Toshkentda huquq himoyachisi Umida Niyozova yetti yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Huquq faollari hukmni qoralamoqda va O’zbekistonda ularga nisbatan tazyiq kuchayayotgani haqida ogohlantirmoqda.
Umida Niyozova ustidan boshlangan sud jarayoni juda tez o`tdi. Dushanba kuni boshlangan jarayonda guvohlar ko`rsatmasi tinglangan bo`lsa, suddning ikkinchi kuni Umidaga so`nggi so`z berildi va xuddi shu kuni kechga yaqin yetti yil qamoq jazosini belgilash haqida hukm o`qildi.
Sud jarayonida faqat Umidaning opasi va Human Rights Watch vakili Andrea Berg ishtirok etishga muvaffaq bo`lgan.
Andre Berg fikriga ko`ra, Umida o`ziga berilgan so`nggi so`zda chegarani noqonuniy kesib o`tishdan tashqari, boshqa ayblovlarning barchasini rad etgan. O`zbekistonda fuqarolik jamiyatini qurish tanqidiy fikrlarsiz amalga oshmasligini, demokratik islohotlar uchun so`z va fikr erkinligi muhumligi aytgan. Shuningdek, suddan uning voyaga yetmagan farzandi borligini inobatga olishni so`ragan.
“Sud jarayoni xalqaro huquq me’yorlariga amal qilmagan holda o`tdi. Xalqaro kuzatuvchilarning sudda ishtirok etmasligi uchun barcha harakatlar qilindi. Sud adolatsiz qaror chiqardi. Biz Umida Niyozovaning zudlik bilan qamoqdan chiqarilishini talab qilishda davom etamiz deydi,” - Andre Berg.
Umida aksilkonstitutsiyaviy materiallarni saqlash, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materialarni tarqatganlikda ayblanmoqda.
Aksilkonstitutsiyaviy material sifatida Umidaning musodara qilingan kompyuteridan topilgan, Human Rights Watchning Andijon fojealari haqida tayyorlagan “Qo`rg`oshinli yomg`ir” deb nomlangan hisoboti keltirilgan.
Andre Berg ta’kidlashicha, bu hisobot O`zbekistondagi rasmiy idoralarga ham tadqim etilgan. Sudda ekspertlarning bu hisobotni aksilkonstitutsiyaviy deb xulosa berishining o`zi g`alati.
Huquq himoyachisi Surat Ikromov ta’biricha, Umida Niyozova jarayoni kabi tez o`tgan ikki kunlik sud tajribada uchramagan.
“Umida Niyozova yuzasidan shuncha bayonotlar bo`lishiga qaramasdan, diplomatik korpus vakillari, xalqaro kuzatuvchilar va jurnalistlardan birortasi jarayonga kiritilmadi, adolatsiz va o`ta qattiq hukm chiqarildi”, - deydi Surat Ikromov.
Sud jarayonida qatnashish istagida kelgan kuzatuvchilar fikricha, Umidaga nisbatan qo`yilgan ayblarning, chegarani noqonuniy buzub o`tish aybidan tashqari, birortasi isbotlanmagan. Hukm adolatsiz, zo`ravonlik tufayli chiqarilgan.
Umida Niyozova hukmini qayta ko’rib chiqish uchun sudga apellyatsiya yo’llanishi kutilmoqda.