AQSh Davlat kotibining Demokratiya va Global masalalar bo’yicha muovini Pola Dobrianskining aytishicha, xalqaro majburiyatlariga qaramasdan ba’zi hukumatlar nohukumat tashkilotlarga bosim o’tkazishda davom etmoqda.
“Ba’zi mamlakatlarda so’z erkinligi, mustaqil uyushmalar tuzish va namoyish o’tkazish erkinligini bo’g’ish maqsadida qonunlar qabul qilingan. Nohukumat tashkilotlar faoliyati maxsus moddalar orqali nazorat ostida ushlab turiladi.”
Rossiyada o’tgan yili qonun qabul qilinib, nohukumat tashkilotlardan maxsus ro’yxatdan o’tish va hukumatga hisobot berib turish talab qilina boshlandi. Kreml xususan inson huquqlari monitoringi bilan shug’ullanuvchi tashkilotlarga salbiy munosabatda.
Xitoyda esa tom ma’noda mustaqil atigi bir necha tashkilot bor xolos. Hukumat homiyligidagi yoki hukumat ro’yxatidan o’tgan tashkilotlargina qonuniy hisoblanadi. Ularning ro’yxatdan o’tishi uchun aniq tartib yo’q. Siyosiy huquqlarni va ishchi-kasaba uyushmalari faoliyatini targ’ib qiluvchi tashkilotlar qonuniy maqomdan mahrum.
AQSh hukumati huquq va demokratiya dasturlariga, jumladan nohukumat tashkilotlarini qo’llab-quvvatlashga yiliga bir milliard dollar ajratadi. Hukumatlar, deydi AQSh rasmiylari, bu tashkilotlarga nisbatan 10 ta tamoyilga qarab ish tutishi kerak. Jumladan, nohukumat tashkilotlar tahdid va tazyiqdan xoli muhitda faoliyat yuritishi, mahalliy va chet-el grantlaridan foydalana olishi, ularga nisbatan qabul qilingan qonun-qoidalar adolatli bo’lishi zarur.
Shu maqsadda, AQSh Davlat departemanti Global Inson huquqlarini himoya qilish jamg’armasini tuzmoqchi. Maqsad – hukumat repressiyasidan qiynalgan huquq himoyachilariga favqulodda ko’mak ko’rsatish.
AQSh Davlat kotibining demokratiya, inson huquqlari va mehnat masalalari bo’yicha o’rinbosari Berri Lovenkron, 2006 yilni huquq himoyachilari va demokratik tashabbuslar katta bosim ostida qolgan davr deb ta’riflaydi.
Diplomat ta’biricha, inson qadriyatlarini himoya qilish va jahon bo’ylab demokratyani targ’ib qilish vaqt talab qiladi, ammo AQSh va hamkorlari bu yo’ldan qaytmaydi, deydi Lovenkron.