NATO davlatlari AQShning qizg’in bahs-munozaraga sabab bo’layotgan mudofaa tizimi rejasini ma’qullagan.
Shuningdek, alyans a’zolari Yaqin Sharqdan kelishi mumkin bo’lgan hujumning oldini olish maqsadida mudofaa tizimini takomillashtirishga qaror qilgan.
Rossiya esa AQSh ko’zlagan tizimga qarshilik bildirishda davom etmoqda. Chexiya radar tizimini o’z hududida o’rnatib, Rossiya bilan aloqalarini buzgisi yo’q.
AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsning aytishicha, NATO davlatlari Vashington taklifini bir ovozdan yoqlagan. Hech e’tiroz bildirmagan.
Bryussel anjumani yakunida qabul qilinadigan maxsus kommyunike-hujjatda mudofaa tizimi islohotiga doir band kiritiladi. Ma’lumki, AQSh taklif qilayotgan reja Yevropaning aksariyat qismini ehtimoliy raketa hujumidan himoya qiladi. Hujjatda ana shu hol inobatda olinadi.
AQSh rasmiylari fikricha, NATOga a’zo barcha davlatlar tashabbusni ma’qullagach, Chexiya ancha yengil tortishi va radar tizimini joylashtirishdan u qadar hayiqmasligi mumkin.
Bu orada Rossiya Bosh vaziri muovini Sergey Ivanovning ta’kidlashicha, “Rossiya Polsha va Chexiyani potensial nishon deb biladi”. AQSh mudofaa tizimi, deydi u, Eron va Shimoliy Koreya tahdidining oldini olishga emas, balki Rossiyaga qarshi qaratilgan.
Rossiya AQShga radarni Chexiyada emas, Ozarbayjonda joylashtirishni taklif qilmoqda. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov nazarida ana shu tashabbus to’liq ko’rib chiqilmaguncha, Vashington mudofaa loyihasini to’xtatib turishi lozim.
AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Ozarbayjondagi radar tizimidan foydalanish taklifi ajoyib imkoniyat ekanini aytgan. Biroq, deydi u, bu – AQSh o’z rejasidan voz kechib, o’rniga Ozarbayjonda mudofaa tizimi joylashtiradi degani emas.
Mutaxassislarning so’zlariga qaraganda, Ozarbayjondagi radar texnologiyasi Chexiyada rejalangan tizimdan farq qiladi.
NATO a’zolari hozirda janubdagi mudofaani mustahkamlash ustida ishlamoqda. Chunki aynan janubdagi davlatlar Yaqin Sharqqa qo’shni. AQSh mudofaa tizimi esa bu mamlakatlarni qamrab olmaydi.