“Vashington Post”dagi (Washington Post) maqola aynan shunday deb nomlanadi.
Muallif – Moskvadagi Siyosiy va harbiy tahlil institutining bo’lim rahbari Aleksandr Xramchixin. U Shanxay Hamkorlik Tashkilotining ikkita asosiy yo’nalishini ta’kidlaydi – harbiy va iqtisodiy.
Biroq, deya yozadi Xramchixin, iqtisodiy yo’nalish ustuvordir, chunki Rossiyaga ham, Xitoyga ham Markaziy Osiyo tabiiy resurslari zarur. Rossiya ularni mintaqadan olib chetga sotmoqchi bo’lsa, Xitoyga ular o’z iqtisodiyoti uchun zarur. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Markaziy Osiyo tabiiy resurslarini nazorat qilish uchun qulay vosita deydi moskvalik tahlilchi.
Tashkilotning harbiy yo’nalishiga ko’p jihatdan unda hozircha kuzatuvchi vazifasini o’tayotgan Eron qiziqyapti, deydi Aleksandr Xramchixin.
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Eron uchun AQSh va Isroilning ehtimoliy hujumidan himoya, biroq boshqa tarafdan Rossiya va Xitoy Eron xavfsizligi uchun javob berishni istamaydi va shu sabab Eron hali-beri tashkilotga to’laqonli a’zo bo’la olmasligi mumkin.
Afg'onistonda siyosiy inqiroz
AQShning “Nyu-York Tayms” (New York Times) gazetasining yozishicha, Afg’oniston siyosiy inqiroz yoqasida. Afg’oniston parlamentining quyi palatasi may oyida tashqi ishlar vazirini ishdan olish uchun ovoz bergan, biroq mana to’rt oydirki, Rangin Dadfar Spanta hali ham o’z lavozimidan ketgani yo’q. Chunki, deb yozadi “Nyu-York Tayms”, vazirni president Hamid Karzayning o’zi himoyasiga olgan.
Bunday vaziyatda parlamentdan joy olgan sobiq dala qo’mondonlari va mujohidlar va prezident o’rtasidagi munosabatlar o’ta keskinlashishi mumkin.
Prezident tanqidchilari tashqi ishlar vaziri ishdan ketmaguncha parlament ishini boykot qilishlarini, 50 ka yaqin qonun chiqaruvchi parlamentni tark etishini bildirgan. Ayrim mutaxassislar bunday vaziyatni xavfli deb atamoqda, chunki xalqning saylangan amaldorlarga ishonchi yo’qolishi mumkin.
Yangi konstitutsiya yozilayotgan paytda Hamid Karzay dala qo’mondonlari ta’sirini susaytirish uchun kuchli prezidentlik tizimini joriy etish g’oyasini himoya qilgan, shimoldagi guruhlar esa pashtunlarning hokimiyat tepasidagi ko’p yillik mavqeini zaiflashtirish uchun parlament respublikasini taklif qilgan. Oxir-oqibatda Karzay ustun keldi.
Iqtisodiyot yaxshilanmas, Tolibon kuchayib xavfsizlik susayar ekan, xalqning prezident Karzayga ishonchi so’na boshladi.
Bundan muxolifat o’z yo’lida foydalana boshladi va mart oyida pashtun bo’lmagan qonun chiqaruvchilar va siyosatchilar Shimoliy Front koalitsiyasiga asos soldilar. Guruh qator konstitutsion o’zgartirishlar orqali prezident vakolatini zaiflashtirish va siyosiy partiyalar ta’sirini kuchaytirishni o’z oldiga maqsad qilib olgan.
“Nyu-York Tayms” Afg’onistondagi jarayonni demokratiyaning tabiiy alomatlari bo’lishi mumkin deb yozadi, biroq sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdullaning gazetaga aytishicha, Afg’oniston demokratiyaning bunday sinoviga dosh bera olmasligi mumkin.