Hukumat xorijdagi o'zbekistonliklar ustidan nazoratni kuchaytirmoqda

O`zbekiston hukumati chet davlatlarda ishlayotgan fuqarolarini ro’yxatga olishga qaror qilgan. Xorijdagi fuqarolarning nima bilan band ekani, qayerda va kimga ishlayotgani aniqlanadi.

Shuningdek, chet elda ishlashga borish uchun hukumatdan maxsus ruxsat olinadi. Bu bilan, deyiladi O’zbekiston Vazirlar Mahkamasi chiqargan qarorda, hukumat o’z fuqarolarini himoya qilishni ham ko’zlaydi. Tanqidchilar nazarida esa hukumat xorijdagi o’zbekistonliklar ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi.

Vazirlar Mahkamasi chiqargan qaror “Mehnat faoliyati uchun O`zbekistondan tashqariga chiqib ketayotgan aholini ro`yxatga olish tartibini takomillashtirish haqida” deb nomlanadi.

“Qaror mehnat faoliyatini yuritish uchun O`zbekistondan chiqib ketayotgan aholini ro`yxatini tartibga keltirish va mamlakatdan tashqarida ularning himoyasini ta’minlashga qaratilgan”, - deya izohlaydi ism-sharifini bildirmagan rasmiy.

O`zbekiston Mehnat vazirligi tegishli idoralar bilan hamkorlikda ikki oy muddatda aholining xorijda ishlashiga ruxsat beruvchi tizim ishlab chiqadi. Bunday ruxsat olish uchun to`lovning kam miqdorda belgilanishi aytilmoqda.

Kuzatuvchilarga ko`ra ijtimoiy jihatdan nochor xalq vakillari ishchi migrantlar sifatida o’zga yurtlarda tazyiqqa uchrayotgan bo`lsa, endi vatandagi qog’ozbozlik va korrupsiya ham ularning hayotini yanada og’irlashtiradi.

Farg`onalik sharhlovchi Abdusalom Ergashev nazarida qaror faqat hukumatdagi rahbarlarni pora talab qilishlariga imkoniyat beradi va korrupsiyani rijojlantiradi. “Daromad topishning normal yo`llari tugatilgan O`zbekistonda bunday kishilar hamisha topiladi”,- deydi Ergashev.

“Muhojirlikka ketuvchilar esa pora talab qilingach mamlakatdan chiqishning boshqa yo`llarini qidira boshlaydi. O`zim kuzatgan holatdan aytishim mumkinki, Farg`ona vodiysining ba’zi qishloqlarida ishga yaroqli aholining yetmish foizga yaqini muhojirlikda kun ko`rishga majbur”, - deydi u.

Tahlilchi Toshpo`lat Yo`ldoshev fikricha yangi qaror bilan hukumat ishsizlar muammosini tan olmoqda.

“O`zbekiston hukumati kulgili ahvolda qolgan. Ishsizlar borligini tan olmay desa, muhojirlar soni tobora ortib bormoqda. Hozirgi harakatlar shu ishsizlikni tan olayotganidan darak beradi. Qirg’iziston va Tojikiston ro`yxatga olishni muhojirlar kiritayotgan daromaddan qanoatlanib bepul amalga oshirayotgan bo`lsa, O`zbekiston hukumati shuni ham pullik qilib qo`ymoqchi”, - deydi u.

Sharhlovchilar ta’biricha O`zbekistondan tobora ko`proq aholi chiqib ketmoqda. Ular mamlakatning asosiy ishchi kuchi - 20 - 40 yosh orasidagi fuqarolar.

Ayrim norasmiy ma’lumotlarga ko`ra bahordan boshlab har kuni O`zbekistondan 4-5 atrofida mehnat muhojirlari chiqib ketadi. Ba’zi qishloqlarda ishga yaroqli erkaklarning o`zi qolmagan.

Yangi qaror aholini ko`proq qishloq xo`jaligi mavsumiga jalb etishni ham nazarda titishi mumkin, deydi muhojirlar muammosini yorituvchi jurnalistlardan biri.

“Qishloq xo`jaligidan, jumladan paxta va don yetishtirishdan biror manfaat ko`rmayotgan aholi, ilojsiz ravishda tashqaridan daromad izlashga mahkum. Bunday kishilar hozir ikki milliondan oshiq. Ular soni yil sayin ko`payib bormoqda. Bu qaror hukumat nazoratidan chetda bo`lgan va doirasi kengayib, yangi ijtimoiy qatlamga aylangan muhojirlarni nazoratda ushlash va boshqarishni ko`zda tutadi ”, - deydi u.

Huquq himoyachilari deydiki, asosan o`zbek bo`lgani va Rossiyaga mardikor sifatida borib, u yerda zo’ravonlikka uchragan, ayrim hollarda hatto o`ldirilgan o`zbekistonliklar soni yuzdan oshgan. Shu paytgacha, deydi faollar, hukumat bu borada biron tashvish bildirmagan.

Hukumat qog’ozda chet eldagi fuqarolarini himoya qilmoqchi, aslida esa bu hujjat ularni nazorat qilish, ulardan qo`shimcha pul undurish, deyishadi Amerika Ovozi bilan suhbatlashgan o’zbekistonliklar.