Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti qatorida, AQSh ham Qozog’istonda o’tgan saylovlarni tanqid ostiga olmoqda. Unda prezident Nursulton Nazarboyevning Nur-Otan partiyasi g’alabani qo’lga kiritgan edi.
Saylovda Nur-Otan partiyasi 88 foiz ovoz to’plab parlamentning quyi palatasida 98 o’rinni qo’lga kiritgan. Muxolifatchi guruhlardan hech biri saylanish uchun zarur 7 foiz ovoz yig’a olmagan.
AQSh Davlat departamenti vakili Gonzalo Gallegos Qozog’iston Markaziy Saylov komissiyasi faoliyatini olqishlab, saylov-oldi kampaniyasi bu safar yaxshiroq o’tganini qayd etadi. Ammo saylov xalqaro andozalarga javob bermagan.
“Saylovda jiddiy kamchiliklar kuzatildi, jumladan parlamentga saylanish uchun eng kam ovoz miqdori yuqori, ya’ni 7 foiz deb belgilandi,” - deydi AQSh vakili. “Qozog’iston saylov haqidagi qonunni isloh qilib, kamchiliklarni tuzatadi degan umiddamiz.”
Muxolifatchi siyosatchilar esa saylovda ovozlarni sanashda qonunbuzarlikka yo’l qo’yilganini aytmoqda. Ular nazarida haqiqiy saylovda Nur-Otan partiyasi deyarli 90 foiz ovoz to’play olmagan bo’lardi.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotiga ko’ra, saylov uchastkalarining 40 foizida ovozlar noto’g’ri sanalgan.
Prezident Nazarboyev muxolifatchi siyosatchilar bitta ham o’rinni qo’lga kirita olmaganidan afsusda ekanini aytgan, lekin bundan parlament faoliyati zarar ko’rmaydi degan. Hozirgacha Qozog’istonda o’tgan hech bir saylov erkin va adolatli deb tan olingani yo’q.