Edmund Muskie stipendiyasini qanday qilib qo'lga kiritish mumkin?

AQShda o’qishni istagan yoshlar izlanishni avval qayerdan boshlaydi? Tabiiyki, internetdan. Xususan, AQShning O’zbekistondagi e’lchixonasi veb saytidan. Suhbatdoshimiz ana shu yo’l bilan o’ziga mos o’quv dasturi haqida xabar topgan.

“Jurnalistikaga qiziqqanim uchun Edmund Muskie Graduate Fellowship dasturiga qatnashishga qaror qildim. O’zbekistondan 10 kishidan ortiq mutaxassis tanlab olingan. Jurnalistika yo’nalishi bo’yicha ikki kishi edik”.

U sinovdan muvaffaqiyatli o’tib, ayni damda bir yillik ta’lim dasturi doirasida Texas Universitetida [University of Texas in Arlington] tahsil olmoqda.

Edmund Maski (Edmund Muskie) AQSh zamonaviy siyosiy tarixida tanilgan shaxslardan. 1950-1990-yillar orasida gubernator, senator va davlat kotibi lavozimlarida xizmat ko’rsatgan. 1970-yillarda esa prezidentlikka intilgan.

Bugun uning nomiga qo’yilgan o’quv dasturi sobiq ittifoqning 13 davlati yoshlariga Amerikada magistrlik darajasini olish uchun imkon beradi. Jumladan, O’zbekiston, Qirg’iziston, Qozog’iston, Tojikiston va Turkmaniston fuqarolariga. 1992 yilda asos solinganidan beri yuqorida tilga olingan davlatlardan minglab yoshlar dastur yordamida bilim olgan.

Dastur AQSh Davlat departamenti tomonidan nazorat qilinadi. Lekin uni yuritish vazifasi IREX nohukumat tashkilotiga topshirilgan. IREX O’zbekistondagi vakolatxonasini rasmiy Toshkent bosimi ostida 2005 yilda yopishga majbur bo’lgan. Biroq O’zbekiston yoshlariga va mutaxassislarga AQSh hukumati tomonidan moliyalangan dasturlarni taklif etishda davom etmoqda. Internetda tashkilot haqida www.irex.org sahifasida bafurja ma’lumotlar olishingiz mumkin.

Edmund Muskie dasturi orqali jurnalistika va ommaviy axborot vositalari, biznes boshqaruvi, iqtisodiyot, siyosatshunoslik, xalqaro munosabatlar, huquq, ta’lim, sog’liqni saqlash, atrof-muhit hamda kutubxona va informatsiya kabi sohalarda o’qish mumkin. Biz bilan taassurotlarini o’rtoqlashgan o’zbekistonlik talaba Amerikada o’qib, malaka oshirish eng muhimi deydi.

“Siz ikki yil va bir yarim o’qib, magistrlik diplomini qo’lga kirita olasiz. Yoki Qo’shma Shtatlarda bir yil malaka oshirasiz. Sizga hech qanday diplom yoki ilmiy daraja berilmaydi. Men aynan malaka oshirish uchun kelganman”.

Tanlov har yil kuzda, oktyabr oyida e’lon qilinadi. Qiziqqanlar AQSh elchixonasi veb-saytidan muntazam boxabar bo’lib turgani ma’qul.

“Dasturda g’olib bo’lish go’yat qiyin. O’tgan yili sinovdan o’tgan har bir ishtirokchi 250 odamning ichidan tanlab olingan. Go’lib bo’lish ingliz tilini bilish va gapira olish qobiliyatiga uncha bog’liq emas. Muhimi, mutaxassis o’z sohasining ustasi bo’lishi, yangi g’oya, yondashuv, fikr bilan chiqishi zarur”.

Birinchi talablardan biri biror muhim soha yoki masalaga yangi yechim, innovatsion yondashuv taklif qilish. Bu taklifni yozma tarzda, qisqa va lo’nda qilib bayon etish.

“Muhimi, mana shu yozma loyihani avval ingliz tilini biladigan mutaxassisga ko’rsating. Tekshirib bersin. Chunki uni amerikaliklar o’qiydi. Bayon ravon, tekis, aniq qilib yozilgan bo’lishi kerak”.

Bu bosqichdan muvaffaqiyatli o’tgach esa navbat suhbatga. Bu eng muhim sinov, deydi suhbatdoshimiz.

“O’tgan yili elchixonada olti nafar amerikalik mutaxassis biz bilan suhbat qilgan edi. Intervyu kamida 30 daqiqa davom etadi. Ana shu vaqt ichida siz ularda ijobiy taassurot qoldirib, loyihangiz haqiqatan ham O’zbekiston uchun muhim ekanini isbotlab bera olishingiz kerak. Ingliz tilida albatta”.

Nihoyat barcha raqiblarni ortda qoldirib, suhbat chog’ida hammaning e’tiborini qozona oldingiz. Keyinchi?

“Eng oxirida ingliz tilini bilish qobiliyatingiz tekshiriladi. TOEFLdan tashqari, GRE imtihoni ham bor. Menimcha, dastur tashkilotchilari uchun GREni qanday topshirishingiz unchalik muhim bo’lmasa kerak. Muhimi – sizning shaxsiyatingiz, malakangiz, intiluvchanligingiz. Ingliz tilida fikringizni yetkazib bera olsangiz – shuning o’zi ular uchun ahamiyatli, nazarimda”.

AQSh rasmiylarning aytishicha, eng sara, iqtidorli yoshlar tanlanadi. Chunki bunday yoshlarga ko’maklashish ularning vataniga yordam berish bilan barobar. Toki bu yoshlar yetuk mutaxassislar sifatida ona yurtiga qaytib, mamlakat taraqqiyotiga hissa qo’shsin.

Amerikada o’qish haqida savollarni uzbek@voanews.comga yo’llayvering. Ko’plab savollarga Amerika Ovozining internetdagi sahifasida – amerikaovozi.comda javob topish mumkin. www.amerikaovozi.com.