Markaziy Osiyoda Rossiya mavqei osharkan, Tojikiston kim tomonda?

Tojikiston Markaziy Osiyodagi eng kambag’al davlat bo’lib qolmoqda. Lekin jamiyat 1990-yillardagi fuqarolik urushi ketidan ancha o’ziga kelgan.

Jahon Banki tahliliga ko’ra, mamlakat iqtisidiyoti sekin, ammo bir maromda taraqqiy etmoqda.

Xalqaro moliyaviy tashkilotlar Tojikistonda korrupsiyaga qarshi kurash; mayday hunarmandlar, kichik bizneslar va ta’lim sohasi rivoji uchun yuzlab million dollar ajratgan.

Yuz minglab tojikistonliklar Rossiyaga ish izlab chiqib ketgan va aholi, Jahon Banki berayotgan ma’lumotlarga ko’ra, asosan chetdan kelayotgan daromad evaziga kun ko’radi.

Shunday bo’lsa-da, oddiy xalq orasida siyosiy-ijtimoiy munozaraga berilgan kishilarni, mamlakat kelajagini ijobiy deb baholovchi insonlarni uchratasiz.

O’zbekistondek yirik qo’shni AQSh bilan emas, Rossiya bilan aloqani kuchaytirgani Tojikistonda ham “biz kim tomondamiz”?- degan savol uyg’otmoqda.

Amerika Ovozi bilan suhbatlashgan tojikistonliklar vatan istiqbolini ko’proq Garbga moyil holda ko’radi.

Mahalliy tahlilchilardan Ulug’bek Normatovning ta’kidlashicha Rossiya va AQSh munosabatlaridagi sovuqlik ildizlarini Vladimir Putinning Rossiyada hokimiyat tepasiga kelishidan izlash kerak.

Uning fikricha bu ikki davlat o’rtasidagi munosabat Markaziy Osiyodagi mamlakatlar tashqi siyosatiga ta’sir etmay qolmaydi.

“Chunki Markaziy Osiyo uglevodorod zahiralariga boydir. Bu G’arb va Rossiya manfaatlari kesishadigan mintaqa. Prezident Putinning so’nggi chiqishlaridan keladigan ma’no shuki, u G’arb davlatlari siyosati bilan hisoblashib o’tirmaydi va endi dunyo Rossiyaning qudrati bilan hisoblashishga to’g’ri kelishini anglamog’i kerak. Yevropa Ittifoqi chamamda bunday hisoblashishga majbur, Amerika emas”,- deydi Ulug’bek Normatov.

Sobiq SSSR paytida hukumatga ishlagan va chet elda safarlarda bo’lgan jamiyatshunos Inomjon Hoji fikricha Rossiya va Amerika o’rtasida “sovuq urush” allaqachon boshlanib bo’lgan.

“Ammo bu munosabatni sobiq SSSR va AQSh o’rtasidagi munosabatlarga o’xshatib bo’lmaydi. Chunki yangi mustaqil davlatlar mavjud va ular Rossiyaga to’la bo’ysunishni istamaydi,”- deydi u.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays AQSh va Rossiya o’rtasidagi hozirgi munosabatlarga “sovuq urush” kalimasini ishlatish nojoizligini ta’kidlab, “Ochig’ini aytganda, bunday o’xshatishlar uchun hech qanday sabab yo’q”, -degan edi.

Keyingi vaqtlarda Tojikistonda Rossiyaga nisbatan qarashning o’zgarayotganligi va prezident Imomali Rahmonovning G’arb davlatlariga umidi oshayotganligi ham shundan dalolat beradi.

Jumladan, Rahmonov o’zining so’nggi chiqishida iqtisodiy masalalarda ham, umumjahon muammolarini hal etishda ham asosan G’arb davlatlari, xususan AQSh bilan hamkorlikka ko’proq e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlagan.

Markaziy Osiyo va Kavkazni ijtimoiy-siyosiy o’rganish markazi tahlilchisi Murad Esenov “Rossiya Qozog’iston,Turkmaniston va O’zbekiston singari energetik gigantlarni qol ostiga olmoqda”,- deydi.

Tahlilchilar nazarida Putinning Qozog’iston va Turkmanistonga tezkor safari muvaffaqiyatli o’tgan. Bu esa Markaziy Osiyoda yonilg’i bo’yicha muhim loyihalarni ko’zlayotgan AQSh manfaatlariga mos kelmaydi.

Vaziyat o’zgarar ekan, yonilg'iga unchalik boy bo'lmagan Tojikistonda aholi hukumat amaliy qarorlar qabul qiladi degan umidda.