AQSh, Rossiya qurol nazoratiga doir bitimni yangilamasligi mumkin

Rossiya Yevropada oddiy qurollar bo’yicha bitimda ishtirokini to’xtatgan. Shuningdek, O’rta masofadagi yadro kuchlari bo’yicha kelishuvdan ham chiqishi haqida ogohlantirmoqda.

Vashington va Moskva o’rtasida Strategik hujum qurollarini qisqartirish va cheklashga doir yana bir shartnoma, qisqacha START-1, hali ham amalda.

START-1 bo’yicha muzokaralar 1980 yillarda boshlangan bo’lib, 1991 yili AQSh prezidenti keksa Jorj Bush va SSSR rahbari Mixail Gorbachyov tomonidan imzolangan edi. Uch yil o’tib bitim kuchga kirgan.

Kelishuvga ko’ra, AQSh va Sovet Ittifoqi arsenalidagi uzoq masofali yadro raketalari soni 6 mingdan, ularni tashuvchi moslama va suvosti raketalar soni esa 1,600 dan oshmasligi kerak edi.

“Bitim AQSh va Rossiya o’rtasida qurollarni nazorat qilishda puxta monitoring tizimini yo’lga qo’ydi. Ikki mamlakat inspektorlari shartnoma asosida yadro raketalari joylashgan bazalarni vaqt-vaqti bilan ko’zdan kechiradi, yadro arsenaliga doir axborot almashib turadi,” - deydi qurollarni nazorat qilish uyushmasi deb nomlanuvchi xususiy kompaniya rahbari Deril Kimbol.

Vashington va Moskva shu paytgacha START-1 talablariga rioya qilib kelgan. Bitim 2009 yil dekabrigacha amal qiladi. Oq uy va Kreml rasmiylari START-1 ning bundan keyingi taqdirini muhokama qilar ekan, Rossiya uzoq masofali raketalarini yangilamoqda.

Deril Kimbolning aytishicha, Rossiya may oyida Topol-M rusumidagi yangi ballistik raketasini sinovdan o’tkazgan. Raketa birdaniga bir necha yadro snaryadi bilan ucha oladi. Eskirib qolgan SS-18 qit’alar-aro ballistik raketalardan esa ortiq foydalanilmaydi.

“Agar raketalar xavfsizlik uchun kerak bo’lsa, ularni sinamay iloji yo’q. Bundan tashqari START bitimi raketa sinovlarini taqiqlamaydi,” - deydi tahlilchi Maykl Livay.

Mutaxassislar nazarida Bush va Putin START-1 shartnomasini uzaytirishga kelisha olmasligi mumkin. Shunga qaramay muzokaralarni to’xtatmaslik lozim, deydi Deril Kimbol.

“Bugun AQShda ham, Rossiyada ham 4 mingta strategik yadroviy boyegolovka bor. Sovuq urush davridan ko’p narsa o’zgargani yo’q. Hali ham ikki davlat bir-birini yer bilan yakson qilish uchun yetarli qurolga ega.”

Kimbol va boshqa ekpertlarning aytishicha, agar Bush va Putin kelisha olmasa, bo’lajak rahbarlar tashabbusni qo’lga olib, 2009 yil dekabrigacha START-1 muddatini uzaytirish lozim bo’ladi.