Deyarli 10 daqiqalik chiqishida Vladimir Norov Orol dengizi muammosi, Markaziy Osiyoda tabiiy resurslardan tejamli foydalanish, mintaqaviy xavfsizlik va islom madaniyati mavzularini ko’tardi.
Qishloq xo’jaligi keng rivojlangan O’zbekistonda suv tanqisligi asosiy muammolardan biri.
Islom Karimov mintaqadagi ayrim davlatlarni ular orqali o’tayotgan daryolar bo’yida gidroelektrostansiyalar qurishga berilganlikda ayblaydi. Norov prezident Karimov tomonidan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining avgust sammitida ko’tarilgan masalani qaytardi.
Prezident ham, tashqi ishlar vaziri ham o’z tanqidlarida biror davlatni tilga olmagan bo’lsada, Sir-Daryoning yuqori oqimida joylashgan Qirg’iziston va Amu-Daryoning yuqori oqimida turgan Tojikiston nazarda tutilgani sir emas.
Tojikiston faol ravishda gidroelektrostansiyalar qurmoqda. Turkmaniston sun’iy ko’l barpo etdi. Qirg’iziston esa To’xtag’ul suv omboridan suvni yozda kam, qishda esa ko’p chiqarishi oqibatida O’zbekistonda yozda suv tanqis, qishda esa toshqinlar kuzatiladi.
BMT Bosh Assambleyasidagi nutqining yarmini Vladimir Norov suvni BMT hujjatlari va xalqaro normalar asosida tejash va teng ishlatish zarurligiga bag’ishladi.
Afg’oniston masalasiga to’xtalar ekan, O’zbekiston tashqi ishlar vaziri barqarorlikka harbiy yo’l bilan emas, balki u yerda iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal qilish orqali erishish mumkin dedi.
Norov nutqining ikkinchi qismi diniy va madaniy bag’rikenglik haqida bo’ldi. Vazir O’zbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, hukumatning islom dini taraqqiyotiga qo’shayotgan hissasi haqida gapirdi.