O'zbekiston kirill alifbosiga qaytadimi?

O`zbekiston latin imlosiga o`tishga qaror qilganiga 15 yildan ko`proq vaqt bo`ldi.

Biroq yangi alifbo hali amaliyotga to’liq joriy etilgani yo’q. Latin alifbosiga nisbatan qarama-qarshi fikrlar mavjud.

Hozirgacha O`zbekistonda latin imlosiga o`tish haqidagi hukumat qarori uch bora uzaytirilgan. Avvallari bu qarorlar rasman e`lon qilingan bo`lsa, bugun latin imlosiga o`tish muddati uzaytirilgani haqidagi qarorlar jamoatchilikka bildirilmaydi.

Ehtimol, shu boisdir, O`zbekiston maktablarida yana kirill alifbosiga qaytiladi degan gap-so`zlarni ko`plab eshitish mumkin.

O`zbekiston Xalq talimi vazirligi xabariga ko`ra, bunday ma’lumotlar mish-mishlarga asoslangan. O`zbekiston ta’lim tizimida latin imlosiga o`tish to`la amalga oshgan, kirill imlosiga qaytish muhokama ham qilinmagan.

O`zbekistonda amaldagi imlo kirilldaligicha qolmoqda. Latinlashtirish jarayoni to`xtagan, ko`cha-ko`ydagi, axborot vositalaridagi reklamalar kirillda va asosan rus tilida berilmoqda.

Kuzatuvchilar nazarida hukumat tomonidan latin imlosiga nisbatan ko`rsatilayotgan befarqlik natijasida ko`pchilik aholida imlo o`zgarishi ortiqcha tashvish degan xulosa shakllanmoqda.

Vaziyat shu darajaga yetganki, kirill imlosiga qaytish prezidentlik saylovlariga nomzodlarning siyosiy dasturlaridan o`rin olgan.

Prezidentlikka nomzod bo`lishini bildirgan huquq himoaychisi Abdulla Tojiboyga o`g`liga ko`ra latin imlosiga o`tish o`z muvaffaqiyatsizligini ko`rsatgan.

“Latin alifbosi respublikamizda o`zini oqlamadi. Sababi – bu bilan rahbarlar o`zbek xalqini yana 50 yilga omilikka olib keldi. Bu rahbarlarga albatta kerak edi, chunki omi odamlarni boshqarish oson. Men yana kirill alifbosiga qaytish va avvalgi tartiblarni tiklashni maqsad qilayapman”, - deydi prezidentlikka nomzod Abdulla Tojiboy o`gli.

O`zbek tili davlat tili maqomiga ega bo`lgach, mustaqilikning ilk yillarida til sohasidagi ikkinchi muhim islohot latin imlosiga o`tish haqidagi qaror bo`lgan.

Muxolifat a`zosi, tilshunos olim Baxtiyor Isabek fikriga ko`ra, bu qaror o`zbek tilining maqomini mustahkamlash uchun, mustaqilikning ramzi sifatida qabul qilingan.

“Latin yozuviga o`tishimiz, birinchidan, shu jarayonni e`tirof qilish, ruslar bosib olishi natijasida zo`rlik bilan o`z yozuvlarini o`tkazganligidan voz kechish; biz endi mustaqil bo`ldik, rus yozuvini olishimiz kerak emas; undan imperializmning hidi kelib turadi; endi baynalminalroq lotin yozuvini olaylik, degan qarorni bildirish edi”, - deydi Baxtiyor Isabek.

Mustaqilikdan keyin hozirga qadar latin yozuvi O`zbekistonda to`liq joriy etilmadi. Ko`pchilik nazarida bu ortiqcha tashvishdek ko`rina boshladi.

Baxtiyor Isabekning aytishicha, bu fikrlar ko`proq imlo o`zgarishi mohiyatini tushunib yetmagan yoki undan manfaatdor bo`lmagan odamlar tomonidan bildirilmoqda.

“Birinchi navbatda hukumatning o`zi latin yozuviga o`tmadi. Buni xohlamayapti. O`sha paytda ham latin yozuviga o`tishning tarafdori emas edi. Bunaqalar ko`p – nima uchun qiynalib boshqa bir imloni o`rganishim kerak deydi. Mana shu psixologiya bor. Bu milliy g`urur shakllanmagani, hozirgi hukumat milliy g`ururuni shakllantirish uchun hech narsa qilmayotganligiga borib taqaladi”, - deydi Isabek.

Jamiyatshunos Kamron Aliev imlo masalasi vaqt talab qiladigan mavzu, aksariyat kitob boyliklari hammasi kirill alifbosida deydi.

“Bunday sharoitda kirillitsani imkoniyat boricha ushlab turish kerak. Lekin baribir bu uzoq bo`lishi kerak emas va oqibatda biz latin alifbosiga o`tishimiz zarur. Lekin hozirgi yaqin yigirma yilliklarda ikkinchi xalqaro til rus tili bo`lib qolayotganligini ham e`tiborga olish kerak”, - deydi Aliyev.

Adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul ta’biricha, hozirgi bahslardan qat’iy-nazar bir nechta avlod latin imlosida savod chiqarmoqda, ular kirillda o`qishni istashmaydi.

“Kirillda o`qiydigan odamlarning gapi boshqa. Lekin yoshlarga bu qanday ta’sir qiladi? Bolamga kirilldagi narsani o`qi desam, buni o`qiy olmayman deydi. Men uni qanday majburlayman?”

“Ozarbayjon adabiyotini yaxshi ko`raman, usmonli turklar adabiyotini o`qishga harakat qilaman. Bu jihatdan latin yozuvi menga o`ng`ay. Imlo qozoq, qir`giz, turkman tiliga o`tsa, turkmanlar ham lotinda yozishayapti. Bir-ikkita adabiyotlarni qarasam, oldingi kirilldagi turkman tilidan ko`ra latindagisini tushunish o`ng`ayroq tuyuldi menga”, - degan misollarni keltiradi adabiyotshunos Ibrohim Haqqul.

Kuzatuvchilar nazarida kelajakda mintaqadagi turkiy davlatlarda latin yozuvi asosiy imloga aylanadi.

Hozir Ozarbayjon va Turkmaniston latin imlosiga o`tgan. O`zbekistonda bu qisman joriy etilgan. Qozog`istonda ham shunday tashabbuslar bormoqda.