AQSh: O'zbekistonda diniy ahvol yaxshilangani yo'q

AQSh Davlat departamenti 198 davlatda diniy erkinlikka doir ahvolni yorituvchi hisobotini chop etdi. Har yilgi bu hisobot Kongressga taqdim etiladi va repressiv siyosat yurituvchi davlatlarga sanksiya qo’yishda qo’llaniladi.

Hisobotda yozilishicha, o’tgan yil mobaynida Iroqda mazhablar-aro zo’ravonlik avj olgan. Barcha din vakillarini ta’qib qilish, o’g’irlash, o’ldirish hollari ko’paygan. Zo’ravonlik tufayli diniy ahvol salbiylashgan, deydi rasmiylar.

Bu yili Vetnam, Saudiya Arabistoni, Bangladesh, Hindiston va Turkmaniston, diniy diskriminatsiyaga qarshi kurashayotgan davlatlar qatoriga qo’shilgan.

O’zbekiston hamon alohida tashvishga molik davlatlar ro’yxatida. Bu qora ro’yxatdan Xitoy, Birma, Eritrea, Eron, Shimoliy Koreya, Saudiya Arabistoni va Sudan ham joy olgan.

Davlat departamentiga ko’ra, O’zbekistonda masjidlar faoliyati va dindorlar hukumat nazorati ostida. Hukumat dindorlar haqida xususan mahalla qo’mitalari orqali ham ma’lumot to’playdi.

AQShning diniy erkinlik bo’yicha elchisi Jon Xenfordning aytishicha, Saudiya Arabistonida ahvol biroz yaxshilangan. Nasroniy, yahudiy, hindu va buddistlarni ta’qib qilish hollari kamaygan.

AQSh hisobotida, Xitoy hukumati nasroniylarni, tibetlik buddistlarni va uyg’urlarni ta’qib qilishda davom etayotgani aytiladi. Kelasi yil Olimpiya o’yinlari oldidan chet ellik diniy faollar mamlakatdan chiqarilgan, ularga viza rad etilgan.