AQSh Erondan Iroq ichki ishlariga aralashmaslikni so'ramoqda

AQShning Iroqdagi elchisi Rayan Kroker Bag’dodda Eron rasmiylari bilan muzokara o’tkazgan. Asosiy masala – Iroq xavfsizligi.

Amerika rasmiylari muzokarada o’rtadagi barcha muammolarni emas, balki ular nazarida eng muhimi - Iroqda tinchlikni tiklash mavzusini muhokama qilgan. Vashington rasmiylari tili bilan aytganda, Erondan Iroqdagi “hatti-harakatlarini to’g’rilab olish” so’ralgan.

Rasmiy Tehron Iroq tinchligi uchun yordamga tayyor ekanini bildirib keladi, lekin Iroq va AQSh bunga ishonchsizlik bilan qaraydi. Eron mazhablarlaro nifoqlar ortida turganlikda va jangarilarni zimdan qurol bilan ta’minlayotganlikda gumon qilinadi. Eron ayblovlarni rad etadi.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Shon Makkormak, Eron may oyidagi birinchi muzokaradan keyin biror ijobiy qadam qo’ymadi, deydi.

"Bu safargi muzokara samara beradi deyishga biror sabab yo’q. Lekin AQSh diplomatik yechim topishga tayyor ekanini isbotlamoqchi. AQSh Davlat kotibasi natijaga qarab qaror qiladi",- deydi Shom Makkormak.

Bag’doddagi so'nggi muzokara asosan AQSh elchisi Rayan Kroker va Eron elchisi Hassan Kozimiy o’rtasida kechgan. Iroq rasmiylari uni kuzatgan, biroq muloqotga aralashmagan.

AQSh diplomatlarining aytishicha, Eronda josuslikda ayblanib, sudga tortiladi deyilayotgan amerikaliklar masalasi bugungi uchrashuvda ko’tarilmagan.

Lekin Vashington Tehronni ularni ozod etishga chaqirib kelmoqda. Eron rasmiylari fikricha Amerikada faoliyat ko’rsatgan bu shaxslar davlat xavfsizligiga rahna solgan. Amerika rasmiylari nazarida esa ular ilm-fan namoyondalari va huquq faollari.