AQShda tibbiyot universitetiga kirish qiyin, ammo uddalasa bo'ladi

Qo’shma Shtatlarda shifokorlik eng ko’p pul topadigan sohalardan biri hisoblanadi.

Suhbatdoshimiz O’zbekistonda jarroh, hozir Indiana Ilmiy Tadqiqot Institutida ilmiy xodim bo’lib ishlamoqda.

“AQShga sobiq ittifoqdan kelgan shifokorlar internetdagi maxsus forumda bir-biri bilan muntazam muloqotda bo’ladi. Ular orasida Samarqand, Toshkent, Andijon Tibbiyot institutlarini bitirgan va hozir AQShda imtihonlarni topshirib, vrach bo’lib ishlayotganlar bor”.

Tibbiyot Institutiga kirish hamisha qiyin bo’lgan. Kimyo va biologiya kabi fanlarni ona tilida egallash nechog’lik mashaqqatli ekanini aytib o’tirishga hojat yo’q. Tasavvur qiling, o’zbekistonlik talaba yoki mutaxassis chet elda vrachlikka o’qish va ishlash uchun necha dovon va to’siqlardan o’tishi kerak?

“Bu yerda shifokor bo’lib ishlash uchun sizdan talab qilinadigan hujjat bu – vrachlik diplomi. O’zbekistonda berilgan diplom AQShda tan olinishini aytish joiz. Diplom nushasi va O’zbekistondagi tibbiyot oliygohida olgan baholar hamda o’tilgan darslar soati qayd etilgan hujjat nusxasi AQShdagi maxsus rasmiy idoraga yuboriladi. Ana shundan keyin sizga “USMLE – United States Medical Licensing Examination” nomli maxsus testni topshirishga ijozat beriladi. Uch bosqichdan iborat ana shu testdan o’tgach Amerikada shifokor bo’lib ishlash uchun litsenziya beriladi”.

Birinchi va ikkinchi bosqich anatomiya, biokimyo, mikrobiologiya, fiziologiya, pediatriya, akusherlik, ginekologiya, jarrohlik va boshqalarni o’z ichiga oladi. Har bir bosqich taxminan 7-8 soat davom etadigan bu imtihonlardan muvaffaqiyatli o’tish uchun ingliz tilini bilish qanchalik ahamiyatli?

“Men imtihonlarga endi tayyorgarlik ko’ra boshlagan paytlarimdan misol keltiray. Ingliz tilidagi tibbiyot kitoblarini o’qir ekanman, deyarli har ikkinchi so’zni lug’atdan qidirib tarjima qilar edim. Bitta kitobni ana shunday qilib o’qib bitirgach, ikkinchisida lug’at sizga kerak bo’lmay qolarkan. Barchasi tayyorgarlikka bog’liq”.

Darvoqe, AQShdagi chet ellik shifokorlar boshqalardan farqli ravishda TOEFL imtihonini topshirmaydi. Ular uchun alohida test joriy etilgan.

“Shifokorlar uchun maxsus imtihonning uchinchi bosqichi sanalmish bu sinov davomida bemor bilan muomala qilish, unga tashxis qo’yish malakasi tekshiriladi. Men dastlabki ikki bosqichdan o’tib, hozir ana shu imtihonga tayyorgarlik ko’rayapman. Sinov paytida bemorning rolini taklif qilingan aktyor ijro etadi. Vaziyat yanada hayotiy bo’lishi uchun u amerikacha dialekt-shevada gaplashadi”.

Afsuski, bu imtihonlarni O’zbekistonda toshirish imkoniyati yo’q. Bunday markazlar ayni damda Rossiyada ham mavjud emas. Imtihonni Kanada, Yevropa, Armaniston, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Qo’shma Shtatlarda topshirish mumkin.

Suhbatdoshimiz O’zbekiston va AQShda ancha kasbiy tajriba orttirishga muvaffaq bo’lgan. Unga shunday savol bilan murojaat qilamiz. Kasbiy tayyorgarlik nuqtai nazaridan AQShdagi shifokorlar Markaziy Osiyolik hamkasblaridan ustunroqmi?

“Bu savolga javob berish oson emas. Ikki davlatdagi ta’lim tizimi va davomiyligi tubdan farq qiladi. Bir jihatdan balki ustunroqdir. Gap hatto AQShdagi ta’lim jarayonining ko’proq davom etishida ham emas. Mutaxassislarning saviyasi va malakasida. Shu bilan birga, o’zim uzoq vaqt jarroh bo’lib ishlaganim uchun O’zbekistonda usta jarrohlar juda ko’p deyishim mumkin. Lekin bu yerda shifokorlarning ishlashi va tajriba orttirishi uchun imkoniyat ko’proq, albatta”.

Aytganday, Qo’shma Shtatlarda tibbiy ilmiy xodim bo’lib ishlash uchun O’zbekistonda olingan vrachlik diplomining o’zi kifoya. Maxsus imtihon topshirish sharti faqat amaliyotchi shifokorlarga qo’yiladi, xolos.

Savollarni uzbek@voanews.com manzilida kutib qolamiz.