O’zbekistonda askiya san’ati uzoq yillik tarixga ega. Biroq so’nggi paytlarda askiyaning turli davralarda o’rinsiz namoyish etilishi e’tiroz tug’dirmoqda.
Ayrimlar nazarida “erkaklarning choyxona yoxud hammomdagi to’qligidan keyingi sho’xligi” bo’lgan askiyachilikni ayollar va yosh bolalar o’rtasiga olib chiqish o’zbekona odob, madaniyatiga zid.
Askiya o’zbek xalq ijodiyotining qadimiy turlaridan hisoblanib, asrlar davomida rivojlanib kelgan so’z o’yinidir. Bu xil so’z o’yini O’zbekistonning Farg’ona vodiysida keng tarqalgan bo’lib, u yerdagi shaharlarning o’z so’z ustalari bo’lgan. Askiyachilik ustozdan shogirdga o’tib kelgan. O’qituvchi Farhod Ahmedov bu haqda shunday deydi:
“So’z o’yini shundan iborat bo’lganki, masalan bir necha kishi bo’lib bir-birlariga biron bir payrov o’rtaga tashlanadi. Mana shu payrov orqali askiyada qatnashayotgan insonlar o’zini so’zga boyligi bilan hazil-mutoyiba tariqasida savolga javob qaytarib, shu orqali payrov davom ettirilgan. Askiya xalq yig’inlarida, xalq sayllarida ayniqsa ishlatilgan. Choyxonalarda juda ko’plab xalq ommasi yig’ilib, har bir vodiydagi regionning o’zini askiyachilari bo’lgan. Mana shu so’z ustalarini ular xalqning orasiga chiqarib, ular bir-biri bilan so’z bo’yicha tortishuv olib borishgan. Hozirgi kunda ham Farg’ona vodiysi askiya bo’yicha eng rivojlangan O’zbekistonning regioni hisoblanadi”.
Askiyada so’zga ustalik bilan birga, ko’p ma’noli so’zlarni topib aytish mahoratiga katta e’tibor beriladi. Mutaxassislar fikricha, boshqa xalq tiliga tarjima qilib, odamlarni kuldirish mutlaqo oson emas. Askiyadagi gap ostidagi gap faqat o’zbek tiligagina xosdir, deydi ismini bildirishni istamagan jurnalist:
“Farg’ona vodiysiga borsangiz, choyxonalarda chollar, tengdosh odamlar o’tirib olib bir-birlari bilan qiziq-kulgili gaplar chiqaradi va hammasi hozirjavoblik asosiga qurilgan. Umuman askiya o’zbeklarga xos hozirjavoblik, o’zbeklarga xos so’z ustaligining bir belgisi deb bilaman. Askiyada bo’lgan gaplarni so’zma-so’z yozib ham boshqa tilga bersangiz, undan hech kim kulmaydi, unda hech narsa yo’q. Lekin gapning tagida gap bo’lgani uchun askiyani gapiradigan davrada faqat o’zbeklar bo’lishi kerak va o’shani o’zbeklar eshitsa, o’zbeklar kuladi”.
So’nggi paytlarda Farg’ona vodiysi aholisi o’rtasida ijro etilayotgan askiyalarda ayollarning ham erkaklar bilan tengma-teng bahslashuvi kuzatilmoqda. Ba’zilarga ko’ra, yalang’och holda aytiladigan askiyalar o’zbeklarning urf-odatlariyu madaniyatiga mos emas. San’atshunos Gulchehra Umarova bu taxlid askiyalarni yoshlar va ayollar oldida aytilishini o’ylab ko’rish lozim deydi:
“Ilgarilari faqat erkaklarning o’rtasida bo’lgan, o’zaro gap-gashtaklarda, 3-4 ta erkak o’zaro yig’ilishib qolganda askiya qilishgan. Hozirgi paytga kelib endi askiyaning turli xillari bor. Ijtimoiy askiyalar bor, turmushga oid askiyalar bor, har xil turlari bor. Lekin baribir askiya, men o’ylaymanki, erkaklarning o’rtasida bo’ladigan narsa, shuning uchun askiyaga ayollarning aralashmagani ma’qul. Ayollarning ishimas deb o’ylayman askiya. Chunki askiyaning baribir nozik tomonlari bor. Ba’zan ayollar, umuman yoshlar, bolalar eshitmaydigan askiyalar bo’ladi. Hozirgi paytlarda ba’zan ko’p, katta davralarda ham shunaqa askiyalar chiqib ketyapti, bemalol berib yuborishyapti shunaqa askiyalarni. Men bunga mutlaqo qarshiman. Yalang’och askiyalarni katta davralarda aytish mutlaqo bizning urf-odatlarimizga, o’zbeklarning turmush tarziga to’g’ri kelmaydi”.
Ayrim ziyolilar fikricha, keyingi paytdagi askiyalarda so’z ma’nolarining aynishi uchramoqda. Xalqning qadimiy san’ati hisoblangan askiyani ajdodlar qanday maromida ishlatgan bo’lishsa, shu yo’sinda xalqqa taqdim etilsagina uning qadri o’z joyiga tushadi, deydi yozuvchi Matyoqubov:
“Mening nazarimda, askiya ham xuddi bizning ma’lum bir istibdod davridagi aynishlarimiz kabi ma’lum bir aynishlarga ham duch kelib qolganga o’xshaydi. Chunki biz xohlagan bir gapni, xohlagan yo’sindagi yalang’ochroq fikrni askiyaning tarkibiga kiritib, mana shu askiya deb aytishga ham o’rganib qoldik. Ehtimol bizning ko’zimizga jinday bachkana ham ko’rinayotgandir, askiya aytish jarayonini ayollarning qabul qilayotgani yoki bo’lmasa bolalarning. Lekin harqalay askiya so’zga chechanlikni, so’zga boylikni, odamlarning ko’z o’ngida o’ziga odamni rom qila oladigan darajadagi so’z san’atining boyligini ko’rsatadigan narsa. Biz ana shu jarayonga yeta olsak, uni ayol aytadimi, erkak aytadimi, bola aytadimi farqi qolmay qoladi. Agar o’sha jarayonga yetolmasak, ma’lumini erkaklar aytsin, ma’lumini bolalar aytsin, ma’lumini ayollar aytsin degan to’siqlarni qo’yishga majbur bo’lamiz”.
So’zni lozim joyda kerakli ishlata olish, hozirjavoblik bilan raqibiga javob qaytara olish askiyada asosiy o’rinni egallaydi. Ayni paytda Farg’ona vodiysi, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarining o’z askiyachilari mavjud. Men askiyalarni yoqtirmayman, deydi Sanobar ismli talaba qiz. Askiya xalq san’atining bir turi bo’lsa-da, barcha askiyalarni san’at darajasida baholab bo’lmaydi, deydi u:
“Payrovlar masalan mukammal narsalarga, odamni shaxsini belgilaydigan bir balandroq narsalarga qaratilgan bo’lsa, san’at darajasiga ko’tarish mumkin. Lekin mening nazarimda, mazmun-mohiyatini chaqib ko’radigan bo’lsang, yosh bolaga ham katta odamni ermak qiladigan darajada sayoz bo’lsa, bu o’sha choyxona darajasida qolaversin. Choyxonada aytiladimi choyxona darajasida, hammomda aytildimi hammom darajasida qolsin. Uni san’at darajasiga ko’tarib, xalqqa ko’z-ko’z qilsa arziydigan tomonini men ko’rmayman”.
Jurnalist Adiba Ortiqova askiya xususida o’z fikrini bildirarkan, uning tinglovchilari bu janrda ijro etilayotgan har bir so’z ma’nosiga beparda ma’no berishlari oqibatida hosil bo’ladigan uyatli tasavvurlardan zavqlanishlarini aytadi. U askiyani erkaklarning qorni to’qligidan keyingi sho’xligidir deb ta’riflaydi:
“Menimcha, erkaklar ulfatchilik qilib o’tirganda bir biriga qilgan muomalasi, hazil-huzuli, ulfatchilik bo’lganda qorni to’yib qolganda, to’qchilikdan keyin bir sho’xlik deydimi, kallada to’qiladigan har xil fikrlar, g’alati bir qochirim gaplar, uyatli”.
Poytaxt ko’chalaridagi ayrim kishilar askiyaga nisbatan o’z munosabatlarini mana bunday izohlashadi:
“Askiya judayam yoqadi. Eski askiyachilarimiz bor, Oxunjon qiziqlar bor, ularning askiyalarini eshitib odam dam olsa bo’ladi”.
“Askiyadan har xil odam har xil ma’no tushunadi. Shuning uchun mening fikrim, ayollar askiya aytishi bo’lmaydi. Bu aslida erkaklarning ishi-da”.
“Hayotiymas, sun’iyligining tomoni shundaki, chunki bachkana, uyatsiz ma’nolari ham bilinib turadi. Askiya deb bo’lmaydi buni”.
“Askiyaning xalqchil, bachkana bo’lmagan tomonlari insonga yoqadi”.
O’zbekistonda navro’z bayrami qayta tiklangach, xalq qadriyatlari qatori askiyaga ham katta e’tibor qaratilgan. Ayrim mutaxassislar nazarida, ayni paytda askiya xususida turli fikru-munosabatlar bo’lishidan qat’iy nazar, unga xalq ijodiyotining qadimiy turi kabi qarash lozim.