Qozog'iston o'zini mintaqaviy yetakchi deb tanishtirmoqda

2009 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashikilotiga raislik qilish niyatidagi Qozog’iston parlamentida prezident Nursulton Nazarboyevning Nur-Otan partiyasi hukmron.

Muxolifat o'tgan hafta parlamentga saylana olmadi.

Xalqaro tashkilotlar va AQSh nazarida saylov jarayoni xalqaro andozalarga javob bermagan.

Saylovda aholining 65 foizi ishtirok etgan - 2004 yilga qaraganda 8 foizga ko’p.

Ammo prezident Nursulton Nazarboyevning Nur-Otan partiyasi parlamentda barcha o’rinlarni qo’lga kiritgani, tanqidchilar va muxolifatchi guruhlar nazarida, demokratiyadan dalolat bermaydi.

“Saylovdan so’ng Qozog’iston parlamentidan rivojlangan davlatlarnikiday faoliyat yurita boshlashni kutmaslik lozim. Bu Qozog’iston uchun yangi yo’l”, - deydi elchi Erlan Idrisov.

56 davlat a’zoligidagi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti saylovni demokratiya tomon qadam deb ta’riflagan, ammo saylov jarayonida qonunbuzarliklar, jumladan saylov uchastkalarining 40 foizida ovozlar noto’g’ri sanalganini qayd etadi.

AQSh Davlat departamenti vakili Gonzalo Gallegosning aytishicha, saylovda jiddiy kamchiliklar kuzatilgan. Amerika Qozog’istonni saylov haqidagi qonunni isloh qilishga undamoqda.

Qozog’istonning AQShdagi yangi elchisi Erlan Idrisovning aytishicha, xalq 15 yil ichida erishilgan iqtisodiy taraqqiyot uchun ovoz bergan. Rasmiy Ostona tanqidlarga shunday javob bermoqda.

Vashingtonda so’zlar ekan, elchi Idrisov Qozog’iston Markaziy Osiyodagi asosiy iqtisodiy kuch va siyosiy taraqqiyot ham aynan shu davlatda yorqinroq sezilmoqda dedi.

Qozog’iston mintaqada iqtisodiy jihatdan eng yuqori ko’rsatkichlarga ega.

“Mamlakatda iqtisodiy o’sish 2000 yildan beri har yili deyarli 10 foizni tashkil etadi. Mustaqillikni qo’lga kiritganida aholi boshiga daromad 500 dollarga yetmas edi, ayni paytda esa bu raqam deyarli 6000 ming dollarni tashkil etmoqda”, - deydi elchi Idrisov.

Vashingtonda G’arbga qarshi ittifoq deb ko’rilayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti yaqinda eng katta harbiy mashqlarini o’tkazdi. Unga O’zbekiston, Tojikiston, Qirg’iziston, Rossiya va Xitoy bilan birga, Qozog’iston ham a’zo. Tashkilotga AQSh o’ziga dushman deb biluvchi Eron ham qo’shilmoqchi.

Rasmiy Ostona ham Rossiya va Xitoy, ham AQSh va butun G’arb davlatlari bilan munosabatlarini qanday muvozanatlashi mumkin?

Qozog’istonning Vashingtondagi elchisi ta'biricha Qozog’iston Markaziy Osiyo iqtisodini tebratishdek ishni bajarar ekan, G’arb ham Sharq ham unga yaqindan quloq tutadi.

“Harbiy yoki iqtisodiy bo’ladimi, mushtarak manfaatlar asosida hamkorlik qilishning yo’llari ko’p. AQSh Qozog’istonga strategik hamkor. Shu bilan birga, Rossiya, Hindiston, Eron, Yevropa Ittifoqi va Fors ko’rfazi davlatlari bilan yaxshi aloqadamiz”, - deydi elchi Erlan Idrisov.

Iqtisodiy taraqqiyot ko’rsatkichi mintaqadagi boshqa davlatlarda ancha sust. Qozog’iston qo’shnilariga qanday yordam bermoqchi?

Qozog’iston nazarida butun mintaqada iqtisodiy islohotlarni quvvatlash kerak. Islohotlarsiz, Markaziy Osiyo oldinga siljimaydi, deydi elchi Idrisov.

“Chegarani ochishdan toptib, erkin savdogacha; bank tizimlarini yangilash, rivojlantirish va sarmoya olib kirish bobida yordamga tayyormiz”, - deydi Qozog’iston elchisi.

O’zbekiston, deydi diplomat, mintaqa kelajagini hal etuvchi mamlakat. "Unga ham yordam beramiz, ham hamkorlik qilamiz. Yaqinda imzolangan bitimlar ham shuni ko’zlaydi",- deydi Idrisov.