishingizga hali yanglishmasak, yana bir, bir yarim yil bor. Ana shu vaqtdan unumli foydalanishni tavsiya qilgan bo’lar edik. Dastlab, ingliz tilini mukammal o’rganib, TOEFL yoki IELTS testlarini topshiring. IELTS testi Britaniya Kengashining Toshkentdagi idorasida, TOEFL esa Toshkentdagi Global Study markazida o’tkaziladi. Ularning manzillarini Amerika Ovozining veb saytidan topishingiz mumkin. Shu bilan bir paytda ta’lim dasturlari haqida axborot izlay boshlagan ma’qul. Buning eng oson yo’li, avval aytganimizdek, global tarmoq- Internet.
Savol: Grantni o’qishga qabul qilinmasdan oldin qo’lga kiritish mumkinmi?
Amerika Ovozi: Aksariyat hollarda grant, stipendiya va moliyaviy yordamlar talaba o’qishga qabul qilingandan so’ng berilishi mumkin. Lekin doim ham emas. Ayrim hollarda moliyaviy yordam so’rab ertaroq hujjat topshirish kerak. Ba’zida grantni siz hujjat topshirayotgan universitetning o’zi taklif qiladi. Lekin bu yordam o’qish pulini to’liq qoplamasligi mumkin. Shuning uchun talaba xayriya tashkilotlari va idoralarga ariza yo’llagani ma’qul. Shunda, deylik, bir tashkilot talabaning darslari, boshqa tashkilot yo’l xarajatlari, uchinchisi, kundalik yeyish-ichishni qoplashi mumkin.
Grantlar olish oson emas. Raqobat va tanlov juda kuchli. Amerikaga kelish uchun xorijdan yiliga yuz minglab talaba hujjat topshiradi. Ularning ko’pchiligi moliyaviy yordam so’raydi. Bundan tashqari ko’p oliygohlarning chet ellik talabalarga ajratadigan puli cheklangan. Har bir universitet va grant beradigan tashkilotning shartlari, muddatlari turlicha.
Biroq harakatda barakat. Oliygohlar chet eldan talaba yollashda kishining shaxsiy sifatlari, qobiliyati va maqsadiga katta e’tibor beradi. O’ziga ishongan, tetik va bilimli yoshlar uchun imkoniyatlar ko’p.