Fan, madaniyat va ta’lim bo`yicha xalqaro islom tashkiloti 2007 yilda Toshkentni Islom poytaxti sifatida e`lon qilgan. Bu voqea O`zbekiston matbuotida keng yoritildi. Toshkentda islom mavzusiga oid bir necha xalqaro konferensiyalar o`tkazildi.
Mutaxassislar fikriga ko`ra, islom tarixi, madaniyati va taraqqiyoti haqida gapirilganda Imom al Buxoriy, Naqshbandiy, Ahmad Yassaviy va shu kabi ko`plab allomalar yaratgan qomusiy ishlarni e’tirof etmasdan bo`lmaydi.
Tarixan Turkiston tuprog`i islom dunyosining shakllanishi va taraqqiyotida o`ta muhim o’rin tutgan.
Biroq mustaqillikdan keyin, deydi kuzatuvchilar, aholi e`tiborini qozongan islom peshvolari jamiyatdan chetlatilib, ba’zan izsiz yo`qolib ketmoqda.
Hukumat nazarida O`zbekistonda diniy ekstremizm tahdidi kuchli. Yuzlab fuqarolar ekstremistik faoliyati uchun qamoqqa tashlangan.
Toshkentdagi masjidda nomozxonlardan biri diniy ekstremizm tahdidi yo’qligini O`zbekiston aholisi yaxshi tushunib qolgan deb hisoblaydi. Qaysi yo`l to`g’riligi farqiga borib bo`lgan, hozir asosiy tahdid missionerlar, deydi u.
Huquq himoyachisI Azam Turg`unovning so’zlariga qaraganda, diniy ekstremizm bo`yicha ayblanib, jazo muddatini o`tab chiqqan kishilar ustidan qayta jinoiy ish qo`zg`atish harakatlari kuzatilmoqda.
“O`zbekistonda “Hizbut tahrir” faoliyati deyarli yo’qolib ketgan. Hozir eski, 4-5 yil avvalgi ishlar bo`yicha odamlarni yana qamash boshlangan. Mana yaqinda besh ayolni 4-5 yil avvalgi ish uchun qamashdi. Oldin varaqa tarqatgani haqidagi vajlar ko`rsatilayotgan bo`lsa, hozir hech qanday isbot-dalil keltirilmaydi. Hech bir dalillarsiz qamoqqa olinaveradi”, - deydi A’zam Turg`unov.
Huquq himoyachilaridan biri Surat Ikromov diniy ekstremizm bo`yicha sudlar yopiq o’tishi bois bu jarayonlarga xolis baho berib bo`lmaydi deydi.
Ayrim ekspertlar diniy ekstremizm aynan hukumatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatdagi layoqatsizligi, shuningdek, so`z va fikr erkinligi cheklangan jamiyat vujudga kelganidan ham oziqlanadi.