Qirg’iziston janubida, O’sh shahrida O’zbekiston Ichki Ishlar vazirligining vakolatxonasi ochiladi. Bu haqda Qirg’iziston va O’zbekiston ichki ishlar vazirlarining yaqinda O’shda o’tgan uchrashuvidan keyin ma’lum bo’ldi.
Qirg’iziston Ichki Ishlar vaziri Bo’lo’tbek No’g’o’yboyevning aytishicha, qirg’iz militsiyasi ham Andijon shahrida o’z vakolatxonasini ochadi.
“O’zbekiston Ichki Ishlar vazirligi zobiti O’sh viloyat Ichki Ishlar boshqarmasining ma’muriy binosida ishlaydi. Bizning xodimimiz esa Andijonda faoliyat yuritadi. O’zaro aloqalarimiz ikki davlat konstitutsiyasi va boshqa huquqiy me’yorlar doirasidan chiqmagan holda rivojlanadi”, – deydi Bo’lo’t No’g’o’yboyev.
Ayrim tahlilchilar nazdida ikki davlat huquq-tartibot idoralari o’rtasida hamkorlik yo’lga qo’yilganini ijobiy baholash mumkin. Siyosat fanlari nomzodi Iqbol Mirsaitovga ko’ra hamkorlikni avvalroq boshlash mumkin edi.
“Hechdan ko’ra, kech bo’lsa-da, umumiy manfaatlardan kelib chiqib ish boshlash yaxshi natija berishi mumkin”, - deydi tahlilchi.
Advokat Rustam Mamazokirov O’shda o’zbekistonlik qochqinlar huquqlarini himoya qilish bilan shug’ullanadi. Uning aytishicha, jinoyatchilikka qarshi ikki davlat o’rtasida yo’lga qo’yilayotgan hamkorlikni olqishlash mumkin, qachonki, bu hamkorlik qonunlar doirasida amalga oshirilsa.
Ammo Rustam Mamazokirov va u singari huquq himoyachilarining tashvish bildirishlaricha, O’zbekiston Qirg’iziston janubida ichki ishlar vakolatxonasini ochish orqali qochqinlar va siyosiy muxoliflarni ta’qib qilish hamda ularga tazyiq o’tkazishni kuchaytirishi mumkin.
Qirg’iziston janubida o’zbekistonlik qochqinlar yoki qirg’iz fuqarolarining sirli tarzda yo’qolib qolishlari bir necha marta qayd qilingan. Odatda bunday hollarda shubha-gumonlar asosan O’zbekiston maxsus xizmatlariga qaratiladi.
Masalan, o’tgan 2006 yilning avgust oyida O’shda yashayotgan andijonlik qochqinlar Isroil Xoldorov, Valijon Bobojonov va Saydullo Shokirovlar g’oyib bo’lgan. Xalqaro tashkilotlar hamda mahalliy huquq himoyachilariga ko’ra, ular o’zlariga qochqinlik maqomi berilishi oldidan o’zbek maxsus xizmatlari tomonidan o’g’rilangan.
2005 yilning 11 oktyabr’ kuni O’sh shahrida yashovchi qirg’izistonlik fuqaro Azizullo Teshayev yo’qolgan. Yaqinlarining aytishicha, u 2005 yilning may oyida yuz bergan Andijon qirg’iniga aloqadorlikda ayblanib, qirg’iz militsiyasi tomonidan so’roqqa chaqirilgan va o’zbek maxsus xizmatlariga berib yuborilgan.
2003 yilning sentyabr’ oyida O’zgan shahrida yashovchi 41 yoshli mulla Sodiqjon Rahmonov mahalliy militsiya bo’limiga chaqirilgan. Guvohlarga ko’ra, u o’zbek maxsus xizmatlari tomonidan olib ketilgan.
Yuqorida nomlari sanab o’tilgan shaxslarning barchasi keyinchalik O’zbekistonda turli muddatga qamoq jazosiga hukm qilingani ma’lum bo’lgan. Bunga o’xshagan ko’plab misollarni keltirish mumkin.
Advokat Rustam Mamazokirov O’shda va Andijonda ochilajak vakolatxonalar militsiya xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlarida qo'la keladigan vosita bo’lib qolmasligi uchun mahalliy faollarni xalqaro jamoatchilik bilan hamkorlikda ishlashga chaqiradi.
Siyosatshunos Iqbol Mirsaitov esa maqsad O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi uchun Qirg’iziston hududida siyosiy raqiblarni ta’qib qilish imkoniyatini yaratish emasligini, balki jinoyatchilikka qarshi kurashning samaradorligini ta’minlash ekanini aytadi.